Polsha oliy ta’lim va fan vaziri: “albatta ko‘rish kerak”
Polsha Respublikasi oliy ta’lim va fan vaziri Marchin Kulasek O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida noyob tarixiy artefaktlar va boy ekspozitsiyalar orqali O‘zbekiston o‘tmishini kengroq anglash, ayniqsa, yosh avlodni milliy tarix bilan yaqindan tanishtirish imkoniyati yaratilgan va Markazni albatta borib ko‘rishga arziydigan muzey deb atadi.
Polsha Respublikasi oliy ta’lim va fan vaziri Marchin Kulasek boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, uning ekspozitsiyalari, tarixiy artefaktlari va zamonaviy muzey texnologiyalari bilan tanishdi.
Tashrif davomida mehmonlarga O‘zbekiston hududida shakllangan qadimiy sivilizatsiyalar, ilm-fan va madaniyat taraqqiyoti, shuningdek, buyuk allomalarning jahon ilmiy tafakkuriga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot berildi.
Marchin Kulasek, Polsha Respublikasi oliy ta’lim va fan vaziri:
«Bu juda go‘zal maskan. U O‘zbekiston tarixini o‘zida mujassam etgan. Menimcha, bu muzeyni albatta ko‘rish kerak, chunki u juda qiziqarli va mazmunan boy.
Bu yerdagi barcha ekspozitsiyalar, ayniqsa, ko‘plab qiziqarli tarixiy artefaktlar katta taassurot qoldiradi.
O‘ylaymanki, bu maskan ko‘plab insonlarga O‘zbekiston tarixini o‘rganish va uni yanada chuqurroq anglash imkonini beradi», — dedi vazir.
Tashrif yakunida Marchin Kulasek Markazning «Faxriy mehmonlar» kitobiga ham o‘z taassurotlarini yozib qoldirdi.





