O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ilmiy merosga oid 130 ga yaqin yirik nashrlar tayyorlanmoqda
Mirzo Ulug‘bekning astronomiyaga oid «Ziji Jadidi Ko‘ragoniy» asaridan «Temur tuzuklari»gacha, Qur’oni karimning nodir qo‘lyozmalaridan bolalar uchun yaratilayotgan ma’rifiy kitoblargacha — O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida 2026-yil yakuni va 2027-yilda chop etilishi rejalashtirilgan 130 ga yaqin nashr ustida ish olib borilmoqda. 11 ta turkumni qamrab olgan ushbu loyihalar tarixiy manbalarni ilmiy tadqiq etish, ularni ishonchli ma’lumotlar asosida nashrga tayyorlash va buyuk ajdodlar merosini jahon kitobxonlariga yetkazishni ko‘zda tutadi. Ammo bu jarayonda asosiy mezon faqat kitoblar soni emas — har bir asarning ilmiy qimmati, manbalarining ishonchliligi va tahrir sifatidir.
130 ga yaqin nashr: raqam ortida qanday ilmiy maqsad bor?
Tarixiy qo‘lyozmani saqlash — uni asrab qolishning birinchi bosqichi. Uni o‘rganish, matnini tahlil qilish, tarixiy ma’lumotlarini tekshirish va ilmiy izohlar bilan nashr etish esa ushbu merosni keng jamoatchilikka yetkazish imkonini beradi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan nashr loyihalari aynan shu vazifalarni qamrab olmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Markazning asosiy yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston hududida shakllangan ilmiy maktablar, buyuk allomalarning intellektual merosi va noyob tarixiy manbalarni tadqiq etish hamda ularni kelajak avlodlarga yetkazishdan iborat.
Ayni paytda 2026-yilning qolgan qismi va 2027-yilda nashr etilishi rejalashtirilgan 130 ga yaqin kitob, ilmiy asar, alьbom va boshqa nashrlar ustida ish davom etmoqda.
Bu loyihalar fundamental ilmiy tadqiqotlardan tortib, madaniy merosga bag‘ishlangan alьbomlar, xalqaro hamkorlikdagi nashrlar va bolalar adabiyotigacha bo‘lgan keng yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
Mazkur dasturning o‘ziga xos jihati shundaki, bir tarixiy manba turli auditoriyalarga mo‘ljallangan nashrlar uchun asos bo‘lishi mumkin. Masalan, buyuk allomaning ilmiy asari mutaxassislar uchun izohli tadqiqot, keng kitobxonlar uchun ilmiy-ommabop kitob, bolalar uchun esa sodda va qiziqarli ma’rifiy asar shaklida taqdim etilishi mumkin.
Shu ma’noda, nashrlar faoliyati faqat kitob chop etish emas, balki ilmiy bilimlarni turli avlodlar va auditoriyalarga yetkazish jarayonidir.
11 ta turkum — tarixiy manbadan zamonaviy kitobxongacha
Markazda tayyorlanayotgan nashrlar mazmuni, ilmiy yo‘nalishi va maqsadli auditoriyasiga ko‘ra 11 ta asosiy turkumga ajratilgan.
«Qalb qo‘ridan yaralgan durdona» va «Qalb qo‘ridan ilhomlangan bitiklar» turkumlari ma’naviy-ma’rifiy mazmundagi asarlarni qamrab oladi.
«Abadiyat izlari» hamda «Temuriylar durdonasi» yo‘nalishlari tarixiy xotira, davlatchilik, madaniy meros va buyuk shaxslar hayoti bilan bog‘liq materiallarni kengroq yoritishga qaratilgan.
Qur’oni karimga oid nashrlar alohida ilmiy yo‘nalishni tashkil etadi. Ularda muqaddas kitobning tarixiy qo‘lyozmalari, kitobat an’analari va ushbu meros bilan bog‘liq tadqiqotlar muhim o‘rin tutadi.
«O‘zbekiston olimlari merosi» turkumi orqali mamlakat hududida yashab ijod qilgan mutafakkirlar, ular asos solgan ilmiy maktablar va jahon ilm-faniga qo‘shgan hissa haqidagi tadqiqotlarni nashr etish ko‘zda tutilgan.
«O‘zbekiston madaniy merosi» yo‘nalishida esa tarixiy-madaniy yodgorliklar, san’at namunalari va nodir osori-atiqalarni ilmiy hamda vizual materiallar asosida taqdim etishga e’tibor qaratilmoqda.
«Xalqaro nashrlar» va «Madaniyatlar muloqoti» turkumlari turli mamlakatlar ilmiy muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish, xalqlar o‘rtasidagi tarixiy aloqalar va madaniy ta’sirlarni tadqiq etishga xizmat qiladi.
«Yosh avlod nashrlari» bolalar va o‘smirlar uchun tarixiy hamda ilmiy mavzularni ularning yoshiga mos shaklda yoritishni maqsad qilgan.
«To‘plamlar» turkumida esa muayyan yo‘nalishlarga oid ilmiy va ma’rifiy materiallarni jamlash, tizimlashtirish va kitobxonlarga yaxlit holda taqdim etish nazarda tutilgan.
Shunday qilib, 11 ta turkum yagona maqsadga — ajdodlardan qolgan ilmiy-ma’naviy merosni o‘rganish, saqlash va jamiyatga yetkazishga xizmat qilsa-da, ularning har biri alohida ilmiy vazifa va auditoriyaga ega.
114 ta qo‘lyozma: Qur’on merosini o‘rganishdagi o‘ziga xos loyiha
Nashrlar dasturida Qur’oni karimning tarixiy qo‘lyozmalariga bag‘ishlangan loyihalar muhim o‘rin tutadi.
Xususan, «114 Qur’on» loyihasi Qur’oni karimning 114 surasini turli davr va hududlarga mansub 114 ta tarixiy qo‘lyozma asosida yagona ilmiy tizimda taqdim etish va qiyosiy o‘rganishni ko‘zda tutadi.
Loyihaning ahamiyati faqat tarixiy qo‘lyozmalar soni bilan belgilanmaydi. Turli davrlarda ko‘chirilgan manbalarni o‘rganish kitobat an’analari, xattotlik uslublari, badiiy bezaklar va qo‘lyozmalarning tarixiy xususiyatlari haqida yangi ma’lumotlar olish imkoniyatini beradi.
Bunday nashrlarni tayyorlashda matnning aniqligi, qo‘lyozmalarga oid tavsiflar, ilmiy izohlar va tasviriy materiallarning sifati muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda mazkur yo‘nalishda maxsus kitob-alьbomni nashrga tayyorlash ishlari davom etmoqda.
Bu kabi loyihalar Qur’on qo‘lyozmalarini nafaqat diniy meros, balki xattotlik, kitobat san’ati va qo‘lyozmashunoslik tarixining muhim manbalari sifatida ham o‘rganish imkonini beradi.
Tarixiy asarlarni qayta nashr etishda nima muhim?
Markazning nashr rejasida tarixiy ahamiyatga ega fundamental asarlarga alohida o‘rin ajratilgan.
Jumladan, «Temur tuzuklari» va Mirzo Ulug‘bekning «Ziji Jadidi Ko‘ragoniy» asarini ilmiy tadqiqotlar bilan boyitgan holda nashrga tayyorlash masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
Bu yerda asosiy masala asarlarni qayta chop etishning o‘zi emas.
Tarixiy matnni zamonaviy kitobxonga ishonchli shaklda taqdim etish uchun uning manba asoslarini o‘rganish, mavjud nashrlar va qo‘lyozma nusxalarini qiyoslash, ilmiy izohlar tayyorlash hamda tarixiy tushunchalarni aniq talqin qilish zarur.
Ayniqsa, «Temur tuzuklari» kabi davlatchilik tarixi bilan bog‘liq asarlarni o‘rganishda matnning kelib chiqishi, turli tahrirlari va manbashunoslik masalalari muhim o‘rin tutadi.
Mirzo Ulug‘bekning «Ziji Jadidi Ko‘ragoniy» asari esa Samarqand astronomiya maktabining ilmiy yutuqlarini o‘rganishda muhim manbalardan biridir.
Ushbu asarni nashrga tayyorlashda tarixiy astronomiya, matematik hisoblash usullari, ilmiy atamalar va jadvallarning to‘g‘ri talqiniga e’tibor qaratish alohida ahamiyatga ega.
Shu jihatdan, tarixiy asarlarning yangi nashrlari faqat o‘tmish matnini takrorlamasdan, uni zamonaviy ilmiy izlanishlar bilan bog‘lashi lozim.
Ilmiy ekspertiza: har bir kitob qanday tekshiriladi?
130 ga yaqin nashr rejalashtirilgan sharoitda ularning ilmiy va tahririy sifatini ta’minlash alohida mas’uliyat talab etadi.
Shu bois Markazda kitoblarni nashrga tayyorlash jarayonida manbalarning ishonchliligi, tarixiy ma’lumotlarning aniqligi, tarjimalar sifati va ilmiy izohlarning puxtaligiga e’tibor qaratilmoqda.
2026-yil sentyabr va oktabr oylarida o‘tkazilgan ishchi yig‘ilishlarda nashrlarning tayyorlik darajasi, muallif va tarjimonlar faoliyati, ilmiy hamda adabiy tahrir jarayonidagi masalalar muhokama qilindi.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov rahbarligidagi yig‘ilishlarda mas’ullarga kitoblarni belgilangan muddatlarda sifatli tayyorlash, ilmiy-tahririy ekspertizadan o‘tkazish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish vazifalari belgilandi.
Bu jarayonda bir nechta asosiy savol muhim ahamiyat kasb etadi: nashrda keltirilgan ma’lumot qaysi manbaga tayanadi? Tarixiy voqea yoki shaxs haqidagi xulosa yetarlicha dalillanganmi? Tarjimada asl matnning ma’nosi saqlanganmi? Ilmiy izohlar kitobxonga mavzuni to‘g‘ri tushunish imkonini beradimi?
Ana shu savollarga asoslangan ekspertiza kitobning mazmuniy ishonchliligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Binobarin, nashrning ilmiy qimmatini uning hajmi, bezagi yoki adadi emas, avvalo manbalarga tayanganligi, tahlilning puxtaligi va ilmiy xulosalarning asoslanganligi belgilaydi.
Buyuk allomalar bolalarga qanday tanishtiriladi?
Nashrlar dasturining muhim yo‘nalishlaridan yana biri bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan kitoblardir.
Buyuk mutafakkirlarning hayoti, ilmiy izlanishlari va kashfiyotlarini yosh avlodga yetkazishda murakkab tarixiy ma’lumotlarni sodda tilga ko‘chirishning o‘zi yetarli emas.
Bola asarni o‘qir ekan, allomaning faqat nomi va yashagan davrini emas, balki u qanday savollarga javob izlagani, qanday muammolarni hal qilishga intilgani va kashfiyotlari insoniyat hayotida qanday ahamiyat kasb etganini ham anglashi muhim.
Shu nuqtai nazardan, bolalar adabiyotida tarixiy aniqlik bilan qiziqarli bayon o‘rtasidagi muvozanatni saqlash muhim vazifadir.
Markazda ushbu turkum doirasida tayyorlanayotgan asarlarning mazmuni, bayon uslubi va yosh kitobxonlar uchun tushunarliligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bunday kitoblar bolalarda tarixiy xotirani mustahkamlash bilan birga, mustaqil fikrlash, savol berish, izlanish va yangi kashfiyotlarga qiziqishni rag‘batlantirishi ko‘zda tutilgan.
Demak, buyuk allomalar haqidagi nashrlarning vazifasi faqat tarixiy ma’lumot yetkazish emas, balki yosh avlodni ilmga qiziqtirishdan ham iborat.
Xalqaro nashrlar — milliy merosni jahonga tanitish imkoniyati
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining nashriyot faoliyati milliy auditoriya bilan cheklanmaydi.
«Xalqaro nashrlar» va «Madaniyatlar muloqoti» kabi turkumlar tarixiy-madaniy merosni xorijiy ilmiy jamoatchilikka yetkazish, turli mamlakatlar tadqiqotchilari bilan hamkorlik qilish hamda umumiy sivilizatsiyaviy jarayonlarni qiyosiy o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Xalqaro hamkorlikdagi nashrlar orqali O‘zbekiston zaminida shakllangan ilmiy maktablar va buyuk mutafakkirlarning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasini kengroq yoritish mumkin.
Ayniqsa, tarixiy qo‘lyozmalar va ilmiy asarlarni o‘rganishda turli mamlakatlar kutubxonalari, arxivlari va tadqiqot muassasalarida saqlanayotgan manbalarni qiyosiy tadqiq etish muhim ahamiyatga ega.
Bu yo‘nalishdagi nashrlar nafaqat O‘zbekiston tarixi haqidagi bilimlarni boyitadi, balki ilmiy-madaniy aloqalarning umumiy va o‘ziga xos jihatlarini ochib berishga ham xizmat qilishi mumkin.
Asosiy natija — kitoblar soni emas, ularning ilmiy qimmati
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida 11 ta turkum bo‘yicha 130 ga yaqin nashr ustida ish olib borilayotgani mamlakatning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etishga qaratilgan yirik dasturlardan biridir.
Uning qamrovida Qur’oni karimning tarixiy qo‘lyozmalari, davlatchilik va ilm-fan tarixiga oid fundamental asarlar, buyuk allomalar merosi, bolalar adabiyoti, madaniy alьbomlar va xalqaro hamkorlikdagi nashrlar mavjud.
Biroq mazkur loyihalarning haqiqiy ilmiy ahamiyati rejalashtirilgan kitoblar soni bilangina belgilanmaydi. Asosiy mezon — qo‘lyozmalarning qay darajada puxta o‘rganilgani, tarixiy ma’lumotlarning qanchalik ishonchli ekani, ilmiy izohlarning sifati va nashrlardan tadqiqotchilar hamda keng kitobxonlar qanday foydalana olishidir.
Shu ma’noda, Markaz oldidagi vazifa faqat 130 ga yaqin kitobni chop etish emas. Ularning har birini tarixiy manbalar bilan zamonaviy ilm-fan, ajdodlar merosi bilan yangi avlod o‘rtasidagi bilim ko‘prigiga aylantirishdir.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin





