7 yoshdan 70 yoshgacha: Islom sivilizatsiyasi markazidagi xattotlik maktabiga 1700 nafardan ortiq kishi murojaat qildi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xalqaro xattotlik maktabiga murojaat qilganlar soni 1700 nafardan oshdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur maktabda 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan turli avlod vakillari uchun qadimiy xattotlik san’atini bepul o‘rganish imkoniyati yaratilgan. Maktab faoliyati davomida yuz nafardan ortiq yoshlar an’anaviy xat turlari bo‘yicha dastlabki amaliy ko‘nikmalarni egallab, o‘z ijodiy asarlarini yaratishga kirishgan.
Xalqaro xattotlik maktabi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 29-yanvarda Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi chog‘ida xattotlik san’atini qayta tiklash, rivojlantirish va kelajak avlodlarga yetkazish yuzasidan bergan topshiriqlari asosida tashkil etilgan. Maktabning asosiy maqsadi asrlar davomida shakllangan milliy kitobat an’analarini saqlash, qadimiy xat turlarini o‘rgatish hamda sohada malakali mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.
Bugun mazkur maktabda turli yosh va kasb vakillari uchun mashg‘ulotlar tashkil etilgan. Bu yerda xattotlikka qiziquvchi maktab o‘quvchilari va talabalar bilan bir qatorda, mehnat faoliyatini davom ettirayotgan fuqarolar hamda nafaqadagi keksa avlod vakillari ham ta’lim olish imkoniyatiga ega.
Muhammad Soliyev, Xalqaro xattotlik maktabi ustozi:
Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan maktabimizda 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarga xattotlik saboqlarini bermoqdamiz. Ta’lim uch toifa uchun yo‘lga qo‘yilgan: umumta’lim maktablari o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda xattotlikka qiziquvchi turli kasb egalari. Uchinchi toifa orasida nafaqadagi otaxon va onaxonlarimiz ham bor. Ularning barchasi haftasiga ikki marta, bir soatdan bepul dars olish imkoniyatiga ega. Bugungi kunga qadar maktabimizga murojaat qilganlar soni 1700 nafardan oshdi, — deydi Muhammad Soliyev.
Maktabda mashg‘ulotlar an’anaviy ustoz-shogird tizimi asosida olib boriladi. Ta’lim jarayonida har bir o‘quvchining tayyorgarlik darajasi, qobiliyati va o‘zlashtirish sur’ati inobatga olinadi. Shogirdlar dastlab harflarning shakli, o‘lchami va yozilish qoidalarini o‘rganadi. Keyingi bosqichlarda esa murakkab xat turlari va badiiy kompozitsiyalar yaratish sirlarini o‘zlashtiradi.
Mohir xattot bo‘lish uchun qancha vaqt kerak?
Xattotlik faqat harflarni chiroyli yozish mahorati emas. Bu san’at har bir harfning tuzilishi, o‘zaro mutanosibligi, yozuvning badiiy yaxlitligi va muayyan xat uslubiga xos qoidalarni puxta bilishni talab etadi. Shu bois xattot bo‘lib yetishishda muntazam mashq qilish va ustoz ko‘rsatmalari asosida bosqichma-bosqich bilim egallash muhim ahamiyatga ega.
Muhammad Soliyevning ta’kidlashicha, maktabda olti oydan uch yilgacha mo‘ljallangan o‘quv dasturi ishlab chiqilgan. Unda shogirdlarning turli xat uslublarini izchil o‘zlashtirishi nazarda tutilgan.
Xattotlikda ilmning chegarasi yo‘q. Masalan, birgina «Nasxi Buxoriy» xat turini puxta o‘rganish uchun to‘rt oydan olti oygacha vaqt talab etiladi. Shu sababli dasturimizda har bir xat turini o‘zlashtirish uchun taxminan olti oy ajratilgan. Mohir xattot bo‘lib yetishish uchun nasx, nasta’liq, suls, ruq’a, devoniy va kufiy kabi turli yozuv uslublarini o‘rganish, ularning o‘ziga xos xususiyatlarini egallash zarur, — deydi maktab ustozi.
Ta’lim jarayonining dastlabki natijalari ham kuzatilmoqda. Xususan, olti-yetti oy davomida muntazam shug‘ullangan ayrim shogirdlar «Nasxi Buxoriy» xat turining birinchi va ikkinchi bosqich mashqlarini o‘zlashtirib, mustaqil badiiy kompozitsiyalar yaratishga kirishgan.
Hozir shogirdlarimiz orasida «Nasxi Buxoriy» xat turining birinchi va ikkinchi bosqichlarini puxta o‘zlashtirganlar bor. Ular o‘zlarining dastlabki badiiy kompozitsiyalarini ham yaratmoqda. Bu, albatta, biz, ustozlar uchun ham quvonarli natija, — deya ta’kidlaydi Muhammad Soliyev.
Uning ma’lum qilishicha, maktab faoliyati davomida yuz nafardan ortiq yoshlar xattotlik bo‘yicha muayyan amaliy natijalarga erishgan. Shogirdlarning ijodiy ishlari asosida ko‘rgazmalar va mahorat darslari ham tashkil etilgan.
Maktabda xattotlikning texnik qoidalari bilan birga, uning ma’naviy va badiiy mazmuniga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, o‘quvchilarga yozuvning me’moriy makon bilan uyg‘unligi, harflar va bezak elementlarining mutanosibligi hamda matnni joyning vazifasi va mazmuniga qarab tanlash tamoyillari o‘rgatiladi.
Xattotlik san’atining o‘ziga xos nozik jihatlari bor. Har bir makonga uning vazifasi va mazmuniga mos yozuv tanlash kerak. Masalan, masjidlarda ibodatga, universitet va madrasalarda ilmga chorlovchi oyatlar, hadislar va hikmatli so‘zlar bitiladi. Xonadonlarda ota-onaga hurmat, mehr-oqibat va silai rahmga oid yozuvlar, maqbaralarda esa xotira va ehtirom mazmunidagi bitiklar qo‘llaniladi. Shuning uchun shogirdlarimizga xattotlikda nafaqat yozuvning shakli, balki uning mazmuni ham muhimligini o‘rgatamiz, — deydi ustoz.
Bu yondashuv xattotlikni faqat yozuv texnikasi sifatida emas, balki kitobat, me’morchilik va badiiy bezak san’ati bilan bog‘liq yaxlit ijodiy yo‘nalish sifatida o‘rganish imkonini bermoqda.
Keyingi maqsad — nodir qo‘lyozmalar asosida xattotlik nusxalarini yaratish
Xalqaro xattotlik maktabi oldiga qo‘yilgan istiqbolli vazifalardan biri tarixiy qo‘lyozmalar bilan ishlash mahoratiga ega yangi avlod xattotlarini tayyorlashdir. Kelgusida yuqori natijalarga erishgan shogirdlarni Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasida saqlanayotgan nodir asarlar asosida xattotlik nusxalarini yaratish ishlariga jalb etish rejalashtirilmoqda.
Bu tashabbus qadimiy kitobat uslublarini amaliy jihatdan o‘rganish, tarixiy yozuv an’analarini davom ettirish va ularni zamonaviy badiiy ijod bilan bog‘lashga qaratilgan.
Kelgusida muayyan mahoratga erishgan shogirdlarimizni Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasidagi nodir qo‘lyozmalardan xattotlik nusxalarini ko‘chirish ishlariga ham jalb etish niyatidamiz. Xususan, Alisher Navoiy va boshqa buyuk ajdodlarimiz merosiga oid qo‘lyozmalar asosida amaliy ishlar olib borishga harakat qilamiz. Buning uchun shogirdlarimiz an’anaviy xat turlarini puxta o‘zlashtirishlari muhim. Asosiy maqsadimiz — ustoz-shogird an’anasini davom ettirish va bu bebaho san’atni kelajak avlodlarga yetkazish, — deydi Muhammad Soliyev.
Maktabda xattotlikning amaliy va kasbiy imkoniyatlariga ham e’tibor qaratilmoqda. Ustozning fikricha, bu san’atni puxta egallagan yoshlar kelgusida badiiy kompozitsiyalar, kitob bezaklari va boshqa ijodiy asarlar yaratish orqali o‘z mahoratlaridan mustaqil kasbiy faoliyatda ham foydalanishlari mumkin.
Shu tariqa, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalqaro xattotlik maktabida qadimiy kitobat an’analarini qayta tiklash va ularni yangi avlodga o‘rgatish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. 1700 nafardan ortiq murojaatchi va shogirdlarning dastlabki ijodiy natijalari ushbu san’atga bo‘lgan qiziqishni namoyon etmoqda. Endi asosiy vazifa — ana shu qiziqishni puxta bilim va amaliy mahoratga aylantirib, tarixiy qo‘lyozmalar merosini o‘rganish hamda kitobat an’analarini davom ettirishga qodir yangi avlod xattotlarini tarbiyalashdir.
Shahina Alijonova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin





