Rossiyalik olim: «Zamonaviy texnologiyalar O‘zbekistonda tarixiy merosni qayta jonlantirmoqda»
Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi huzuridagi Ilmiy-tadqiqot moliya instituti (NIFI) delegatsiyasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Delegatsiya rahbari, Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi Ilmiy-tadqiqot moliya instituti direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Gleb Pokatovich O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tarixni yaxlit sivilizatsiyaviy jarayon sifatida namoyish etish tajribasini yuqori baholadi.
Gleb Pokatovich, Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi Ilmiy-tadqiqot moliya instituti direktori v.v.b:
«Markaz, albatta, favqulodda taassurot qoldiradigan maskan. Eng muhimi, bu yerda tarix alohida-alohida voqealar sifatida emas, balki yaxlit jarayon, o‘zaro bog‘liq sivilizatsiyaviy taraqqiyot sifatida namoyon bo‘ladi. Ekspozitsiyalar O‘zbekiston va unga tutash hududlarda sivilizatsiyaning shakllanish jarayonini, bosqichlarini izchil anglash imkonini beradi.
Bu yerda interaktiv ekspozitsiyalar juda ko‘p, biroq ularning ahamiyati faqat zamonaviy texnologiyalar bilan cheklanmaydi. Eng muhimi, ular tarixiy jihatdan ishonchli ma’lumotlar va asl artefaktlar bilan uyg‘unlashgan. Siz nafaqat noyob ashyolarni ko‘rasiz, balki ular haqidagi ma’lumotlarni tinglaysiz, ayrim ekspozitsiyalarda bevosita ishtirok etib, tarixiy jarayonlarni yanada yaqinroq his qilasiz.
Menimcha, aynan shu jihat Markazni alohida ajratib turadi: qadimiy tarix zamonaviy texnologiyalar bilan shunday uyg‘unlashtirilganki, o‘tmish haqidagi ma’lumotlar tashrif buyuruvchi uchun jonli va ta’sirchan tajribaga aylanadi.
Bu yerga yana kelishni istardim. Nafaqat o‘zim, balki boshqalarga ham ushbu Markazni ko‘rishni qat’iy tavsiya qilaman», — dedi Gleb Pokatovich.





