O‘zbekiston delegatsiyasi VII butunjahon madaniyatlararo muloqot forumida ishtirok etdi
Joriy yilning 27–28 oktabr kunlari Ozarbayjon Respublikasi poytaxti Boku shahrida “Bo‘lingan dunyoda umumiy kelajak uchun muloqot: ko‘priklar qurish” shiori ostida VII Butunjahon madaniyatlararo muloqot forumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Nufuzli xalqaro anjumanda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Islom olami ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) Bosh direktori Salim bin Muhammad al-Malik, BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, BMT Sivilizatsiyalar alьyansining Oliy vakili Migel Anxel Moratinos, Ozarbayjon Diniy tashkilotlar bilan ishlash bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Ramin Mammadov, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar va diniy jamoalar vakillari qatnashdi.
Forum doirasida madaniyatlararo va dinlararo muloqotni rivojlantirish, tinchlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash, turli xalqlar va sivilizatsiyalar o‘rtasida o‘zaro anglashuvni kengaytirish, global muammolarga hamjihatlikda yechim topish masalalari muhokama qilindi.
28-oktabr kuni Ozarbayjon Diniy tashkilotlar bilan ishlash bo‘yicha davlat qo‘mitasi hamda BMT Sivilizatsiyalar alьyansi (UNAOC) hamkorligida “Dinlararo muloqot: umumiy kelajak sari yo‘l xaritasi” mavzusida yalpi majlis tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov ham ishtirok etib, mamlakatimizda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, millatlararo totuvlik va dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, xalqaro hamkorlikning ahamiyati haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.
U o‘z nutqida forum tinchlik, bag‘rikenglik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim xalqaro muloqot maydoni ekanini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarini bog‘lab turgan mushtarak tarixiy ildizlar, boy madaniy meros va do‘stlik rishtalariga alohida e’tibor qaratdi. Alisher Navoiy va Nizomiy Ganjaviy ijodi ikki xalqning ma’naviy yaqinligi va mushtarak adabiy merosining yorqin namunasi sifatida qayd etildi.
Bugungi geosiyosiy ziddiyatlar, ksenofobiya va islomofobiya kuchayib borayotgan sharoitda dinlararo muloqot inson qadr-qimmatini himoya qilish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Shu bilan birga, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashda ta’lim, yoshlar bilan ishlash hamda raqamli davrda sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish borasidagi xalqaro hamkorlik masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqovning forumda ishtiroki ham mamlakatimizning boy islomiy va umuminsoniy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish hamda xalqaro ilmiy-ma’rifiy hamkorlik aloqalarini kengaytirish nuqtai nazaridan ahamiyatlidir.
Ta’kidlash joizki, VII Butunjahon madaniyatlararo muloqot forumi turli madaniyat va din vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, ishonch va hamkorlikni mustahkamlash, umumiy qadriyatlar asosida tinch va barqaror kelajakni shakllantirishga qaratilgan xalqaro muloqot maydoni sifatida o‘z ishini yakunladi.





