BBC jurnalisti va prodyuseri: “Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati xalqaro miqyosda ham nihoyatda muhim”
Londonda faoliyat yurituvchi, dunyodagi eng qadimiy va nufuzli xalqaro axborot tashkilotlaridan biri – BBC jurnalisti va prodyuseri Aaron Akinyemi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini butun insoniyatning mushtarak madaniy merosini anglash nuqtai nazaridan muhim maskan sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning qadimiy Buyuk ipak yo‘lida tutgan o‘rni jahon tarixi uchun katta ahamiyatga ega.
BBC jurnalisti va prodyuseri Aaron Akinyemi majmuaning me’moriy yechimlari, tarixiy mazmunga ega bezaklari, “Qur’oni karim zali”dagi mepping-shou, qadimiy Buyuk ipak yo‘li tarixiga bag‘ishlangan zamonaviy ekspozitsiyalar hamda majmuaning badiiy bezaklariga alohida e’tibor qaratdi.
Aaron Akinyemi, BBC jurnalisti va prodyuseri (London):
«Rostini aytsam, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi meni nihoyatda hayratga soldi. Binoning mahobatli me’moriy qiyofasi yoq kishida kuchli taassurot uyg‘otadi. Ichkariga qadam qo‘yganingizda esa devorlardagi nafis mozaikalar, ranglar uyg‘unligi va ularda aks etgan tarixiy mazmun bu taassurotni yanada kuchaytiradi.
Menga, ayniqsa, O‘zbekiston tarixining zamonaviy va interaktiv usullar orqali namoyish etilayotgani yoqdi. Bu tarixni o‘rganishning juda qiziqarli va o‘ziga jalb etuvchi usuli. “Qur’oni karim zali”dagi mepping-shou ham menda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, qadimiy Buyuk ipak yo‘li tarixining zamonaviy yondashuvlar bilan yoritilgani, turli zallardagi ekspozitsiyalarning o‘ziga xos taqdimoti ham nihoyatda qiziqarli bo‘ldi.
Menimcha, ushbu Markaz butun insoniyatning mushtarak madaniy merosi nuqtai nazaridan g‘oyat muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston qadimiy Buyuk ipak yo‘lida tutgan o‘rni tufayli jahon tarixida muhim rolь o‘ynagan. Markaz ana shu tarixiy ahamiyatni juda muvaffaqiyatli aks ettirgan. Shu jihatdan, uning faoliyatini xalqaro miqyosda ham nihoyatda muhim deb hisoblayman», — dedi Aaron Akinyemi.





