O‘zbekistonning hududiy oliygohlari kutubxonachilari Islom sivilizatsiyasi markazida yangi tajriba bilan tanishdi
Elektron axborot resurslari, zamonaviy texnik vositalar, ko‘zi ojiz kitobxonlar uchun yaratilgan sharoitlar va kitob fondini tashkil etishning o‘ziga xos usullari — O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan oliy ta’lim muassasalari kutubxonachilari Islom sivilizatsiyasi markazida ana shu tajribalar bilan tanishdi. Amaliy mashg‘ulotlarning asosiy maqsadi kutubxona xizmatlarini takomillashtirish bo‘yicha ilg‘or yondashuvlarni o‘rganish va ulardan hududlardagi axborot-resurs markazlari faoliyatida foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasida respublikaning turli hududlaridan kelgan oliy ta’lim muassasalari axborot-resurs markazlari rahbarlari va xodimlari uchun amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Mashg‘ulotlar Ta’lim va ilm fan vazirligi huzuridagi Oliy ta’lim tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining «Axborot-kutubxona faoliyati» yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish kurslari doirasida o‘tkazildi.
Dasturdan ko‘zlangan maqsad mutaxassislarni zamonaviy kutubxona xizmatlari, raqamli resurslar va kitobxonlar uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishtirish, nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan mustahkamlashdan iborat.
Kutubxona xizmatida qanday yangi yondashuvlar o‘rganildi?
Mashg‘ulot avvalida Islom sivilizatsiyasi markazining Kutubxona va arxiv hujjatlari bo‘limi boshlig‘i Ravshan Qodirov ishtirokchilarga kutubxona faoliyati, uning resurslari va xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.
Mutaxassislar ilmiy adabiyotlar fondi, elektron axborot resurslari, zamonaviy texnik vositalar hamda alohida ehtiyojga ega kitobxonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Ayniqsa, kutubxona muhitini turli toifadagi foydalanuvchilar uchun qulay tashkil etish, kitoblarni joylashtirish va zarur adabiyotlarni topishni yengillashtirishga qaratilgan yechimlar ishtirokchilar e’tiborini tortdi.
Odil Husanov, Namangan davlat universiteti Axborot-resurs markazi xodimi:
«Bugungi mashg‘ulotning aynan Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilgani biz uchun katta yangilik va rag‘bat bo‘ldi. Ayniqsa, bu yerdagi ilmiy adabiyotlar, buyuk ajdodlarimiz merosiga bo‘lgan e’tibor va kitobxonlar uchun yaratilgan sharoitlar alohida taassurot qoldirdi. Bu tajribalardan o‘z ta’lim muassasalarimizda ham foydalanishni istaymiz», — dedi u.
Kutubxona faoliyati bilan tanishuvdan so‘ng ishtirokchilar malaka oshirish dasturi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini davom ettirdi. Kurslarda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt imkoniyatlari va zamonaviy kutubxona xizmatlarini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratilmoqda.
Nargiza Mirxojayeva, Oliy ta’lim tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti katta o‘qituvchisi:
«Bugun texnologiyalar shiddat bilan rivojlanmoqda, sun’iy intellekt imkoniyatlari ham kutubxonachilik sohasiga kirib kelmoqda. Shu bois kurslarimizda tinglovchilarni yangi texnologiyalar bilan tanishtirish, zamonaviy xizmat ko‘rsatish usullarini o‘rgatishga alohida e’tibor qaratamiz. Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasidagi texnik imkoniyatlar va yaratilgan sharoitlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Eng muhimi, ular bu yerda ko‘rgan yangiliklarini o‘z ish joylarida ham amaliyotga tatbiq etish istagini bildirmoqda», — dedi u.
Mashg‘ulot ishtirokchilari kutubxonadagi inklyuziv xizmatlar va kitob fondini tashkil etish usullariga ham alohida qiziqish bildirdi.
Munojat Jo‘rayeva, Namangan davlat texnika universiteti Axborot-resurs markazi bosh mutaxassisi:
«Bu yerda milliylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan. Ayniqsa, ko‘zi ojiz kitobxonlar uchun yaratilgan sharoitlar va zamonaviy texnik vositalar katta taassurot qoldirdi. Men uchun eng qiziqarli jihatlardan biri kitoblarni ranglar bo‘yicha ajratib joylashtirish usuli bo‘ldi. Bu biz uchun yangi tajriba. Ushbu yondashuvni o‘z kutubxonamizda ham qo‘llashimiz mumkin», — dedi u.
Mazkur amaliy mashg‘ulotlar davomida mutaxassislar o‘z muassasalarida xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish uchun qo‘llash mumkin bo‘lgan ana shunday aniq usullar yuzasidan ham tajriba almashdi.





