Prezident tashabbusi bo‘lgan «Umra+» ziyoratchilari O‘zbekiston tarixini yangicha kashf etmoqda
Abu Rayhon Beruniy va Mirzo Ulug‘bek siymolari bilan virtual muloqot, buyuk allomalar merosini interaktiv texnologiyalar orqali o‘rganish va ko‘p asrlik tarixni yangicha anglash — «Umra+» dasturi ishtirokchilarining O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga navbatdagi tashrifi ana shunday taassurotlarga boy bo‘ldi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Umra+» dasturi Umra ziyoratini O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishishga uyg‘unlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan. Dastur doirasida Islom sivilizatsiyasi markaziga tashkil etilayotgan ma’rifiy tashriflar ziyoratchilarga yurtimizning ilmiy-ma’naviy merosi hamda buyuk allomalarning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini yaqindan o‘rganish imkonini bermoqda.
Bugun ham «Umra+» dasturi doirasidagi navbatdagi ziyoratchilar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, yurtimizning ilmiy-ma’naviy merosi, buyuk mutafakkirlar faoliyati va ularning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi bilan tanishdi.
Ayniqsa, buyuk allomalarning raqamli siymolari bilan savol-javob qilish imkoniyati ziyoratchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Interaktiv yechimlar tarixiy shaxslarning ilmiy faoliyati va kashfiyotlari haqidagi ma’lumotlarni odatiy muzey namoyishidan farqli shaklda o‘rganish imkonini berdi.
Manira Hosilova, ziyoratchi:
«Biz bu narsalarni faqat kitoblardan o‘qiganmiz. Bu yerda esa o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Beruniy, Xorazmiy, Navoiy, Buxoriy kabi allomalarimiz bilan butun dunyo faxrlanishini istayman. Buni dunyo ko‘rishi kerak. Prezidentimizga katta rahmat».
Beruniy va Ulug‘bek bilan virtual muloqot
Ziyoratchilarning alohida e’tiborini tortgan jihatlardan biri Abu Rayhon Beruniy va Mirzo Ulug‘bek siymolari bilan interaktiv muloqot qilish imkoniyati bo‘ldi.
Zamonaviy texnologiyalar yordamida yaratilgan raqamli obrazlar orqali mehmonlar allomalarga savollar yo‘llab, ularning hayoti va ilmiy merosiga oid ma’lumotlar oldi.
Murshida Isfandiyorova, ziyoratchi:
«Men bu yerga kelishni juda orzu qilardim. Nihoyat, bugun niyatimga yetdim. Ayniqsa, allomalar bilan savol-javob qilish, savollarimizga darhol javob olish imkoniyati menga juda yoqdi. Uyga qaytgach, ko‘rganlarimni oilamga aytib berishga oshiqyapman. Ularni ham, farzandlarimni ham bu yerga olib kelishni xohlayman».
Mavluda Nurmuhamedova, ziyoratchi:
«Yoshlar bu yerga kelsa, juda ko‘p narsani o‘rganishi mumkin. Gidlarimiz hamma narsani tushuntirib beryapti, quloqchinlar orqali barchasini aniq eshityapmiz. Juda katta taassurot oldim. Yana kelishim kerak, chunki bu yerni bir marta ko‘rishning o‘zi yetarli emas».
«Umra+» dasturi doirasida tashkil etilayotgan bunday tashriflar ziyorat safari oldidan ishtirokchilarni O‘zbekistonning ilmiy-ma’naviy merosi bilan yanada yaqindan tanishtirish imkonini bermoqda. Tashrif yakunida ziyoratchilar ilgari kitoblarda o‘qigan tarixiy ma’lumotlarini zamonaviy ekspozitsiyalar orqali bevosita kuzatib, bu merosni farzandlari va keng jamoatchilikka ham yetkazish istagini bildirdi. Markazda orttirilgan taassurotlar esa ziyoratchilarning o‘z tarixiga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish bilan birga, buyuk allomalar merosini keyingi avlodlarga yetkazish istagini ham mustahkamlamoqda.





