Prezident tashabbusi: 55 davlatga aloqador xalqaro vazifalar qanday natija beryapti?
Parijda YUNESKO minbarida xalqaro ilmiy muloqot, Jenevada BMT kutubxonasi bilan hamkorlik istiqbollari, Bokuda imzolangan ilmiy memorandum va Dohada qo‘lyozmalarni tadqiq etish hamda raqamlashtirish bo‘yicha muhokamalar — O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro faoliyati yangi amaliy yo‘nalishlar bilan kengaymoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida Markazni 55 davlatda taqdim etish vazifasi belgilangan. 2026-yil oktabr oyidagi ushbu tadbirlar O‘zbekistonning ko‘p asrlik ilmiy-ma’naviy merosini jahon akademik muhitiga olib chiqishda muhim bosqich bo‘ldi. Bunda asosiy mezon taqdimotlar soni emas, balki xorijiy arxivlardan o‘rganiladigan yangi manbalar, amalga oshiriladigan qo‘shma tadqiqotlar va xalqaro hamkorlikning aniq ilmiy natijalaridir.
O‘zbekistonning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro miqyosda o‘rganish va keng targ‘ib etish Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan ma’rifiy tashabbuslarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida davlat rahbari islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, ilm-ma’rifat va bag‘rikenglik g‘oyalarini keng yoyish zarurligini ta’kidlagan. O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish g‘oyasi ham ana shu maqsadlar bilan bevosita bog‘liq.
2025-yil 23-sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Prezident Islom sivilizatsiyasi markazini, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyning ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, uni Birlashgan Millatlar Tashkiloti maydonida maxsus taqdim qilish tashabbusini ilgari surdi.
Mazkur yo‘nalish 2026-yil 10-iyunda davlat rahbariga taqdim etilgan Islom sivilizatsiyasi markazining kelgusi faoliyat rejalarida yanada aniq ifodasini topdi.
Markaz taqdimotlarini dunyoning 55 ta davlatida tashkil etish, Parijdagi YUNESKO Bosh qarorgohi, BMTning Jeneva va Nyu-Yorkdagi tuzilmalarida maxsus xalqaro tadbirlar o‘tkazish vazifalari belgilandi.
Shuningdek, AQShdagi Oksford Islom tadqiqotlari markazi, ICESCO, IRCICA, TURKSOY kabi xalqaro tashkilotlar bilan qo‘shma ilmiy-ma’rifiy loyihalarni rivojlantirish ko‘zda tutildi.
Belgilangan vazifalar xorijdagi taqdimotlardan tashqari xorijiy muzeylar, auksionlar va xususiy kolleksiyalarda saqlanayotgan O‘zbekistonga oid noyob artefaktlarni aniqlash, ilmiy ekspertizadan o‘tkazish, madaniy merosni qaytarish mexanizmlarini takomillashtirish va raqamli ma’lumotlar bazalarini rivojlantirish ham ustuvor yo‘nalishlar qatoriga kiritildi.
Bunday yondashuvda xalqaro taqdimotlar yangi ilmiy manbalarni topish, xorijiy mutaxassislarni jalb etish va uzoq muddatli tadqiqot aloqalarini shakllantirish vositasi sifatida qaralmoqda.
2026-yil davomida Yevropa va Osiyoning qator mamlakatlarida Markaz faoliyati xalqaro auditoriyaga tanishtirildi. Oktabr oyida Fransiya, Shveysariya, Ozarbayjon va Qatarda o‘tkazilgan tadbirlar esa ushbu xalqaro faoliyatning turli yo‘nalishlarini namoyon qildi.
Parij: O‘zbekiston ilmiy merosi YUNESKO maydonida
7-oktabr kuni Parijdagi YUNESKO Bosh qarorgohida O‘zbekistonning ilmiy-ma’naviy merosiga bag‘ishlab o‘tkazilgan «Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi hamda ma’rifat ufqlari» mavzusidagi xalqaro konferensiya 300 nafardan ziyod olim, diplomat, xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar vakillarini birlashtirdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida o‘tkazilgan konferensiyaning asosiy mavzulari Markaziy Osiyo allomalarining jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi, nodir qo‘lyozmalarni tadqiq etish, tarixiy manbalarni raqamlashtirish va ilmiy hamkorlikni kengaytirishdan iborat bo‘ldi.
Ishtirokchilarga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy konsepsiyasi, muzey ekspozitsiyalari, qo‘lyozmalarni o‘rganish va madaniy merosni saqlashga qaratilgan loyihalari taqdim etildi.
Anjumanda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi prezidenti Xondker M. Talxa va tashkilot Ijroiya kengashi raisi Nosir Hamad Hinzob ishtirokchilarga murojaat qildi.
Xondker M. Talxa, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi prezidenti:
«Bugun bizni asrlar davomida xalqlar o‘rtasidagi muloqotga asos bo‘lib xizmat qilgan umumiy ma’naviy va madaniy meros birlashtirib turibdi. Aynan o‘zaro anglashuv va hamkorlik ruhi YUNESKO faoliyatining asosini tashkil etadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan xalqaro tashabbusning davomi bo‘lgan bunday muhim tadbirni tashkil etgani uchun O‘zbekiston Hukumati va YUNESKOga samimiy minnatdorlik bildiraman».
Konferensiyada Oksford Islom tadqiqotlari markazi direktori Farhon Nizomiy, IRCICA bosh direktori Mahmud Erol Qilich, Milan universiteti professori Mario Taddei va boshqa xalqaro ilmiy muassasalar vakillari qatnashdi.
Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti — ICESCO bosh direktori Salim Muhammad Malik o‘z ma’ruzasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, madaniyat va ta’lim taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini ta’kidladi.
U madaniy merosni turli avlodlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlaydigan muhim omil sifatida baholadi.
Parijdagi anjuman O‘zbekistonning ilmiy merosini xalqaro akademik muhokamaga olib chiqish, uni tadqiq etish va targ‘ib qilishda xorijiy muassasalar bilan hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga qaratildi.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov Parijdagi konferensiyani Prezident tashabbusining amaliy davomi sifatida baholadi.
Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori:
«Mazkur tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 23-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida ilgari surgan tashabbusining amaliy ifodasi bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyning ilmiy va ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish zarurligini ta’kidlab, ushbu bebaho merosni jahon hamjamiyatiga yetakchi xalqaro maydonlarda — Parijdagi YUNESKO Bosh qarorgohida hamda BMTning Jeneva va Nyu-Yorkdagi maydonlarida taqdim etish tashabbusini ilgari surgan. Parijda o‘tkazilayotgan konferensiya ushbu keng ko‘lamli tashabbusni amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir».
Jeneva: xalqaro muloqotdan arxivlar bilan hamkorlikka
22-oktabr kuni O‘zbekiston ilmiy-ma’naviy merosining xalqaro taqdimoti Jenevadagi BMTning Millatlar saroyida davom etdi.
Bu yerda «Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi hamda ma’rifat ufqlari» mavzusida xalqaro konferensiya va «Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar» ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Tadbirda BMTning Jenevadagi bo‘linmasi Bosh direktori Tatьyana Valovaya, O‘zbekistonning BMT Jeneva bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili Eldiyor Toshmatov, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov hamda xalqaro ilmiy va diplomatik doiralar vakillari ishtirok etdi.
Tatyana Valovaya rasmiy nutqida Samarqand va Buxoroning tarixan yirik ilm-fan markazlari bo‘lganiga e’tibor qaratdi.
Ushbu shaharlarda matematika, astronomiya, tibbiyot va falsafa sohalarida rivojlangan ilmiy an’analar turli xalqlar va madaniyatlar o‘rtasida bilim almashinuviga xizmat qilgani ta’kidlandi.
BMTning Jenevadagi bo‘linmasi rahbari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi shaxsiy taassurotlarini ham bildirdi.
Tatyana Valovaya, BMTning Jenevadagi bo‘linmasi Bosh direktori:
«O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi menda ulkan taassurot qoldirdi. Bu — boy tarixiy meros zamonaviy texnologiyalar yordamida taqdim etiladigan ilhom maskani. Bu haqiqatan ham XXI asr markazi bo‘lib, turli avlod vakillari, ayniqsa, yoshlar va bolalar uchun qiziqarlidir.
Ko‘rgazma hayratlanarli, taqdim etilgan kitoblar esa mutlaqo noyob. Biz kutubxonamiz va Markaz o‘rtasida hamkorlik qilishga kelishib oldik. O‘ylaymanki, bu juda qiziqarli hamkorlik bo‘ladi».
Jenevadagi muloqotning muhim jihati kutubxona va arxivlar bilan amaliy hamkorlik imkoniyatlarining muhokama qilingani bo‘ldi.
Jenevadagi taqdimotning Parij anjumanidan farqli muhim jihati, kerak bo‘lsa alohida ta’kidlash kerakki, eng katta va muhim yangilik bu BMTning Jenevadagi bo‘linmasi rahbariyati bilan tashkilot kutubxonasi va arxivlaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishilganidir.
Bu O‘zbekiston va Markaziy Osiyo tarixiga oid xalqaro hujjatlarni o‘rganish, yangi manbalarni aniqlash va ulardan ilmiy tadqiqotlarda foydalanish uchun muhim imkoniyat yaratishi mumkin.
Shuningdek, ko‘rgazmada namoyish etilgan ilmiy nashrlar BMTning Jenevadagi bo‘linmasi kutubxonasiga sovg‘a qilindi.
Boku: mushtarak meros ilmiy memorandum bilan mustahkamlandi
26-oktabr kuni Ozarbayjon poytaxti Bokuda O‘zbekiston va Ozarbayjonning mushtarak tarixiy-madaniy merosi hamda zamonaviy ilmiy hamkorligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Xalqaro Mug‘om markazida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchisi Bahrom Ashrafxonov, Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi prezidenti Iso Habibbeyli, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov va ikki mamlakat ilmiy muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyada O‘zbekiston va Ozarbayjonning tarixiy yaqinligi, umumiy madaniy meros va ilmiy an’analarga e’tibor qaratildi.
Ibn Sino va uning shogirdi Bahmanyor, Nosiriddin Tusiyning Marog‘adagi ilmiy faoliyati, Mirzo Ulug‘bekning Samarqand astronomiya maktabi, Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy merosi ushbu tarixiy-intellektual aloqalarning muhim namunalari sifatida tilga olindi.
Anjumanda Markaz faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli film va ilmiy nashrlar ko‘rgazmasi ham taqdim etildi.
Iso Habibbeyli, Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi prezidenti:
«O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi butun turkiy dunyo uchun ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan megaloyihadir. U orqali ajdodlarimiz tarixini, ularning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini yanada chuqurroq anglayapmiz», — dedi akademik.
Boku safarining eng muhim amaliy natijasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi o‘rtasida ilmiy hamkorlik memorandumi imzolangani bo‘ldi.
Akademiya Prezidiumida rasmiylashtirilgan hujjat qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy aloqalarni kengaytirish va ikki mamlakat olimlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Shunday qilib, Bokuda mushtarak tarixni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish institutsional hamkorlik asoslari bilan mustahkamlandi.
Doha: qo‘lyozmalar, raqamlashtirish va ilmiy diplomatiya
29-oktabr kuni xalqaro taqdimotlarning navbatdagi manzili Qatar poytaxti Doha bo‘ldi.
Qatar Tashqi ishlar vazirligi Diplomatiya institutida O‘zbekiston va Qatardagi islomiy markazlarning islom sivilizatsiyasini tanitishdagi o‘rniga bag‘ishlangan ilmiy anjuman tashkil etildi.
Tadbir Qatarning Sivilizatsiyalar alyansi qo‘mitasi va Tashqi ishlar vazirligi Diplomatiya instituti hamkorligida o‘tkazildi.
Unda Qatar davlat vaziri, Qatar Milliy kutubxonasi prezidenti Hamad bin Abdulaziz Kavariy, O‘zbekistonning Qatardagi elchisi Ashraf Xo‘jayev, diplomatlar, olimlar va ilmiy muassasalar rahbarlari ishtirok etdi.
Anjumanda O‘zbekistonning jahon islom sivilizatsiyasi taraqqiyotida tutgan o‘rni, Movarounnahr allomalarining ilmiy merosi va uni tadqiq etish istiqbollari muhokama qilindi.
Hamad bin Abdulaziz Kavariy Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino va Mirzo Ulug‘bek kabi allomalarning insoniyat ilm-faniga qo‘shgan hissasiga e’tibor qaratdi.
U Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilganini e’tirof etib, madaniy merosni asrash va targ‘ib qilishning xalqaro ahamiyatini ta’kidladi.
Hamad bin Abdulaziz Kavariy, Qatar davlat vaziri va Qatar Milliy kutubxonasi prezidenti:
«Ushbu markazning ahamiyati faqat O‘zbekiston va uning buyuk tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan cheklanmaydi. Albatta, buning o‘zi ham nihoyatda ulug‘ va muhim vazifadir», — dedi u.
Anjumandagi ilmiy muhokamalarda Qur’on va hadis ilmlari, Imom Termiziyning ilmiy merosi, Movarounnahr mutafakkirlarining islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi kabi mavzular qamrab olindi. Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov «Islom sivilizatsiyasi markazi: missiyasi, loyihalari va hamkorlik yo‘nalishlari» mavzusida ma’ruza qilib, buyuk ajdodlar merosini asrash, o‘rganish, boyitish va kelgusi avlodlarga yetkazish Markaz faoliyatining asosiy vazifalari ekani ta’kidladi.
O‘zbekiston tomonidan Usmon mus'hafi, Xorazm Ma’mun akademiyasi va Beruniy merosiga oid ilmiy masalalar ham muhokamaga kiritildi.
Tadbir doirasida qo‘lyozmalarni o‘rganish, raqamlashtirish, restavratsiya qilish, ilmiy axborot texnologiyalaridan foydalanish va qo‘shma tadqiqotlarni tashkil etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Doha taqdimotining muhim jihati O‘zbekistonning boy qo‘lyozma merosini Qatar ilmiy muassasalarining tadqiqot imkoniyatlari bilan bog‘lash bo‘yicha muloqot boshlanganidadir.
Ayni paytda mazkur yo‘nalishlarda muhokama qilingan hamkorlik istiqbollarini amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Ularning amaliy natijalari keyingi kelishuvlar va tadqiqot dasturlari asosida shakllanadi.
Xalqaro taqdimotlar samarasi qanday baholanadi?
Parijdan Dohagacha bo‘lgan xalqaro muloqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekiston ilmiy merosini jahonga taqdim etish jarayoni uni xalqaro hamkorlikda chuqurroq o‘rganish imkoniyatlari bilan boyimoqda. Bu jarayonning eng muhim natijasi esa o‘tmishga berilgan e’tirof emas, balki shu meros asosida yaratiladigan yangi ilmiy bilimlardir. Shunday ekan, biz to‘xtamaymiz va yo‘limizda davom etamiz.





