Ummonning «At-Takvin» nashrida O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi haqida maqola e’lon qilindi
O‘mon Sultonligining madaniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi nufuzli nashri — «At-Takvin» (Al Takween Magazine) jurnalida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati va uning xalqaro ahamiyatiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.
Nashrda O‘zbekiston Respublikasining O‘mon Sultonligidagi elchixonasi tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimotini tashkil etish rejalashtirilgani haqida ma’lumot berilgan. «O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi madaniy aloqalar» mavzusidagi tadbir Sulton Qobus nomidagi Buyuk masjidning ma’ruzalar zalida o‘tkazilishi belgilangan.
Maqolada O‘zbekistonning boy islomiy merosi, uning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi hamda mamlakatimizning ilm-fan va madaniyat tarixidagi alohida o‘rni yoritilgan. Shuningdek, O‘mon Sultonligi ko‘magida barpo etilgan «Abu Rayhon Beruniy kutubxonasi» ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy va madaniy hamkorlikning muhim namunasi sifatida qayd etilgan.
Nashrda Toshkent shahridagi Hazrati Imom majmuasi yonida joylashgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Markaziy Osiyo va islom olamidagi yirik madaniy-ma’rifiy va ilmiy maskanlardan biri sifatida e’tirof etilgan. Markazning tarixiy xotirani tiklash, noyob qo‘lyozmalarni jamlash va raqamlashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda xalqaro madaniy muloqotni mustahkamlash borasidagi vazifalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Shu bilan birga, maqolada Markazning ko‘rgazma maydoni hajmi bo‘yicha Ginnessning rekordlar kitobiga dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi sifatida kiritilgani, bu yerda hazrati Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) mushafi va boshqa noyob tarixiy Qur’oni karim qo‘lyozmalari saqlanayotgani ta’kidlangan.
Maqolada Markazning zamonaviy me’moriy yechimi, raqamli kutubxonasi va ilmiy-ma’rifiy imkoniyatlari ham uning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini namoyon etuvchi muhim jihatlar sifatida qayd etilgan.
Ushbu maqolaning O‘monning madaniy-ma’rifiy nashrida e’lon qilinishi O‘zbekistonning boy islomiy merosi va Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini xalqaro auditoriyaga yetkazish, shuningdek, O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.





