«Hayratlanarli g‘oyaning amaliy ifodasi»: AQShlik olim O‘zbekiston Prezidenti tashabbusini e’tirof etdi
«Bu — butun dunyo uchun tuhfa!» — AQShning Jon Xopkins universiteti Xalqaro ilg‘or tadqiqotlar maktabi (SAIS) taklif etilgan professori, Milliy manfaatlar markazi katta ilmiy xodimi Endryu Kachins O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga shunday baho berdi.
AQShning Jon Xopkins universiteti Xalqaro ilg‘or tadqiqotlar maktabi (SAIS) taklif etilgan professori, Milliy manfaatlar markazi katta ilmiy xodimi Endryu Kachins boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Amerikalik ekspertlar dastlab Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan barpo etilgan Markazning muzey ekspozitsiyalari, nodir tarixiy artefaktlari va zamonaviy texnologik imkoniyatlari bilan tanishdi.
Ayniqsa, buyuk allomalarning raqamli siymolari bilan interaktiv muloqot qilish imkoniyati, ekspozitsiyalarning ilmiy mazmuni va tarixiy ma’lumotlarni mulьtimediaviy vositalar orqali taqdim etish usullari mehmonlarda qiziqish uyg‘otdi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari va Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda O‘zbekiston va AQSh ilmiy muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, qo‘shma tadqiqotlar tashkil etish, universitetlar va muzeylar bilan hamkorlikni rivojlantirish hamda Markazning ilmiy loyihalarini xalqaro auditoriyaga tanishtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Firdavs Abduxoliqov davlat rahbarining Markazni tashkil etish g‘oyasi va uning strategik maqsadlariga to‘xtalib, muassasa faoliyati tarixiy eksponatlarni namoyish etish bilan cheklanmasligini ta’kidladi.
Markazda buyuk allomalarning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini chuqur o‘rganish, noyob qo‘lyozmalar va tarixiy manbalarni tadqiq etish, ularni ilmiy muomalaga kiritish hamda xorijiy akademik muassasalar bilan aloqalarni mustahkamlash ustuvor vazifalar qatoriga kirishi qayd etildi.
Muloqotda islom sivilizatsiyasining matematika, astronomiya, tibbiyot, falsafa va boshqa fanlar rivojidagi o‘rnini xalqaro jamoatchilikka xolis ilmiy manbalar asosida yetkazish masalasiga ham e’tibor qaratildi.
Shuningdek, islomning ma’rifiy an’analarini kengroq tushuntirish, diniy stereotiplar va islomofobiyaga qarshi ilmiy-ma’rifiy yondashuvlarni rivojlantirishda universitetlar, tadqiqot markazlari va madaniy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlik ahamiyati muhokama qilindi.
Uchrashuvda Markaziy Osiyo tarixi va sivilizatsiyasi bo‘yicha tadqiqotlari bilan tanilgan amerikalik olim Frederik Starrning ilmiy faoliyati ham tilga olindi. Delegatsiya a’zolari uning qalamiga mansub kitobni o‘zlari bilan olib kelgani O‘zbekiston va AQSh ilmiy doiralari o‘rtasidagi mavjud intellektual aloqalarni yana bir bor eslatdi.
Endryu Kachins, Jon Xopkins universiteti Xalqaro ilg‘or tadqiqotlar maktabi professori, Milliy manfaatlar markazi katta ilmiy xodimi:
«Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu muzeyni barpo etish g‘oyasi haqiqatan ham hayratlanarli. Bunday ulkan tashabbusning hayotga tatbiq etilganini ko‘rish — men uchun tarixiy voqeaga guvoh bo‘lish bilan barobar. Muzey menda nihoyatda kuchli taassurot qoldirdi. Bu yerda bo‘lib, bugun O‘zbekistonda naqadar katta o‘zgarishlar yuz berayotganini chuqur his qildim.
AQShdagi universitetlar, ilmiy markazlar, muzeylar, musulmon jamoalari va sayyohlar bilan aloqalarni rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjud. Men ham bu imkoniyatlarni kengroq targ‘ib etish va hamkorlikni rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shishga harakat qilaman.
Markaz O‘zbekistonning islomiy an’analari va boy ma’rifiy merosini asrab-avaylash, uni butun dunyo bilan baham ko‘rishdek muhim vazifani to‘laqonli amalga oshirmoqda. Bu — butun dunyo uchun tuhfa!».
Tashrif yakunida amerikalik mehmonlarga Islom sivilizatsiyasi markazi nomidan cheklangan adadda zarb etilgan esdalik kumush tangalar hamda kitoblar taqdim etildi.





