Ekspertlar guruhi: “Kitoblarni xalqaro talablar darajasida chop etish kerak”
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ilmiy-ma’rifiy nashrlarni tayyorlash va chop etish jarayoni bosqichma-bosqich davom etmoqda. Navbatdagi ekspert komissiyasi yig‘ilishida nashrga tayyorlanayotgan kitoblarning mazmuni, ilmiy saviyasi va tahrir sifati ko‘rib chiqildi. Muhokamalar yakunida 10 ta kitob ekspertlar ekspertizasidan o‘tkazildi.
Yig‘ilishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari Gulnora G‘aniyeva, ilmiy kotib Rustam Jabborov, bosh ilmiy xodim Zohidullo Munavvarov hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Unda joriy yil yakuniga qadar chop etilishi rejalashtirilgan 100 dan ortiq kitobning nashrga tayyorgarlik holati muhokama qilindi. Xususan, «O‘zbekiston madaniy merosi» turkumidagi 12 ta jild, diplomatik yo‘nalishdagi 16 ta kitob hamda «Qalbdan yaralgan durdonalar» turkumi doirasida tayyorlanayotgan nashrlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
«O‘zbekiston madaniy merosi» turkumidagi kitoblarda Markaz ekspozitsiyasidan o‘rin olgan noyob qo‘lyozmalar, tarixiy artefaktlar, xaritalar va boshqa madaniy meros namunalari haqida ma’lumotlar jamlangan. Diplomatik yo‘nalishdagi nashrlarda esa O‘zbekistonning Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, arab mamlakatlari, Fransiya, Germaniya, Ispaniya kabi davlatlar bilan tarixiy va madaniy aloqalari, shuningdek, Markaz ekspozitsiyasida aks etgan mazkur mamlakatlarga oid ashyo va artefaktlar yoritiladi.
Shuningdek, «Qalbdan yaralgan durdonalar» turkumidagi kitoblar, jumladan, «Moziy izlari» nomli nashr ham muhokama markazida bo‘ldi.
Ekspertlar kitoblarning ilmiy asoslanganligi, tarixiy ma’lumotlarning ishonchliligi, matnlarning mazmunan izchilligi, imlo va uslubiy jihatdan to‘g‘ri rasmiylashtirilishiga alohida e’tibor qaratdilar. Nashrlarning sifatini yanada oshirish, tahrir jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Qayd etish joizki, ekspert komissiyasi faoliyati nashrlarning ilmiy va ma’rifiy qiymatini ta’minlash, ularni puxta tahrir asosida kitobxonlarga taqdim etishga qaratilgan. Bu jarayon Markazda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ilmiy-ma’rifiy nashrlar dasturining muhim bosqichlaridan biridir.
Shuningdek, ekspertlar guruhi a’zolari kitoblar saviyasini xalqaro talablar darajasiga yetkazish xususida ham fikr bildirishdi.





