Yangiliklar

Maqolaning to‘liq matni, illyustratsiyalar va Markazning boshqa yangiliklari to‘plami.

Oltin O‘rda davriga oid noyob tilla belbog‘ Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida

XIV asrga oid ushbu zanjirli belbog‘ Oltin O‘rda davridagi Markaziy Osiyo va Kaspiy dashtlari hududida taraqqiy etgan yuksak zargarlik san’atini aks ettiradi.

Belbog‘ murakkab tuzilishga ega bo‘lib, yettita yirik kvadrat shakldagi tilla elementdan tashkil topgan, har birining yuqori qismida piramidasimon feruza toshlar joylashtirilgan. Ularning beshtasi bugungi kungacha saqlanib qolgan. Kvadrat elementlarning yon tomonlari bo‘rtma o‘rama naqshlar bilan bezatilgan.

Belbog‘ kompozitsiyasi zanjir halqalari va marjonli juft silindrsimon bo‘laklar orqali o‘zaro bog‘langan. Marjonlarning uchlaridagi tilla mixlar ularni mahkamlash vazifasini bajargan.  

Artefaktning ikki chetidagi kvadrat elementlar keyinchalik, belbog‘ni kengaytirish ehtiyoji tufayli qo‘shilgan. Bu holat chetki elementlarning o‘rta qismdagilaridan farq qilishida namoyon bo‘ladi. Mazkur xususiyat tarixiy buyumning foydalanish jarayonida qayta ishlangani va takomillashtirilganidan dalolat beradi.

Bunday nodir artefaktlar, odatda, jamiyatning yuqori tabaqasi — zodagonlar va hukmron doiralar vakillari uchun tayyorlangan. Shu bois ular nafaqat moddiy boylik, balki ijtimoiy mavqe, hokimiyat va estetik didning ham ramzi hisoblangan.

Bugungi kunda shu kabi tarixiy artefaktlar o‘tmish sivilizatsiyasidagi iqtisodiy hayot, savdo yo‘llari, madaniy aloqalar, ijtimoiy tuzum va amaliy san’at taraqqiyotini o‘rganishda muhim manba vazifasini o‘taydi.