YUNESKO O‘zbekiston prezidenti tashabbusini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi
O‘zbekistonning madaniy merosni muhofaza qilishga qaratilgan xalqaro tashabbusi YUNESKO Ijroiya kengashi tomonidan bir ovozdan ma’qullandi. Bu mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosni asrash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarining muhim e’tirofidir.
Mazkur qaror YUNESKO Ijroiya kengashining 225-sessiyasi doirasida Parijdagi shtab-kvartirada qabul qilindi. Tashabbus O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan o‘tgan yil oktabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasida ilgari surilgan edi.
Tashabbus iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar va globallashuv ta’sirida madaniy meros obyektlariga yuzaga kelayotgan tahdidlarning oldini olish, ularni muhofaza qilishda davlatlar, xalqaro tashkilotlar va ilmiy jamoatchilik hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan.
Qarorga muvofiq, 2027-yilda Xiva shahrida YUNESKO ishtirokida xalqaro simpozium o‘tkaziladi. Unda madaniy meros obyektlarini asrash, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va an’anaviy bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazish masalalari muhokama qilinadi. O‘zbekiston tashabbusini YUNESKOga a’zo 54 ta davlat, jumladan, Xitoy, Ispaniya, Gretsiya, Portugaliya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarbayjon qo‘llab-quvvatladi. Madaniy merosni asrash nafaqat o‘tmishni muhofaza qilish, balki insoniyatning umumiy ma’naviy boyligini kelajak avlodlarga yetkazish demakdir.





