O‘zbekistonda nodir qo‘lyozmalar asosida tayyorlangan yettita tarixiy asar jamoatchilikka tanishtirildi
XIV asrda Orol dengizi va koinot haqida qanday tasavvurlar mavjud bo‘lgan? Markaziy Osiyo hukmdorlarining farmonlarida fuqarolar huquqi va mol-mulk daxlsizligi qanday yoritilgan? O‘tmish shoirlarining asarlarini asl mazmunini saqlagan holda bugungi kitobxonga qanday yetkazish mumkin? Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida taqdim etilgan yangi ma’rifiy kitoblar ana shunday savollarga tarixiy manbalar asosida javob izlash imkonini beradi. Markaz tomonidan tayyorlangan ushbu nashrlar adabiyot, aqida, davlatchilik tarixi, kosmografiya va tabiatshunoslikka oid yozma merosni ilmiy o‘rganish, tarjima va tabdil qilish ishlarining amaliy natijasi sifatida jamoatchilikka tanishtirildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida buyuk allomalar va mutafakkirlar merosini tadqiq etish, tarixiy qo‘lyozmalarni ilmiy muomalaga kiritish va ularni keng kitobxonlar ommasiga yetkazishga qaratilgan 7 ta kitobning taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda mumtoz adabiyot, islom aqidasi, Markaziy Osiyo davlatchiligi va huquq tarixi, o‘rta asrlar geografiyasi hamda tabiatshunoslikka oid asarlar tanishtirildi.
Taqdimotda Shermuhammad Jizzaxiy Urg‘uliy G‘oziyning “Devoni Mahzun”, Muhammad Yusuf ibn Hoji Muhammad Yoqub Toshkandiy qalamiga mansub “Dahrun Najot”, Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiyning “Ahli sunna val jamoa aqidasi”, Ahmad ibn Muhammad Buxoriyning “Markaziy Osiyo hukmdorlarining yorliqlari”, Shamsuddin Abu Abdulloh Muhammad ad-Damashqiyning “Quruqlik va dengiz ajoyibotlari borasida zamonaning saylanmasi”, Ali Qushchi o‘g‘li qozi Abdurahmonning “Ravnaqi bo‘ston”, asarlari va Ahmad ibn Mahmud Buxoriyning “Buxoro ziyoratgohlarining odoblari” nomli tarixiy risolasi haqida ma’lumot berildi.
Markaz direktori o‘rinbosari Gulnora G‘aniyeva tadbirni kirish so‘zi bilan ochdi. Dastur doirasida «Men» nomli hujjatli film ham namoyish etildi.
Taqdimotning asosiy e’tibori kitoblarning mazmuni bilan bir qatorda, ularni tayyorlash uchun olib borilgan manbashunoslik izlanishlari, tarixiy matnlarni o‘qish, tarjima va tabdil qilish hamda ilmiy izohlar bilan boyitish jarayonlariga qaratildi.
«Devoni Mahzun»: tarixiy matnni o‘zgartirmasdan, zamonaviy kitobxonga yetkazish
Markaz ilmiy xodimi Abdurasul Yaxshiboyev Shermuhammad Jizzaxiy Urg‘uliy G‘oziyning «Devoni Mahzun» asari, uning yaratilish tarixi va adabiy ahamiyati haqida ma’lumot berdi.
Shermuhammad Jizzaxiy Urg‘uliy G‘oziy Jizzax vohasida yashab ijod qilgan, diniy va dunyoviy bilimlarni egallagan ijodkorlardan biri bo‘lgan. Uning g‘azallari va ma’naviy-axloqiy mazmundagi asarlari mintaqa adabiy muhitini o‘rganishda muhim manba hisoblanadi.
Taqdimotda qayd etilishicha, devonda Alisher Navoiy va Mashrab ijodi bilan bog‘liq adabiy ta’sirlar, muallifning dunyoqarashi hamda hayotiga oid ma’lumotlar mavjud.
Asarni nashrga tayyorlashda tarixiy matnning asliy mazmunini saqlashga alohida e’tibor berilgan. Eski o‘zbek yozuviga xos so‘z va iboralar, shuningdek, arab va fors tillaridan o‘zlashgan tushunchalar uchun izohli lug‘atlar tayyorlangan.
Abdurasul Yaxshiboyev, Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi:
Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish jarayonidayoq ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish, ularni avaylab-asrab, butunligicha xalqimizga yetkazish, tarjima va tabdil qilib, keng jamoatchilikka taqdim etish zarurligini bir necha bor ta’kidlaganlar. Bugungi kunda Markazimizda amalga oshirilayotgan ilmiy ishlar, xususan, qo‘lyozma kitoblarni o‘rganish va nashrga tayyorlash jarayonlari ana shu ezgu maqsadning amaliy ifodasidir. “Devoni Mahzun” ham ana shunday izlanishlar natijasida o‘rganilgan asarlardan biri. Asarni tabdil qilish jarayonida uning mazmunini saqlab qolishga, muallif bayon etgan fikrlarni o‘zgartirmasdan, zamonaviy o‘quvchiga tushunarli shaklda yetkazishga harakat qildik. Biz bu kitobni xalqimizga, tadqiqotchilarimizga tushunarli bo‘lishi uchun tayyorlashga alohida e’tibor qaratdik. Muallifning asl matni qanday bo‘lsa, shu holatda saqlandi, uning mazmuniga o‘zgartirish kiritilmadi. Faqat o‘quvchiga tushunish oson bo‘lishi uchun arabcha va forscha so‘zlarga izohlar, lug‘aviy tushuntirishlar berildi. Zero, bizning maqsadimiz nafaqat asarni nashr qilish, balki undagi ilmiy va ma’naviy mazmunni keyingi avlodga ham to‘liq yetkazishdir.
Shuningdek, Muhammad Yusuf ibn Hoji Muhammad Yoqub Toshkandiy qalamiga mansub “Dahrun Najot” asari ham taqdimotdan o‘rin oldi. Mazkur asarda Payg‘ambarlarga aloqador bo‘lgan mashhur ibratli qissalar bilan bir qatorda she’riyat mulkining sultoni Hazrat Alisher Navoiy va boshqalarning tarbiyaviy ahamiyatga molik bo‘lgan baytlaridan parchalar keltirib o‘tilgan.
Hadislarning mazmun-mohiyati ulamolarning hikmatli so‘zlari va hayotiy misollar bilan ochib berilgan. Kitobda odob axloq, insoniylikka xos sifatlar, musulmon kishida topilishi zarur bo‘lgan go‘zal xulqlarga oid to‘qson to‘qqiz savolga to‘qson to‘qqiz javob, ya’ni savol-javob uslubida sharh qilingan. Kitobxon mutolaa qilayotganida tushunarsiz iboralarga duch kelmasligi uchun ba’zi so‘zlarga sharhlar berilgan. E’tiborli tomoni nazmda keltirilgan ushbu ma’lumotlarda ularning ma’no va mazmunlari batafsil yoritib berilgan. Xususan, insonlar o‘rtasida ahil-inoqlik, insoniy go‘zal sifatlarni qaror toptirish, vatanni sevish, birga yashayotgan jamiyat vakillari bilan doimo bir oila a’zolari kabi hayot kechirish, ma’naviy qalb kasalliklardan voz kechish, maqtalgan sifatlar bilan bezanish kabi muhim masalalar haqida so‘z yuritiladi.
Markaziy Osiyo hukmdorlarining yorliqlari: davlatchilik va huquq tarixining yozma dalillari
Taqdimotning muhim mavzularidan biri Markaziy Osiyo davlatchiligi va huquqiy munosabatlar tarixiga bag‘ishlandi.
Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Nasriddin Mirzayev «Markaziy Osiyo hukmdorlarining yorliqlari» kitobi haqida so‘z yuritib, sultonlar, amirlar va xonlar tomonidan chiqarilgan farmon hamda yorliqlar davlat boshqaruvining amaliy mexanizmlarini o‘rganish uchun muhim tarixiy hujjatlar ekanini ta’kidladi.
Uning ma’lum qilishicha, tarixiy arxivlar, qo‘lyozma fondlari va turli to‘plamlarda mintaqadagi hukmdorlarga oid ko‘plab farmonlar saqlanib qolgan.
Bunday hujjatlar muayyan davrdagi davlat boshqaruvi, mulkiy munosabatlar, huquqiy imtiyozlar va aholi bilan hokimiyat o‘rtasidagi munosabatlar haqida ma’lumot beradi.
Nasriddin Mirzayev, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori:
Bugun taqdimoti o‘tkazilayotgan “Markaziy Osiyo hukmdorlarining yorliqlari” kitobimiz asosan Markaziy Osiyo davlatchilik tarixi, sud-huquq tizimimiz va umuman, huquqiy tafakkurimiz tarixiga oid ajdodlarimizdan qolgan eng noyob yozma merosni ommaga e’lon qilish maqsadida tayyorlandi. O‘lkamizda sud-huquq tizimining ildizlari uzoq tarixga borib taqaladi. Bizgacha sulton, amir, xon va boshqa hukmdorlarning minglab yorliq va farmonlari turli fondlar, arxivlar hamda qo‘lyozmalar markazlarida saqlanib qolgan. Ushbu hujjatlarni o‘rganish orqali ajdodlarimizning davlat boshqaruvi, huquqiy munosabatlar va inson manfaatlariga bo‘lgan yondashuvini anglash mumkin. Kitobxon bu manbalar bilan tanishar ekan, tariximizda inson qadri, uning haq-huquqlarini himoya qilish va mol-mulki daxlsizligini ta’minlash davlat boshqaruvining muhim masalalaridan biri bo‘lganini ko‘radi. Masalan, Subhonqulixon, Buxoro amiri Haydar yoki Xiva xoni Muhammad Rahimxon Bahodirxon tomonidan chiqarilgan hujjatlarda fuqarolarning haq-huquqlari, mol-mulkini himoya qilish, ularning manfaatlariga zarar yetkazilishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish masalalari aks etgan. Shu jihatdan mazkur kitobni nafaqat tarixiy manba, balki bugungi huquqiy ongimizni oshirishga xizmat qiluvchi muhim nashr sifatida ham baholash mumkin.
Olimning ma’lum qilishicha, «Markaziy Osiyo hukmdorlarining yorliqlari» ilk bor yaxlit nashr shaklida taqdim etilmoqda. Kitobda hujjatlarning asl nusxalari, matn o‘qilishi va o‘zbek tilidagi tarjimalari jamlangan. Bu jihat nashrdan tarixchilar, huquqshunoslar va manbashunoslarning foydalanishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, olim Markaz tomonidan tayyorlangan Ahmad ibn Mahmud Buxoriyning “Buxoro ziyoratgohlarining odoblari” nomli tarixiy risola haqida ham ma’lumot berdi. Asar muallifi Temur va Temuriylar davrida yashab ijod qilgan. Mazkur asar “Mullozoda” nomi bilan ham mashhur. Bugungi kunga qadar mutaxassislar tomonidan uning dunyo bo‘yicha 200 dan ziyod qo‘lyozma nusxasi aniqlangan. Biz ham Markazimiz fondida saqlanayotgan, davlat reyestriga kiritilgan nusxa asosida nashrga tayyorlangan.
Ushbu kitob, ayniqsa, ziyorat turizmi yo‘nalishida juda muhim va foydali qo‘llanma bo‘la oladi. Chunki unda Buxoro ziyoratgohlari, ularni ziyorat qilish odoblari haqida ma’lumotlar berilgan. Asarni tayyorlash jarayonida asl manbada keltirilgan arab tilidagi duolarning matni, zamonaviy o‘qilishi hamda o‘zbek tilidagi tarjimasini birgalikda berishga harakat qildik. Bu esa tadqiqotchilar, ziyoratchilar va oddiy kitobxonlar uchun ham asardan foydalanishni ancha qulaylashtiradi.
XIV asrda Orol dengizi va koinot haqida nimalar ma’lum bo‘lgan?
Taqdimotda alohida qiziqish uyg‘otgan asarlardan yana biri Shamsuddin Abu Abdulloh Muhammad ad-Damashqiy qalamiga mansub «Quruqlik va dengiz ajoyibotlari borasida zamonaning saylanmasi» bo‘ldi.
Markaz ilmiy xodimi Ravshan Xudoyberganov mazkur asar kosmografiyaga oid ekanini, unda o‘rta asrlarda koinot, Yer, tabiat va geografiya haqida shakllangan tasavvurlar aks etganini ta’kidladi.
Uning fikricha, bunday tarixiy manbalarni o‘rganish bugungi ilm-fan yutuqlarini o‘tmishdagi bilimlar bilan qiyoslash, ilmiy tafakkurning rivojlanish bosqichlarini anglash imkonini beradi.
Ravshan Xudoyberganov, Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi:
«Bu asar kosmografiyaga oid bo‘lib, unda koinot va Yer haqidagi bilimlar jamlangan. Uni nashrga tayyorlashdan ko‘zlangan maqsadlardan biri XIV asrda insonlarning dunyo, koinot va tabiat haqidagi tasavvurlari qanday bo‘lganini ko‘rsatishdir. Bugun biz Yer va koinot haqida juda ko‘p ma’lumotlarga egamiz. Ammo bu bilimlarga erishish uchun insoniyat uzoq tarixiy bosqichlarni bosib o‘tgan, ko‘plab kashfiyotlar amalga oshirilgan. Har bir davrning o‘ziga xos ilmiy qarashlari va tafakkur darajasi bo‘lgan. Mazkur asar esa aynan XIV asrdagi ana shu bilimlar haqida umumlashtiruvchi ma’lumot beradigan muhim manbadir.
Asarning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, unda bizning o‘lkamiz bilan bog‘liq ma’lumotlar ham mavjud. Jumladan, muallif dengizlar va suvliklar haqida so‘z yuritar ekan, Orol dengizi, Orol ko‘li haqida ma’lumotlar keltiradi. Shuningdek, Orolbo‘yi hududida yashagan turkiy xalqlar haqida ham qiziqarli qaydlar bor. Biz kitobni tarjima qilishda aynan shu ma’lumotlarga ham alohida e’tibor qaratdik».
Tadqiqotchining aytishicha, asarni nashrga tayyorlash jarayonida Islom sivilizatsiyasi markazi fondida 73-tartib raqami bilan saqlanayotgan qo‘lyozmadan ham foydalanilgan.
Ravshan Xudoyberganov olib borilgan izlanishlarga tayanib, mazkur asarning O‘zbekistondagi yagona ma’lum qo‘lyozma nusxasi Markaz fondida saqlanayotganini bildirdi.
Uning ma’lum qilishicha, ushbu asar XIX asrda Yevropada nashr qilingan va keyinchalik xorijiy tadqiqotchilar tomonidan ham o‘rganilgan.
Kitobning yana bir o‘ziga xosligi uning Sharq adabiyotidagi «ajoyibot» janriga mansubligidir. Bunday asarlarda geografik ma’lumotlar, tabiat hodisalari, tarixiy kuzatishlar va o‘sha davr kishilarining olam haqidagi tasavvurlari birlashadi.
Shu sababli mazkur manba faqat o‘rta asrlar geografiyasini emas, balki ilm tarixi, adabiy janrlar va jamiyatning dunyoqarashini tadqiq etishda ham ahamiyatli.
Markaz mutaxassislari ushbu nashr orqali «ajoyibot» janriga oid tarixiy manbalarni kengroq ilmiy muomalaga kiritish va ularga tadqiqotchilar e’tiborini qaratishni maqsad qilgan.
Taqdimotda Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiyning «Ahli sunna val jamoa aqidasi» asari ham jamoatchilikka tanishtirildi.
Mazkur kitobda ahli sunnat va jamoat aqidasining asosiy tamoyillari bayon etilgan. Uning o‘zbek tilida taqdim etilishi diniy-ma’rifiy bilimlarni ilmiy manbalar asosida o‘rganishga qiziquvchilar uchun muhim ahamiyatga ega.
Asar, shuningdek, Markaziy Osiyoda shakllangan diniy-ilmiy an’analar, aqidaviy qarashlar va ularning tarixiy rivojlanishini o‘rganishda qimmatli manbalardan biri hisoblanadi.
Ali Qushchi o‘g‘li qozi Abdurahmonning «Ravnaqi bo‘ston» asari esa boshqa yo‘nalish — bog‘dorchilik va tabiatshunoslikka oid ma’lumotlari bilan e’tiborga molik. Taqdimotda Markaz ilmiy xodimi Alimardon Hayitov mazkur asarning mazmuni, muallifning ilmiy qiziqishlari va unda foydalanilgan manbalar xususida ma’lumot berdi.
Mazkur “Ravnaqi bo‘ston” kitobi yurtimizdan yetishib chiqqan olimlardan biri Ali Qushchining o‘g‘li Qozi Abdurahmonga qalamiga mansub bo‘lib, olti asosiy bo‘limdan tashkil topgan asarda tuproq turlari va xususiyatlari, daraxt ekish vaqtlari, usullari, oy nuri va yulduzlar yog‘dusining ekish jarayoniga ta’siri, butash va payvandlash usullari, sabzavot va mevalarning har xil kasalliklarga shifobaxshligi, poliz ekinlari va gullarni yetishtirish, ularni o‘g‘itlash tartibi, mevalarni terish, to‘plash va saqlash haqida batafsil so‘z yuritilgan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Turkiyaning Anadolu shahrida qishloq xo‘jaligi, xususan, bog‘dorchilik sohasida yozilgan eng qadimgi turkiy asar hisoblanadi. Bu borada yozilgan asarlarning kamligi inobatga olinsa, “Ravnaqi bo‘ston” yanada katta ahamiyat kasb etadi.
«Ravnaqi bo‘ston» kabi tarixiy asarlarni o‘rganish mintaqada tabiat, o‘simliklar va amaliy bilimlarga oid qarashlarning shakllanishi haqidagi tasavvurlarni kengaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Shu tariqa, taqdim etilgan ilmiy ma’rifiy kitoblar bir-biridan mavzusi bilan farq qilsa-da, ularni umumiy ilmiy vazifa birlashtiradi: tarixiy manbalarni zamonaviy tadqiqot usullari asosida o‘rganish va ularning mazmunini kitobxonlarga yetkazish.
Ikki mingdan ziyod manba: yangi nashrlar uchun ilmiy asos
Mazkur kitoblar taqdimotidan ko‘rinadiki, Islom sivilizatsiyasi markazida qo‘lyozma va toshbosma manbalarni tadqiq etish, ularni tarjima va tabdil qilish, ilmiy izohlar bilan boyitish hamda nashrga tayyorlash ishlari qizg‘in olib borilyapti.
Taqdimotda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Markaz fondida ikki mingdan ziyod qo‘lyozma, toshbosma va arxiv hujjatlari saqlanmoqda.
Bu manbalar adabiyot, tarix, falsafa, huquq, diniy ilmlar, tabiatshunoslik va boshqa sohalarga oid tadqiqotlar uchun muhim imkoniyat yaratadi.
Biroq tarixiy qo‘lyozmani nashr etish uning matnini kitob shakliga keltirish bilangina cheklanmaydi. Bunday jarayon manbaning kelib chiqishi va davrini aniqlash, mavjud nusxalarni qiyoslash, matnni ilmiy o‘qish, zarur izohlar tayyorlash va tarjima aniqligini ta’minlash kabi bosqichlarni o‘z ichiga oladi.
«Devoni Mahzun»da mumtoz adabiy matnni asrash va tushuntirishga, «Markaziy Osiyo hukmdorlarining yorliqlari»da tarixiy huquqiy hujjatlarni jamlash va tarjima qilishga, ad-Damashqiy asarida esa o‘rta asrlar ilm-faniga oid ma’lumotlarni qayta tadqiq etishga e’tibor qaratilgan.
Ushbu taqdim etilgan nashrlar Islom sivilizatsiyasi markazidagi nashriyot faoliyatining muhim yo‘nalishini namoyon etdi: ya’ni asrlar davomida saqlangan qo‘lyozmalarni faqat muzey va arxiv fondlarida asrash emas, balki ularni yangi ilmiy tadqiqotlar, zamonaviy nashrlar va keng kitobxonlar auditoriyasi uchun foydalanish mumkin bo‘lgan bilim manbaiga aylantirish jarayoni faol olib borilmoqda.
Taqdim etilgan nashrlar esa milliy yozma merosning adabiyotdan huquqqa, aqidadan kosmografiyagacha bo‘lgan turli qirralarini o‘rganish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.





