JST vakillari Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekistonning ilmiy merosini e’tirof etdi
Buyuk Ipak yo‘lining jahon taraqqiyotidagi o‘rni, algebra ilmining rivojlanishi va «algoritm» atamasining tarixiy ildizlari — O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruh raisi Sung-yo Choy hamda JST Kotibiyati A’zolik bo‘linmasi direktori Mayka Oshikavaning Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi davomida alohida qiziqish uyg‘otgan mavzular bo‘ldi.
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruh raisi Sung-yo Choy va JST Kotibiyati A’zolik bo‘linmasi direktori Mayka Oshikava Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Sung-yo Choy, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhi raisi:
«Bu yerda islom madaniyatining naqadar rang-barangligi va ushbu sivilizatsiyaning nihoyatda boy madaniy merosi bilan tanishish menda katta taassurot qoldirdi. Ipak yo‘lining insoniyat taraqqiyotida, xususan, algebra ilmining rivojlanishida muhim o‘rin tutgani, “algoritm” atamasining kelib chiqishi bilan bog‘liqligini bilib, hayratlandim. Avval bu haqda bunday ma’lumotga ega emasdim. Menimcha, bunday Markaz yoshlarga o‘z madaniyati, milliy o‘zligi va ajdodlarining tarixiy ildizlarini chuqurroq anglash imkonini beradi. Bu ularning bilim va dunyoqarashini boyitish, tarixiy xotirasini mustahkamlashda juda muhim».
Mayka Oshikava, JST Kotibiyati A’zolik bo‘linmasi direktori:
«Ekspozitsiyalarning sifati, ma’lumotlarning qulay va oson tushuniladigan tarzda taqdim etilgani meni nihoyatda hayratlantirdi. Bu yerdagi har bir yechim insonda yanada ko‘proq bilish va o‘rganish istagini uyg‘otadi. O‘zbekiston haqidagi bilimlarim avval unchalik ko‘p emas edi. Ammo Markaz bilan tanishish davomida mamlakatingizning naqadar boy tarixga ega ekanini, bu zaminda qanchadan-qancha muhim voqealar kechganini va jahonga taqdim etadigan ulkan merosi borligini angladim. O‘zbekistonning ko‘plab sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgani uning tarixiy va madaniy ahamiyatini yanada yaqqol namoyon etadi».
Tashrif yakunida mehmonlarni Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov kuzatib, ular bilan qisqa muloqot o‘tkazdi. Delegatsiya a’zolariga Markaz nomidan esdalik sovg‘alari topshirildi.





