Qatarning yetakchi gazetasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasining O‘monga tashrifi haqida yozdi
Qatar Davlatining Doha shahrida nashr etiladigan mamlakatdagi yetakchi ingliz tilidagi kundalik gazetalardan biri — The Peninsula nashrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasining O‘mon Sultonligiga amaliy tashrifi haqida maqola e’lon qilindi.
Unda Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiyaning O‘mon Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashuvi, tarixiy hujjatlar va qo‘lyozmalarni saqlash, restavratsiya qilish hamda raqamlashtirish borasidagi tajriba almashinuvi yoritilgan.
Shuningdek, maqolada ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va tarixiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tadqiqotlar va xalqaro konferensiyalar tashkil etish, arxiv merosini muhofaza qilish sohasida mutaxassislar malakasini oshirish masalalariga e’tibor qaratilgan.
Nashrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash va ma’rifiy tashabbuslarni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlari ham alohida e’tirof etilgan.
Mazkur maqolaning Qatarning nufuzli ommaviy axborot vositalaridan biri bo‘lgan The Peninsula gazetasida chop etilishi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati, xalqaro hamkorlik aloqalari hamda milliy va umuminsoniy merosni dunyoga tanitish borasidagi ishlarga xorijiy matbuot e’tibori ortib borayotganini ko‘rsatadi.





