Al Roya: "Maskat shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va uning tarixiy merosiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkaziladi"
O‘mon Sultonligining yetakchi ommaviy axborot vositalaridan biri — «Ar-Ru’ya» (Al Roya) gazetasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va uning boy tarixiy merosiga bag‘ishlangan taqdimot haqida maqola e’lon qilindi. Unda Masqat shahridagi Sulton Qobus nomidagi Buyuk masjidda «O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi madaniy aloqalar» mavzusida o‘tkaziladigan tadbir, markazning ilmiy-ma’rifiy ahamiyati, noyob tarixiy eksponatlari, Hazrati Usmon mushafi hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi kutubxona haqida ma’lumot berilgan. Shuningdek, nashrda O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi tarixiy-madaniy hamkorlik aloqalari, Islom sivilizatsiyasi markazining jahon ilm-fani va madaniyati merosini o‘rganish hamda targ‘ib etishdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratilgan.
Sulton Qobus nomidagi Buyuk masjidning ma’ruzalar zalida «O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi madaniy aloqalar» mavzusida «O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi»ga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tadi.
Tadbir O‘zbekistonning boy islomiy merosi, mamlakatning tarixiy o‘rni hamda insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan salmoqli hissasini keng jamoatchilikka tanitish maqsadida tashkil etilmoqda.
Mazkur taqdimot O‘zbekiston Respublikasining O‘mon Sultonligidagi Elchixonasi tomonidan tashkil etilmoqda. Unda O‘mon Sultonligi ko‘magida barpo etilgan «Abu Rayhon Beruniy kutubxonasi» haqida maxsus ma’ruza ham o‘rin olgan. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi chuqur tarixiy va madaniy aloqalar, bilim-ma’rifat hamda sivilizatsiyaviy merosni asrab-avaylash sohalaridagi hamkorlikning yorqin ifodasidir.
Toshkent shahridagi tarixiy «Hazrati Imom» majmuasi yonida joylashgan Islom sivilizatsiyasi markazi Markaziy Osiyo va islom olamidagi eng yirik madaniy-ilmiy maskanlardan biri hisoblanadi. Qariyb 10 gektar maydonni egallagan markaz zamonaviy islom me’morchiligi uslubida barpo etilgan.
Markazning asosiy maqsadi O‘zbekistonning tarixiy va ilmiy salohiyatini namoyon etish, sivilizatsiyaviy xotirani tiklash, madaniy merosni hujjatlashtirish, noyob qo‘lyozmalarni jamlash va arxivlashtirish, shuningdek, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqlar o‘rtasida madaniy muloqotni mustahkamlashdan iborat.
Markaz ekspozitsiyasidan noyob tarixiy ashyolar o‘rin olgan. Jumladan, hazrati Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) mus'hafi uchun maxsus zal tashkil etilgan. Shuningdek, bu yerda turli Qur’oni karim nusxalari va tarixiy qo‘lyozmalar to‘plami, tadqiqotchilar va olimlar foydalanishi uchun o‘n minglab qo‘lyozmalar hamda ilmiy asarlarni o‘z ichiga olgan raqamli kutubxona mavjud.
Islom sivilizatsiyasi markazi ko‘rgazma maydoni hajmi bo‘yicha dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi sifatida Ginness rekordlari kitobiga kiritilgan. Shuningdek, markaz yuzlab mashhur ilmiy va tarixiy shaxslarning merosini hujjatlashtirishga hissa qo‘shmoqda. Uning feruza rang gumbazi va o‘ziga xos me’moriy yechimi esa O‘zbekistondagi zamonaviy madaniy yuksalishning yorqin ramzlaridan biri hisoblanadi.





