Qozog‘iston Inson huquqlari komissiyasi raisi Islom sivilizatsiyasi markazining salohiyatini e’tirof etdi
«Men juda ko‘p mamlakatlarda bo‘lganman. Ammo bu maskan hayotim davomida ko‘rgan eng go‘zal joylarimdan biri bo‘ldi», — dedi Qozog‘iston Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha komissiya raisi Jaqip Asanov O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi haqida tassurotlarini bildirarkan. Uning fikricha, mazkur maskan xalqaro sayyohlar qiziqishini oshirish va Markaziy Osiyoning madaniy-turistik salohiyatini kengroq tanitish uchun muhim imkoniyat yaratadi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha komissiya raisi Jaqip Asanov O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, uning muzey ekspozitsiyalari, nodir tarixiy qo‘lyozmalari va ilmiy-ma’rifiy imkoniyatlari bilan tanishdi.
Jaqip Asanov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha komissiya raisi:
«Men juda ko‘p mamlakatlarda bo‘lganman. Ammo bu maskan hayotim davomida ko‘rgan eng go‘zal joylarimdan biri bo‘ldi. Bu yerdagi har bir jihat hayratlanarli. Markaz O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishish, buyuk sivilizatsiya merosini anglash uchun noyob imkoniyat yaratadi.
Butun o‘zbek xalqini va mamlakat rahbariyatini bunday ulkan loyiha bilan samimiy tabriklayman. Ishonchim komilki, bu maskan dunyoning turli burchaklaridan sayyohlarni jalb etib, ko‘plab insonlarga O‘zbekistonning tarixiy va madaniy salohiyatini yangicha kashf etish imkonini beradi.
Bugun butun dunyo e’tibori Markaziy Osiyoga qaratilgani bejiz emas. Mintaqa, xususan, O‘zbekiston ulkan salohiyatga ega. Bunday loyihalar esa turizm rivojiga ham katta turtki beradi.
Markaz haqida avval ham eshitgan edim, ammo uning bunchalik go‘zal va ta’sirchan ekanini tasavvur qilmaganman. Bu yerdagi har bir ekspozitsiya buyuk tarix, qudratli sivilizatsiya va bugungi yangi O‘zbekiston haqida so‘zlaydi».





