Yangiliklar

Maqolaning to‘liq matni, illyustratsiyalar va Markazning boshqa yangiliklari to‘plami.

Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida Boburiylar davri zargarlik san’ati namunasi

Hindiston zargarlik san’atining nafis namunasi bo‘lgan ushbu marjonli taqinchoq va sirg‘alar to‘plami XIX asr oxiriga mansub bo‘lib, Boburiylar davri badiiy an’analari va hashamatli bezak uslubini o‘zida mujassam etgan.

To‘plam marjonli bezak va bir juft sirg‘adan iborat. Taqinchoq 15 ta elementdan tashkil topgan bo‘lib, ularning har biri olmoslar bilan gul shaklida bezatilgan. Qizil emalli gulbarglar nuqtasimon yashil emal fonida o‘ziga xos kompozitsiya hosil qiladi. Uning quyi qismi yoqutlar, mayda marvaridlar va qizil munchoqlardan iborat shokilalar bilan bezatilgan.

Taqinchoqning orqa tomoni ham alohida e’tiborga molik. Qaymoqrang fonda qizil va yashil gul naqshlari bilan ishlangan nafis emal bezaklari uni ikki tomonlama taqish imkonini beradi. Sirg‘alar esa olmoslar va emal bilan bezatilgan, gumbazsimon osma shakliga ega. U Boburiylar davri zargarlik an’analarini o‘zida aks ettirgan. Taqinchoq olmos, yoqut va rangli metalldan ishlangan. Uning aylana uzunligi 37,4 santimetr, to‘plamning umumiy vazni 179,3 grammni tashkil etadi.

XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Hindiston zargarlik san’ati an’anaviy uslublarni saqlagan holda Yevropa badiiy ta’sirlari bilan ham boyib borgan. Rajastan, Gujarat va boshqa hududlarda qimmatbaho toshlar hamda emal bilan bezash san’ati yuksak darajada rivojlangan.

Bunday bejirim taqinchoqlar, asosan, zodagonlar, badavlat savdogarlar va jamiyatning yuqori tabaqasi vakillari uchun yaratilgan. Ular nafaqat go‘zallik va nafosat timsoli, balki boylik, ijtimoiy mavqe va oilaviy meros ramzi ham hisoblangan.

Mazkur nodir zargarlik to‘plami Hindistonning boy madaniy merosi, an’anaviy zargarlik maktablari va asrlar davomida shakllangan badiiy mahoratini namoyon etadi.