«Mehmed: Fathlar sultoni» va «Vefa Sulton» kabi mashhur turk seriallari prodyuseri Toshkentda o‘z tarixiy ildizlarini kashf etdi
Turkiyaning «Mehmed: Fathlar sultoni» va «Vefa Sulton» kabi tarixiy seriallari prodyuseri sifatida tanilgan Eyyup Gyokxan O‘zekin O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. «Biz bu yerda o‘zimizni oddiy sayyoh sifatida emas, balki ushbu tarixning bir qismi, u bilan qardoshlik rishtalari orqali bog‘langan insonlar sifatida his etdik», deya tassurotlarini ma’lum qildi Turkiyaning mashhur seriallari prodyuseri.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Markazning me’moriy mahobati, buyuk allomalar merosi va zamonaviy texnologiyalar asosidagi ekspozitsiyalari mehmonda kuchli taassurot qoldirdi. Prodyuser, ayniqsa, Qur’on zalidagi namoyishlar va turkiy xalqlarning mushtarak tarixini aks ettiruvchi ekspozitsiyalar uni chuqur ta’sirlantirganini ta’kidladi.
Eyyup Gyokxan O‘zekin, turkiyalik prodyuser:
«Bunday maskanni baholash bizning ixtiyorimizda emas, deb o‘ylayman. Bu haqiqatan ham mislsiz darajadagi maskan. Mashalloh! Bu qadar go‘zal va muhtasham bo‘lishini kutmagan edik. Oldindan aytishgandi, ammo o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganimizda yanada kuchli taassurot oldik.
Avvalo, mushtarak tariximiz bilan faxrlandik. Shuningdek, sizlardek buyuk xalqning shunday yetakchisi, shunday Prezidentingiz borligidan naqadar baxtli ekaningizga guvoh bo‘ldik. Alloh u kishidan rozi bo‘lsin! Bu maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlardan, ajdodlarimizdan Alloh rozi bo‘lsin!
Biz bu yerda o‘zimizni oddiy sayyoh sifatida emas, balki ushbu tarixning bir qismi, u bilan qardoshlik rishtalari orqali bog‘langan insonlar sifatida his etdik. O‘z tariximiz, ota yurtimiz bilan faxrlandik.
Turkiy-islom sivilizatsiyasini yuksaltirgan qanchadan-qancha buyuk siymolar, ma’naviy yo‘lboshchilar aynan shu zamindan yetishib chiqqan. Ularning barchasi uchun tayanch nuqtasi, ma’naviy markaz — mana shu zamin.
Ekspozitsiyalarning barchasi juda go‘zal va ta’sirli. Ayniqsa, yakuniy qismda Qur’oni karim nozil bo‘lishi bilan bog‘liq lavhalarni tomosha qilar ekanmiz, hissiyotlarimizni jilovlash juda qiyin bo‘ldi. Bu manzaralar bizga nihoyatda kuchli ta’sir qildi.
Shuningdek, bizga hamrohlik qilgan gidlarning bilim va mahorati, tarixiy ma’lumotlarni samimiy va yuksak saviyada yetkazishi ham alohida e’tiborga molik. Hamma narsa a’lo darajada tashkil etilgan».





