Yangiliklar

Maqolaning to‘liq matni, illyustratsiyalar va Markazning boshqa yangiliklari to‘plami.

Germaniya nashrida Islom sivilizatsiyasi markazi haqida gapirildi

Germaniyaning sayohat va turizm sohasiga ixtisoslashgan nufuzli “TRAVELBOOK” onlayn-jurnalida «Nima uchun albatta Toshkentga tashrif buyurish kerak?» (“Warum sich ein Besuch in Usbekistans Taschkent lohnt”) sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Maqola muallifi Lena Braun O‘zbekiston poytaxtini boy tarixiy merosi, qadimiy sharqona an’analari, zamonaviy arxitekturasi, milliy taomlari va o‘ziga xos hayot tarzi bilan ajralib turadigan betakror shahar sifatida tasvirlaydi.

Nashrda Toshkentning sayyohlik salohiyati, uning tarixiy va madaniy qiyofasi, mehmonlarga taqdim etadigan o‘ziga xos taassurotlari haqida so‘z yuritiladi. Muallif o‘quvchilarni poytaxtning muhim tarixiy va diniy maskanlari, jumladan, Hazrati Imom majmuasi hamda Ko‘kaldosh madrasasi bilan tanishtiradi.

Maqolada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham alohida e’tibor markazida. Joriy yil mart oyida ochilgan mazkur ulkan majmua mamlakatning boy ilmiy-ma’rifiy va madaniy merosini namoyon etuvchi, tarix va zamonaviylikni o‘zida uyg‘unlashtirgan muhim maskan sifatida tilga olinadi.

Maqola muallifi markazni Toshkentning sayyohlik yo‘nalishidagi diqqatga sazovor yangi manzillaridan biri sifatida e’tirof etib, uning poytaxtning tarixiy va zamonaviy qiyofasini anglashdagi ahamiyatiga e’tibor qaratadi.