Tojikiston Respublikasi parlamenti raisi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Tojikiston Respublikasi Oliy Majlisi Milliy majlisi Raisi, Dushanbe shahri raisi Rustami Emomali boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur yirik ilmiy-ma’rifiy majmua xalqimizning boy ilmiy, ma’naviy va madaniy merosini asrab-avaylash, chuqur o‘rganish hamda uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga qaratilgan.
Tashrif davomida mehmonlar Markazning asosiy ekspozitsiya zallari, noyob tarixiy qo‘lyozmalar, qadimiy kitoblar, arxeologik topilmalar va buyuk allomalarimiz hayoti hamda ilmiy merosiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar bilan tanishdi. Shuningdek, ajdodlarimizning jahon ilm-fani, madaniyati va sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etuvchi interaktiv va zamonaviy mulьtimedia yechimlariga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif davomida mehmonlar dastlab Markazning Buyuk siymolar galereyasi bilan tanishdi. Unda Movarounnahrda yetishib chiqqan, jahon ilm-fani, madaniyati va sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan alloma va mutafakkirlar hayoti, ilmiy faoliyati hamda boy merosi haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, tarixiy shaxslarning ilmiy kashfiyotlari, asarlari va insoniyat tafakkuri rivojiga qo‘shgan hissasi zamonaviy mulьtimedia texnologiyalari orqali namoyon etilgan.
Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari zali ekspozitsiyasini ko‘zdan kechirdi. Ushbu zalda O‘zbekiston hududida qadimdan shakllangan sivilizatsiyalar, ajdodlarimizning turmush tarzi, madaniyati, hunarmandchiligi va ma’naviy qarashlarini aks ettiruvchi tarixiy ashyolar hamda eksponatlar bilan tanishish imkoni yaratildi.
Mehmonlar tashrifining keyingi manzili Qur’oni karim zali bo‘ldi. Bu yerda delegatsiyaga muqaddas kitobning islom olami tarixidagi o‘rni, uning asrlar davomida saqlanib kelayotgan noyob qo‘lyozma nusxalari, xususan, Usmon mushafining tarixi va ahamiyati haqida ma’lumot berildi. Zalda jamlangan nodir qo‘lyozmalar va Qur’oni karim nusxalari islom madaniyati va xattotlik san’atining yuksak namunalari sifatida namoyon etilgan.
Delegatsiya a’zolari Markazning boy tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash, islom sivilizatsiyasining insoniyat taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatini ochib berish, shuningdek, ilmiy-ma’rifiy qadriyatlarni xalqaro hamjamiyatga yetkazish borasidagi faoliyati bilan yaqindan tanishib, majmua faoliyatiga yuksak baho berdi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi tarixiy-madaniy va ma’naviy aloqalarni yanada mustahkamlash, mushtarak merosni o‘rganish va targ‘ib etish borasidagi hamkorlikni rivojlantirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.





