O‘monning «Oman Daily» gazetasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida maqola e’lon qilindi
O‘mon Sultonligining nufuzli «Oman Daily» gazetasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-ilmiy hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan maqola chop etildi.
«O‘mon-O‘zbekiston madaniy munosabatlariga bag‘ishlangan anjumanda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi taqdim etildi» sarlavhali maqolada mazkur markazning islom sivilizatsiyasining boy tarixiy, ma’naviy va ilmiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etishdagi o‘rni alohida yoritilgan.
Nashrda O‘zbekiston Respublikasining O‘mon Sultonligidagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan, O‘mon Sultonligi Vaqf va diniy ishlar vaziri doktor Muhammad bin Said al-Maamariy homiyligida o‘tkazilgan anjuman haqida ma’lumot berilgan. Tadbir Sulton Qobus nomidagi Buyuk masjidning ma’ruzalar zalida bo‘lib o‘tgan.
Maqolada anjuman doirasida Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati, ekspozitsiyalari va noyob kolleksiyalariga bag‘ishlangan videotaqdimot namoyish etilgani qayd etilgan. Shuningdek, markazning islom sivilizatsiyasi merosini hujjatlashtirish, buyuk ajdodlarimizning ilmiy va intellektual yutuqlarini keng jamoatchilikka yetkazish borasidagi faoliyatiga e’tibor qaratilgan.
Nashrda ikki mamlakat vakillari ishtirokidagi muhokamalarda O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan tarixiy hissasi, islomiy meros va qadimiy qo‘lyozmalarni asrab-avaylash, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘tarilgani ham ta’kidlangan.
Shuningdek, O‘mon Sultonligining tinch-totuv yashash va bag‘rikenglik qadriyatlarini mustahkamlash borasidagi tajribasi, ikki mamlakat o‘rtasida madaniy va ilmiy aloqalarni yanada kengaytirishda o‘zaro bilim va tajriba almashishning ahamiyati yoritilgan.
Mazkur maqolaning O‘monning «Oman Daily» kabi ommaviy axborot vositasida e’lon qilinishi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati, mamlakatimizning boy ilmiy-ma’naviy merosi va xalqaro madaniy muloqotni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning xorijiy auditoriyaga yetkazilishiga xizmat qiladi.





