Abdusalom Xatamov: «Islom sivilizatsiyasi merosi turli mamlakatlar olimlari va tadqiqotchilarini birlashtirishi kerak»
Maskat shahrida Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro taqdimoti O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining O‘mon Sultonligidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Abdusalom Xatamov ma’lum qildi. U islom sivilizatsiyasining mushtarak intellektual merosini o‘rganishga o‘monlik olimlar, universitetlar va ilmiy muassasalarni jalb etish muhimligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasining O‘mon Sultonligidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Abdusalom Xatamov:
«Islom sivilizatsiyasi merosi davlat chegaralarini bilmaydi. Bugungi O‘zbekiston hududida yashab, ijod qilgan buyuk olimlar, allomalar va mutafakkirlarning asarlari butun insoniyat intellektual tarixining ajralmas qismiga aylangan. Bugun ularning ilmiy merosini o‘rganishni davom ettirish, yangi tarixiy dalillarni kashf etish va to‘plangan bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazish har qachongidan ham muhimdir.
Shu bois biz Islom sivilizatsiyasi markazini nafaqat bebaho merosni asrab-avaylash maskani, balki turli mamlakatlar tadqiqotchilari, universitetlari va ixtisoslashgan muassasalarini birlashtiruvchi xalqaro ilmiy platforma sifatida ham ko‘ramiz.
Shu munosabat bilan o'monlik hamkasblarimizni mushtarak tarixiy merosimizni o‘rganishga qaratilgan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy tajriba almashish va turli tashabbuslarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga taklif qilamiz. Ishonchim komilki, o‘tmishning intellektual boyligi yangi kashfiyotlar va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mazmunli muloqot uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi».





