Yangiliklar

Maqolaning to‘liq matni, illyustratsiyalar va Markazning boshqa yangiliklari to‘plami.

Habib ar-Riyomiy: «O‘zbekiston va Ummonning mushtarak merosi kelajak avlodlar hamkorligi uchun mustahkam asosdir»

Sulton Qobus madaniyat va ilm-fan oliy markazi raisi Habib ar-Riyomiy Maskat shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro simpoziumda so‘zga chiqib, O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi madaniy aloqalarning chuqur tarixiy ildizlarini ta’kidladi. Shuningdek, u Islom sivilizatsiyasi markazi va Sulton Qobus markazining islom sivilizatsiyasining buyuk merosini asrab-avaylash va keng targ‘ib etishdagi alohida o‘rniga e’tibor qaratdi.

Uning ta’kidlashicha, ikki muassasa o‘rtasidagi hamkorlik mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p yillik do‘stona munosabatlarning mantiqiy davomi bo‘lib, qo‘shma ilmiy faoliyat uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Sulton Qobus madaniyat va ilm-fan oliy markazi raisi Habib ar-Riyomiy (O‘mon Sultonligi):

«O‘zbekiston va O‘monni asrlar davomida xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlab kelgan boy tarixiy va madaniy meros birlashtirib turadi. Bugungi kunda ushbu bebaho boylikni nafaqat asrab-avaylash, balki uni yangi avlodlarga ham keng tanitish alohida ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga islom olamining buyuk olimlari, mutafakkirlari va arboblari qo‘shgan hissani yangicha nuqtai nazardan anglash imkonini beruvchi muhim tashabbusdir. Bu jihatdan Markaz faoliyati Sulton Qobus madaniyat va ilm-fan oliy markazining maqsad va vazifalariga hamohangdir.

Ishonchim komilki, muassasalarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash ilmiy va madaniy almashinuvni kengaytirish, tarixiy merosni birgalikda o‘rganish hamda yangi tashabbuslarni amalga oshirishga xizmat qiladi. Zero, buyuk ajdodlarimizdan qolgan meros — bu nafaqat o‘tmish xotirasi, balki kelajak avlodlarning o‘zaro anglashuvi, bunyodkorligi va hamkorligi uchun ham mustahkam asosdir».