Fergana.news: “O‘mon o‘zbekistonlik tarixiy hujjatlarni restavratsiya qilish mutaxassislari uchun amaliy stajirovkalar tashkil etishni taklif qildi”
O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida tarixiy hujjatlar va qo‘lyozmalarni saqlash, restavratsiya qilish hamda ilmiy o‘rganish sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Xususan, O‘mon Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasi o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun amaliy stajirovkalar tashkil etishni taklif qildi. Mazkur hamkorlik istiqbollari, ikki xalqning mushtarak tarixiy-madaniy merosini tadqiq etish va qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalari haqida «Fergana.news» xalqaro axborot agentligi o‘z veb-saytida «O‘mon o‘zbekistonlik tarixiy hujjatlarni restavratsiya qilish mutaxassislari uchun stajirovkalar taklif qildi» sarlavhali maqolani e’lon qildi. Nashrda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiyaning Masqat shahridagi uchrashuvlari, arxiv laboratoriyalari faoliyati bilan tanishuvi, qadimiy qo‘lyozmalarni asrash texnologiyalari va ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni kengaytirish rejalari batafsil yoritilgan.
O‘mon Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasi O‘zbekistondan tarixiy hujjatlarni saqlash va restavratsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar uchun amaliy stajirovkalar tashkil etishni taklif qildi. Hamkorlik imkoniyatlari 3-noyabr kuni Masqat shahrida O‘mon idorasi va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi vakillari o‘rtasida muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasiga Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov rahbarlik qildi. Tashrifda, shuningdek, O‘zbekistonning O‘mondagi elchisi Abdusalom Xatamov, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov hamda mamlakatimizdagi ilmiy va davlat muassasalarining boshqa vakillari ishtirok etdi. Masqat shahrida delegatsiya O‘mon Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasi raisi Hamad bin Muhammad az-Zuvayyaniy bilan uchrashdi.
Uchrashuvda qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, tarixiy manbalar almashish hamda O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi aloqalarga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya tashkil etish masalalari muhokama qilindi. O‘mon tomoni ikki xalq o‘rtasidagi mushtarak jihatlarni, jumladan, diniy meros, me’moriy an’analar va pul muomalasi tarixini o‘rganishni taklif etdi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi arxiv hujjatlarini restavratsiya qilish va raqamlashtirish bilan shug‘ullanuvchi laboratoriyalar faoliyati bilan tanishtirildi. Ayniqsa, qadimiy qo‘lyozmalarni zamburug‘lar, bakteriyalar va hasharotlar ta’siridan himoya qilish texnologiyalariga alohida e’tibor qaratildi. Boshqarmaning yetakchi mutaxassisi Fahd bin Muborak ad-Damdamiy o‘zbekistonlik hamkasblarini amaliy stajirovkalarga qabul qilish, ularga mavjud uskunalar va arxivlarni saqlash usullari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini yaratishga tayyor ekanini bildirdi.
Firdavs Abduxoliqovning ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga muvofiq, uch yillik faoliyat dasturini ishlab chiqmoqda. Uning asosiy yo‘nalishlaridan biri xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish, xususan, tarixiy hujjatlar va qo‘lyozmalarni o‘rganish sohasidagi aloqalarni rivojlantirishdan iborat bo‘ladi.
Ikki mamlakat o‘rtasida arxiv sohasidagi hamkorlik bir necha yildan buyon izchil rivojlanib kelmoqda. 2026-yil avgust oyida O‘mon delegatsiyasi Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlaridagi ilmiy va madaniy muassasalarga tashrif buyurgan edi. Tashrif yakunlari bo‘yicha O‘mon Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasi hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti avval imzolangan memorandum doirasidagi hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldi. Ushbu hujjat qo‘lyozmalarni restavratsiya qilish, mikrofilьmlashtirish, kataloglashtirish va ilmiy o‘rganish bo‘yicha qo‘shma faoliyatni nazarda tutadi.
O‘zbekiston poytaxtida Hazrati Imom majmuasi yonida qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rta asr me’moriy yodgorliklari uslubida barpo etilgan. Bino har birining balandligi 34 metr bo‘lgan to‘rtta peshtoq va balandligi 65 metrlik markaziy gumbazdan iborat. Markazda Qur’on zali, 550 o‘rinli konferensiya zali hamda ekspozitsiyalari O‘zbekiston tarixini islomdan oldingi davrlardan to bugungi kungacha qamrab olgan muzey faoliyat yuritadi.
Markaz ajdodlarimiz merosini o‘rganish va uning zamonaviy ahamiyatini chuqur anglashga qaratilgan ilmiy-ma’rifiy muloqotlar maydoniga aylanishni maqsad qilgan. Bu borada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda dunyoning turli mamlakatlaridagi ilmiy-ma’rifiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.





