Umra+ dasturi doirasida tojikistonlik ziyoratchilar Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Tojikistondan O‘zbekistonga kelgan Umra ziyoratchilari «Umra+» dasturi doirasida Islom sivilizatsiyasi markaziga bepul tashrif buyurib, muqaddas qadamjolar sari safardan avval Markaziy Osiyoning ko‘p asrlik ilmiy-ma’naviy merosi bilan tanishdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilayotgan ushbu ma’rifiy tashriflar xorijiy ziyoratchilarga Birinchi va Ikkinchi Renessans davri allomalarining ilmiy yutuqlari, noyob tarixiy manbalar hamda O‘zbekistonning sivilizatsiyaviy merosini yaqindan o‘rganish imkonini bermoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Umra+» dasturi doirasida mamlakatimizga kelayotgan xorijiy ziyoratchilar uchun tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar va ilmiy-ma’rifiy maskanlar bilan tanishish imkoniyatlari yaratilmoqda.
Mazkur dastur doirasida navbatdagi ziyoratchilar guruhi Tojikiston Respublikasidan O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Mehmonlar safar dasturiga kiritilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib, uning muzey ekspozitsiyalari va tarixiy merosni namoyish etishga qaratilgan zamonaviy yechimlari bilan tanishdi.
Tojikistonlik mehmonlarga Markaz ekspozitsiyalari orqali O‘zbekiston hududida shakllangan sivilizatsiyalar, buyuk mutafakkirlar va allomalarning jahon ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot berildi.
Tashrif davomida, ayniqsa, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarida rivojlangan ilmiy maktablar, ularning jahon tafakkuri tarixidagi o‘rni hamda bu an’analarning keyingi avlodlarga ta’siriga e’tibor qaratildi.
Ziyoratchilar tarixiy qo‘lyozmalar, ilmiy asarlar va muzey eksponatlari orqali Markaziy Osiyoda kechgan intellektual yuksalish jarayonlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Markazdagi ekspozitsiyalar ilm-fan, madaniyat, ma’naviyat va ijtimoiy tafakkur taraqqiyotini turli tarixiy davrlar kesimida yoritadi. Bunda ajdodlar merosi faqat tarixiy ma’lumotlar orqali emas, zamonaviy ko‘rgazmali vositalar va mulьtimediaviy yechimlar yordamida ham taqdim etiladi.
Tojikistonlik mehmonlar buyuk allomalarning ilmiy faoliyati, asarlari va kashfiyotlariga alohida qiziqish bildirdi. Ular ushbu ilmiy merosning mintaqadagi xalqlar uchun umumiy tarixiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
Saidulloh Saidov, Tojikistondan kelgan ziyoratchi:
Bugungi kunda Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida ko‘plab yo‘nalishlarda, jumladan, turizm sohasida ham o‘zaro hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.
«Umra+» dasturi tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi turistik tashkilotlarni o‘zaro birlashtirish, ular o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan qator tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazidamizda namoyish etilayotgan tarixiy manbalar, eksponatlar va zamonaviy ekspozitsiyalar O‘zbekistonning boy madaniy-ma’rifiy salohiyatini namoyon etadi. Menimcha, bunday maskanlarni xalqaro sayyohlik yo‘nalishlariga kiritish juda muhim. Zero, sayohat davomida mamlakatning tarixi, madaniyati va ilmiy merosi bilan yaqindan tanishish sayyohlar uchun yanada mazmunli taassurotlar qoldiradi.
Ushbu maskan bilan tanishish sayohat dasturimizning muhim qismiga aylandi.
Tojikistonlik mehmonning ta’kidlashicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik hamkorlik bir tomonlama tashriflar bilan cheklanmasligi lozim.
U O‘zbekistondan Tojikistonga ham sayyohlar oqimini kengaytirish, qo‘shni mamlakatning tarixiy shaharlari va madaniy maskanlari bilan tanishish imkoniyatlarini rivojlantirish tarafdori ekanini bildirdi.





