«Uchinchi Renessans chorrahasi»da yoshlar o‘tmishni o‘rganib, kelajakni kashf etishmoqda
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida «Uchinchi Renessans chorrahasi» loyihasi doirasida navbatdagi ilmiy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Ularda O‘zbekiston Islom akademiyasi huzuridagi «Ziyo-Zukko» umumta’lim maktabi o‘qituvchilari va o‘quvchilari ishtirok etdi.
Dastur maktab o‘quvchilarini O‘zbekistonning ko‘p asrlik ilmiy-madaniy merosi bilan tanishtirish, buyuk allomalarning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini tushuntirish hamda tarixiy manbalarni o‘rganishga qiziqish uyg‘otishga qaratildi.
Tashrif davomida ishtirokchilar uchun mamlakatda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, buyuk mutafakkirlar hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan filьm namoyish etildi. Shuningdek, tarix va islomshunoslik yo‘nalishlarida mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari o‘tkazildi.
Mahorat darslarida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘lim boshlig‘i, tarix fanlari nomzodi, dotsent Eldor Ibragimov hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi, islomshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Zafar Faxriddinov ishtirok etdi.
Mutaxassislar o‘quvchilar bilan O‘zbekiston hududida shakllangan ilmiy maktablar, ajdodlar merosining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni va tarixiy bilimlarning bugungi ahamiyati haqida fikr almashdi.
Muloqotlarda milliy tarixni chuqur o‘rganish, ilmiy tafakkurni rivojlantirish, yoshlarda Vatanga muhabbat va ajdodlar merosiga hurmat tuyg‘ularini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqotlardan so‘ng maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining faoliyati bilan tanishdi.
Mehmonlarga Xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma imkoniyatlari, ilmiy ma’lumotlarni jamlash, o‘rganish va keng jamoatchilikka taqdim etishga qaratilgan yo‘nalishlar haqida ma’lumot berildi.
Markaz kutubxonasiga tashrif dasturning alohida qismi bo‘ldi. O‘quvchilar bu yerda saqlanayotgan qo‘lyozmalar, tarixiy kitoblar va ilmiy adabiyotlar bilan tanishdi.
Kutubxonadagi boy yozma meros o‘quvchilarga ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan asarlar, ilm-fan an’analarining davomiyligi va tarixiy manbalarni asrab-avaylash ahamiyati haqida tasavvur hosil qilish imkonini berdi.
«Uchinchi Renessans chorrahasi» dasturi doirasida tashrif buyurgan o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun shuningdek, Markazning muzey ekspozitsiyalari bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi.
Tarixiy jarayonlarni turli davrlar kesimida aks ettiruvchi ko‘rgazmalar, muzey eksponatlari va zamonaviy texnologik yechimlar o‘quvchi va o‘qituvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Hamoiddin Islomov, «Ziyo-Zukko» maktabi tarix fani o‘qituvchisi:
«Menimcha, bu yerni muzey deb atashning o‘zi kamlik qiladi. Chunki bu maskanda har bir eksponatga shunchaki tarixiy buyum sifatida emas, balki o‘tmishga olib boruvchi vosita sifatida qaraladi. Bu yerdagi taassurotlarni so‘z bilan ifoda etish juda qiyin. Har bir inson bu maskanga kelib, ajdodlarimiz merosi va tariximiz bilan yaqindan tanishishi kerak».
Noila Ortiqova, «Ziyo-Zukko» maktabining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari:
«Bu maskanga qadam qo‘yishimiz bilan yurtimizda tug‘ilganimizdan faxrlanish tuyg‘usi paydo bo‘ldi. Markazdagi muhit, yaratilgan sharoitlar va tarixiy merosimizga bo‘lgan e’tibor bizni hayratga soldi. Ayniqsa, kutubxonadagi boy meros va asarlarni ko‘rib, xalqimizning naqadar ulkan ilmiy salohiyatga ega bo‘lganini yana bir bor his qildik. O‘quvchilarimiz ham katta taassurot oldi. Kelgusida ularni yana bu maskanga olib kelishni maqsad qildik».
«Uchinchi Renessans chorrahasi» doirasidagi mazkur tadbir tarixiy merosni o‘rganish, olimlar bilan muloqot qilish va muzey ekspozitsiyalaridan ta’lim jarayonida foydalanish imkoniyatlarini birlashtirdi.





