«Quruq ma’lumot unutiladi, hissiyotlar esa xotirada qoladi»: Rossiya xalq artisti Valeriya Islom sivilizatsiyasi markazi haqida
U millionlab muxlislar qalbidan joy olgan qo‘shiqlari bilan tanilgan. Ammo bu safar uning e’tiborini musiqa emas, asrlar qa’ridan so‘zlayotgan tarix, betakror me’morchilik va zamonaviy tafakkur uyg‘unlashgan maskan tortdi.
Rossiya xalq artisti, mashhur estrada xonandasi Valeriya Perfilova O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ko‘rganlari uning tasavvur va kutganlaridan ham ortiq bo‘lganini yashirmadi. Markaz ekspozitsiyalarining badiiy yechimi, qadimiy artefaktlarning taqdimoti, zamonaviy immersiv texnologiyalar va bino me’morchiligi unda unutilmas taassurot qoldirdi.
«Avvalo, nihoyat bu yerga yetib kelganimizdan juda xursandman. Bu noyob maskan haqida anchadan beri eshitib kelayotgandik. Ammo bugun o‘z ko‘zim bilan ko‘rganlarim, his qilganlarim barcha kutganlarimdan ham oshib tushdi. Rostini aytsam, qattiq hayratdaman! Bunday manzarani hatto tasavvur ham qila olmagan edim. Bu haqiqatan ham ideal muzey qanday bo‘lishi kerakligining namunasi.
Bu yerda qadimiy eksponatlar va artefaktlar zamonaviy immersiv texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirilgan. Bunday muzeylar insonni o‘ziga jalb qilishi, nafaqat ma’lumot berishi, balki qalbida his-tuyg‘ularni ham uyg‘otishi lozim. Chunki quruq ma’lumot tez unutiladi, insonning hissiyotlari bilan mustahkamlangan taassurotlar esa xotirada uzoq saqlanadi. Bu yerda insonning barcha sezgi a’zolari va tafakkuri ishga solingan. Markaz o‘z nomiga to‘la mos — bu haqiqatan ham Islom sivilizatsiyasi markazi!
Binoning me’moriy yechimlari, toshlarga ishlov berish mahorati, zamonaviy texnologiyalar bilan bir qatorda an’anaviy usullar, g‘oyalar va ramzlardan foydalanilgani meni hayratga soldi. Eng muhimi, bu inshoot insonga bosim o‘tkazmaydi, aksincha, o‘ziga jalb qiladi. Bu — sivilizatsiyaning yuksak darajasi. Insonlar o‘z qo‘llari bilan asrlar davomida qad rostlab turadigan inshoot barpo etishgan! Garchi islom diniga mansub bo‘lmasam-da, bunday maskanning mavjudligidan chin dildan quvonaman. Chunki bu yerda ma’naviyat, tarix va eng muhimi, insonparvarlik mujassam.
Menimcha, har bir rahbar xalq xotirasida ana shunday ezgu ishlari, kelajak avlodlarga qoldiradigan bunyodkorlik merosi bilan qolishi kerak. Samarqanddagi Imom Buxoriy markazi ham bizda kuchli taassurot qoldirdi. Bunday inshootlarning asrlar davomida saqlanib, kelajak avlodlarga xizmat qilishi nihoyatda muhim. Islom sivilizatsiyasi markazi esa odamlar uchrashadigan, jamiyat jipslashadigan, ma’naviy ozuqa va unutilmas hissiyotlar oladigan maskan ekan.
Bu yerga yana bir bor kelishni istardik, chunki ikki soat ichida bu yerdagi barcha boyliklarni qamrab olishning iloji yo‘q. Har safar yangi tafsilotlarni kashf etish mumkin. Bugungi tashrifimiz O‘zbekiston bo‘ylab safarimizga go‘yoki tort ustidagi gilosdek yakun bo‘ldi. Bu maskan haqiqatan ham odamlarni o‘ziga chorlaydigan markaz ekan».
Valeriyaning fikrlarida bir muhim jihat bor: haqiqiy muzey insonga faqat o‘tmish haqida hikoya qilib bermaydi, balki uni o‘sha tarix bilan ruhan yuzlashtiradi. Islom sivilizatsiyasi markazi ham aynan shu vazifani bajarmoqda — asrlar davomida yaratilgan ilm-fan, ma’naviyat va madaniy merosni zamonaviy avlodga yaqinlashtirmoqda.
Bu yerda tarix muzey vitrinalari ortida qolib ketmaydi. U insonni hayratga soladi, tafakkurini boyitadi va turli xalqlar o‘rtasida mushtarak qadriyatlar ko‘priklarini yaratadi.
Tashrif yakunida Valeriya «Faxriy mehmonlar» kitobiga ham o‘z taassurotlarini yozib qoldirdi.





