YUNESKO Ijroiya kengashi O‘zbekistonning madaniy merosni muhofaza qilish tashabbusini bir ovozdan ma’qulladi
YUNESKO Ijroiya kengashining Parijda bo‘lib o‘tgan 225-sessiyasida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan «Globallashuv va iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni asrash choralari samaradorligini oshirish» nomli qaror loyihasi bir ovozdan ma’qullandi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025-yil 30-oktabr kuni Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilishida ilgari surilgan edi.
Qabul qilingan qaror madaniy merosning moddiy va nomoddiy namunalarini iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar, jadal urbanizatsiya va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar kabi global tahdidlardan muhofaza qilish borasida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan. Hujjatda YUNESKOga a’zo davlatlar, xalqaro tashkilotlar va ilmiy hamjamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xavflarning oldini olish va boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish, ilmiy bilim hamda ilg‘or tajriba almashinuvini kengaytirish nazarda tutilgan.
Qaror doirasida O‘zbekistonning 2027-yilda Xiva shahrida YUNESKO hamkorligida «Globallashuv va iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni asrash» mavzusida xalqaro simpozium o‘tkazish taklifi ham ma’qullandi.
Ushbu anjuman dunyoning turli mamlakatlaridan yetakchi mutaxassislar, xalqaro tashkilotlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillarini bir maydonda jamlaydi. Unda madaniy yodgorliklarga tahdidlarning oldini olish, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, an’anaviy bilimlarni asrab-avaylash va soha mutaxassislarining kasbiy salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilinadi. Simpozium yakunida madaniy merosni muhofaza qilish va boshqarish usullarini takomillashtirishga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
E’tiborlisi, O‘zbekiston tashabbusi YUNESKOga a’zo 54 ta davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, ular qaror loyihasiga hammuallif sifatida qo‘shildi. Ular orasida Xitoy, Ispaniya, Gretsiya, Portugaliya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarbayjon kabi davlatlar ham bor.
Xalqaro hamjamiyat tomonidan bildirilgan mazkur qo‘llab-quvvatlov O‘zbekistonning jahon madaniy merosini asrash, uni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish va xalqaro ilmiy-madaniy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarining e’tirofidir.
2027-yilda Xivada o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro simpozium esa Samarqandda boshlangan xalqaro muloqotning mantiqiy davomi bo‘lib, madaniy merosni global tahdidlardan muhofaza qilish bo‘yicha amaliy yechimlar ishlab chiqishga xizmat qiladi.





