Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO xalqaro mukofotining ikkinchi tanloviga arizalar qabuli boshlandi
YUNESKO Bosh direktori Holid al-Ananiy sun’iy intellekt etikasi sohasidagi ilmiy tadqiqotlar uchun ta’sis etilgan Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro mukofotning ikkinchi tanloviga arizalar qabuli boshlanganini e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
2024-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ta’sis etilgan ushbu mukofot sun’iy intellekt etikasi sohasidagi ilmiy izlanishlarni rag‘batlantirishga qaratilgan ilk global mukofot hisoblanadi. Mukofotning buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy nomi bilan atalishi bejiz emas. Zero, Beruniyning boy ilmiy merosi, haqiqatni izlash, xolislik va ilmga mas’uliyat bilan yondashish tamoyillari bugungi texnologik taraqqiyot davrida ham o‘z ahamiyatini saqlab kelmoqda.
Har ikki yilda bir marta uch nafar laureatga topshiriladigan mukofot g‘oliblari maxsus medalь, sertifikat va pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Tanlovda tadqiqotchilar, ilmiy muassasalar va tashkilotlar ishtirok etishi mumkin.
Arizalar 2027-yil 30-yanvarga qadar qabul qilinadi.
Mukofotni topshirishning ilk marosimi 2025-yil noyabr oyida Samarqandda o‘tkazilgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan edi.
Bugun Abu Rayhon Beruniy nomining jahon miqyosidagi nufuzli ilmiy mukofot bilan bog‘lanishi O‘zbekistonning boy ilmiy-ma’rifiy merosi xalqaro maydonda yuksak e’tirof etilayotganining yana bir ifodasidir. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham buyuk allomalarimiz, jumladan, Abu Rayhon Beruniyning jahon ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasini keng targ‘ib etish, ularning ilmiy merosini kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qiladi.





