Ikki asr avval yashagan jizzaxlik shoir devoni nashr etildi
XIX asrda Jizzax vohasida ijod qilgan Shermuhammad Urg‘uliy Jizzaxiyning «Devoni Mahzun» asari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mutaxassislari tomonidan hozirgi o‘zbek tiliga tabdil qilinib, ilmiy izohlar va lug‘at bilan boyitildi. Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab va Yassaviy adabiy an’analari bilan bog‘liq she’riy namunalarni o‘z ichiga olgan asarning 430 betlik nashr loyihasida asl qo‘lyozma nusxasi ham o‘rin olgan. Mazkur tadqiqot XIX asr o‘zbek adabiy muhitini o‘rganish uchun qo‘shimcha manba yaratish va mumtoz she’riyatni keng kitobxonlarga tushunarli shaklda yetkazishga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-fevraldagi «Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida qo‘lyozma merosni saqlash, ilmiy o‘rganish va tadqiqotlar samaradorligini oshirishga doir vazifalar belgilangan. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi fondida 2000 dan ziyod qo‘lyozma, toshbosma va arxiv hujjatlari saqlanadi. Ushbu manbalar orasida adabiyot, tarix, dinshunoslik, falsafa va boshqa ilm sohalariga oid asarlar mavjud. Ushbu asarlar orasida fondda saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalarni ilmiy o‘rganish va nashrga tayyorlash ishlari doirasida XIX asr shoiri, tasavvufiy qarashlar ifodachisi Shermuhammad Urg‘uliy Jizzaxiyning «Devoni Mahzun» asari tadqiq etildi.
Tadqiqotning muhim jihati shundaki, asar faqat zamonaviy yozuvga o‘girilmagan. Uning tarkibidagi diniy-ma’rifiy tushunchalar, arabcha va forscha so‘zlar, tarixiy ishoralar hamda mumtoz adabiyotga xos ifodalar uchun alohida ilmiy sharhlar tayyorlangan.
Abdurasul Yaxshiboyev, Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi:
Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish tashabbusi bilan chiqqanlarida, uning faqat muzey emas, balki yirik tadqiqot va ilmiy markaz bo‘lishi, ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish, asrab-avaylash, tarjima va tabdil qilib, xalqimizga butunligicha yetkazish zarurligini bir necha bor ta’kidlagan edilar. 2022-yil 10-fevraldagi qaror esa bu boradagi vazifalarni aniq belgilab berdi. Shu asosda Markazimizda qo‘lyozma manbalarni o‘rganish, ularni ilmiy muomalaga kiritish va xalqchil tilda taqdim etishga qaratilgan ishlar boshlandi. XIX asr shoiri, tasavvufiy qarashlar ifodachisi Shermuhammad Urg‘uliy Jizzaxiyning «Devoni Mahzun» asari ustida olib borilgan tadqiqot ana shu ishlarning yana bir namunasidir. «Devoni Mahzun»ning adabiy ahamiyati, avvalo, unda turli davrlarda shakllangan mumtoz she’riyat an’analari o‘zaro bog‘liq holda namoyon bo‘lishi bilan belgilanadi.
Asarda Shermuhammad Urg‘uliyning g‘azallari bilan bir qatorda Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab, Xoja Ahmad Yassaviy, Sadoiy, Eshoni Huvaydoi Chimyoniy va Vuslat kabi ijodkorlarning g‘azallariga bog‘langan muxammaslar ham o‘rin olgan.
Shu jihatdan mazkur devon Shermuhammad Urg‘uliyning ijodiy dunyoqarashini o‘rganish bilan birga, uning o‘zidan avvalgi adabiy maktablar bilan munosabatini tahlil qilish uchun ham ahamiyatli.
Asarda diniy-ma’rifiy qarashlar, inson kamoloti, ma’naviy poklik, odob-axloq, mehr-oqibat va ezgulik g‘oyalari keng yoritilgan.
Xususan, qarindoshlik munosabatlari, oiladagi mas’uliyat, farzand tarbiyasi, insonlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va samimiyat kabi masalalar she’riy ifoda topgan.
Shoirning ijodida Qur’on oyatlari, hadislar, ulamolarning hikmatli fikrlari va mumtoz adabiyotga oid ishoralarning uchrashi uning diniy hamda adabiy bilimlar doirasini ko‘rsatadi.
Muallifning hayotiga oid biografik ma’lumotlar qo‘lyozmada nisbatan qisqa saqlangan.
Asarning asl matni qanday saqlandi?
«Devoni Mahzun» arab alifbosiga asoslangan eski o‘zbek yozuvida bitilgan. Matnda arabcha va forscha so‘zlar, mumtoz adabiyotga xos iboralar hamda bugungi tilda kam qo‘llaniladigan tushunchalar uchraydi.
Asarni nashrga tayyorlashda Shayx Abdulaziz Mansur hamkorliklarida mutaxassislar tarixiy matnning asl mazmuni va muallif uslubini saqlagan holda uni zamonaviy o‘quvchiga tushunarli qilishga intilgan.
Bunda eski yozuvdagi matnni hozirgi yozuvga ko‘chirish, ayrim murakkab so‘z va iboralarni sharhlash, shuningdek, ularning mazmunini ochib beruvchi izohli lug‘at tayyorlash ishlari amalga oshirilgan.
Abdurasul Yaxshiboyev, Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi:
Muallifning asari qanday holatda bo‘lsa, uni shu holicha saqlashga harakat qildik. Matnga o‘zgartirish kiritmadik, balki bugungi kitobxon va tadqiqotchilarga tushunarli bo‘lishi uchun zarur izohlarni qo‘shdik. Chunki g‘azallarni mutolaa qilganda undagi ma’naviy-axloqiy g‘oyalar, diniy bilimlar va tarixiy ishoralarni to‘g‘ri anglash muhim. Shu maqsadda asarning orqa qismida arab va fors tillaridan kirgan so‘zlarning izohli lug‘atini ham keltirdik.
Bunday usul muallif matni bilan zamonaviy o‘quvchi o‘rtasidagi til to‘sig‘ini kamaytirishga xizmat qiladi. Ayni paytda, asl manbaning saqlanishi tadqiqotchilarga matnni mustaqil tekshirish, qiyosiy tahlil qilish va tarixiy til xususiyatlarini o‘rganish imkonini beradi.
«Devoni Mahzun»ning umumiy hajmi 430 betni tashkil etadi. Shundan 250 bet zamonaviy o‘zbek tilidagi tabdil va ilmiy izohlarga, 180 bet esa asl qo‘lyozma matniga ajratilgan.
Kitobda qo‘lyozma sahifalaridan namunalar, mavzuga mos miniatyuralar hamda sharqona kitobat an’analariga asoslangan badiiy bezaklardan foydalanilgan.
Asl nusxa va zamonaviy tabdilning bir nashrda berilishi manbashunoslik nuqtai nazaridan muhim. Chunki bu orqali mutaxassislar eski o‘zbek yozuvi, so‘z qo‘llash xususiyatlari va she’riy matn tuzilishini bevosita kuzatishi mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, izohlangan matn mumtoz adabiyot bo‘yicha maxsus tayyorgarlikka ega bo‘lmagan kitobxonlarga ham asar mazmunini anglashni yengillashtiradi.
Natijada kitob adabiyotshunoslar, tilshunoslar, manbashunoslar, tarixchilar, oliy ta’lim muassasalari talabalari va mumtoz she’riyat ixlosmandlari uchun qo‘shimcha manba vazifasini bajarishi mumkin.





