III O‘zbekiston–Rossiya mediaforumida madaniy meros va ma’rifiy hamkorlikka oid yangi tashabbuslar ilgari surildi
Bugun, 9 noyabr kuni Toshkentda III O‘zbekiston–Rossiya mediaforumi o‘z ishini boshladi. Ikki mamlakatning yetakchi ommaviy axborot vositalari rahbarlari, jurnalistlar, davlat idoralari va media sohasi vakillarini birlashtirgan xalqaro anjumanda axborot sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, raqamli jurnalistika, sun’iy intellekt, milliy qadriyatlarni asrash va qo‘shma medialoyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinmoqda.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) va Rossiyaning TASS axborot agentligi hamkorligida tashkil etilgan ikki kunlik forum o‘zaro tajriba almashish, media sohasidagi yangi imkoniyatlarni muhokama qilish va professional hamkorlikni kengaytirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda.
Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov zamonaviy jurnalistikaning vazifalari, axborot ishonchliligi va ikki mamlakat o‘rtasidagi professional hamkorlikning ahamiyatiga e’tibor qaratdi.
«Bugun axborot agentliklari faoliyatining o‘zi o‘zgarmoqda. Ilgari asosiy ustunlik axborotni tezkor yetkazish bo‘lgan bo‘lsa, endi buning o‘zi yetarli emas. Auditoriya nafaqat yangiliklarni, balki voqealarning ishonchli sharhi, mazmunli hikoyalar va sifatli vizual materiallarni ham kutmoqda. Bugun odamlarga nima sodir bo‘lganini xabar qilish bilan cheklanib bo‘lmaydi. Muhimi, voqea nima uchun yuz berganini va uning insonlar hayoti uchun qanday ahamiyatga ega ekanini tushuntirishdir», — dedi Abdusaid Ko‘chimov.
O‘zA rahbari TASS bilan ko‘p yillik hamkorlikka alohida to‘xtalib, o‘zaro axborot va vizual materiallar almashinuvini kengaytirish, qo‘shma maxsus loyihalar tayyorlash, jurnalistlar uchun mediaturlar tashkil etish hamda tahririyatlar o‘rtasidagi bevosita aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha takliflar bildirdi.
Rossiyaning TASS axborot agentligi bosh direktori Andrey Olegovich Kondrashov esa zamonaviy axborot makonida ishonchli jurnalistikaning ahamiyati, sun’iy intellekt texnologiyalari bilan bog‘liq yangi muammolar va media tashkilotlarining jamiyat oldidagi mas’uliyatiga e’tibor qaratdi.
«Biz axborot bir necha daqiqa ichida keng auditoriyaga yetib boradigan davrda yashayapmiz. Biroq axborot tarqalishining tezligi har doim ham uning sifatiga kafolat bo‘la olmaydi. Raqamli platformalar va ijtimoiy tarmoqlar tekshirilmagan ma’lumotlar hamda soxta xabarlar tarqalishini tezlashtirmoqda. Sun’iy intellektning yangi vositalari bu muammoni yanada keskinlashtirdi. Bunday sharoitda axborot manbalarini tekshirish va tahririyat mas’uliyatiga yanada qat’iy yondashish zarur. Ommaviy axborot vositalariga bo‘lgan ishonch esa ularning eng muhim kasbiy kapitali bo‘lib, u har kungi mehnat, aniqlik va mas’uliyat orqali shakllanadi», — deya ta’kidladi Andrey Kondrashov.
TASS rahbari yolg‘on axborot tarqalishiga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, ikki mamlakatning tarixiy-madaniy merosini yorituvchi qo‘shma hujjatli filьmlar, arxiv materiallari va maxsus medialoyihalarni rivojlantirish muhimligini qayd etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari, Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov mamlakatimiz media sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va raqamli rivojlanish natijalari bilan bir qatorda, axborotning jamiyat va davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarga ta’siriga to‘xtaldi.
«Bugun axborot davlat taraqqiyotining muhim omillaridan biriga aylandi. U mamlakat qiyofasini shakllantiradi, xalqlarimiz o‘rtasidagi ishonch darajasiga ta’sir ko‘rsatadi va global kun tartibini belgilashda muhim o‘rin tutadi. Yolg‘on ma’lumotlar va axborot xurujlari mamlakatlar hamda xalqlar o‘rtasida tushunmovchilik yoki ajralishga sabab bo‘lmasligi kerak. Aksincha, professional media hamjamiyati o‘zaro ishonch, hurmat va yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlashi lozim. So‘z o‘zaro anglashuvga xizmat qilishi, kelishmovchiliklarga sabab bo‘lmasligi zarur», — dedi Sherzod Asadov.
Shuningdek, u jurnalistlarning kasbiy malakasini oshirish, axborot haqqoniyligini tekshirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish, sun’iy intellekt sohasida qo‘shma ishlanmalarni rivojlantirish hamda media vakillari o‘rtasidagi bevosita professional aloqalarni kengaytirishni ustuvor yo‘nalishlar sifatida ilgari surdi.
Ochilish marosimida bildirilgan fikrlar forumning to‘rtta asosiy sessiyasida ham davom ettirildi. Ularda ommaviy axborot vositalarining turizm, sport va gumanitar aloqalarni rivojlantirishdagi o‘rni, raqamli davrda jurnalistika istiqbollari, an’anaviy OAVdan yangi mediaplatformalarga o‘tish jarayonlari hamda milliy madaniy qadriyatlarni saqlash va targ‘ib etish masalalari muhokama qilindi.
Forumning «Mediada milliy madaniy kod: an’anaviy qadriyatlar va kelajakka nazar uyg‘unligi» mavzusidagi to‘rtinchi sessiyasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov tarixiy xotira, ma’rifat va zamonaviy media o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikka bag‘ishlangan ma’ruza qildi.
Markaz direktori o‘z chiqishida Ikkinchi jahon urushida Leningrad qamalda bo‘lgan yillarida Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligi nishonlangani, Toshkentda esa Shomahmudovlar oilasi turli millatlarga mansub yetim bolalarni o‘z bag‘riga olganini esladi. Ushbu tarixiy voqealar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik, insonparvarlik va madaniy mushtaraklikning yorqin namunasi sifatida ta’kidlandi.
«Ko‘rgazma ortida rassomning taqdirini, kitob ortida tadqiqotchining mehnatini, kelishuv ortida esa hamkorlikning amaliy natijalarini ko‘rsatish zarur. Ana shunda axborot bilimga, o‘zga madaniyat esa yaqin va tushunarli qadriyatga aylanadi. Bugun medianing vazifasi shunchaki axborot yetkazish emas, balki ma’rifat tarqatish, insonlarni fikrlashga, ma’lumotlarni tekshirishga va bir-birini yaxshiroq tushunishga undashdir», — deya ta’kidladi Firdavs Abduxoliqov.
Ma’ruzada Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan ma’rifat va ilm-fanga asoslangan taraqqiyot g‘oyalarining izchil davom ettirilayotganiga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, davlatimiz rahbari 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida jaholatga qarshi ma’rifat orqali kurashish, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini dunyoga yetkazish va buyuk allomalar merosini chuqur o‘rganish zarurligini ta’kidlagan edi.
Mazkur g‘oyalarning mantiqiy davomi sifatida Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 6-noyabr kuni Ostona shahridagi Aqaba jarayoni uchrashuvida Islom sivilizatsiyasi markazi negizida «Raqamli davrda jaholatga qarshi ma’rifat» xalqaro dasturini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi.
Firdavs Abduxoliqovning ta’kidlashicha, bunday yondashuv zamonaviy axborot texnologiyalarini ma’rifiy maqsadlarga yo‘naltirish, ishonchli bilimlarni keng ommaga yetkazish va yosh avlodning ilmiy salohiyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy vazifalaridan biri ajdodlardan qolgan boy ilmiy merosni nafaqat asrab-avaylash, balki uni yangi tadqiqotlar va xalqaro hamkorlik uchun mustahkam asosga aylantirishdir.
Shu maqsadda Markaz direktori O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va «Rossiya» milliy markazi negizida uch yillik qo‘shma harakatlar dasturini amalga oshirishni taklif etdi.
Dasturning «Bizni birlashtiruvchi tarixlar» yo‘nalishida ikki mamlakatning mushtarak tarixiy-madaniy merosiga bag‘ishlangan filmlar, kitoblar va ko‘rgazmalar yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma grant tanlovlarini tashkil etish nazarda tutilmoqda.
«Chegarasiz meros» yo‘nalishida nodir qo‘lyozmalar va muzey kolleksiyalarini raqamlashtirish, virtual muzeylar hamda o‘zbek va rus tillarida ta’lim platformalarini rivojlantirish taklif etildi.
«Media va ma’rifat» yo‘nalishida esa yosh ijodkorlar maktabini tashkil etish, jurnalistlar va blogerlar uchun o‘zaro mediaturlar, madaniy stajirovkalar o‘tkazish hamda sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, muzeylar, kutubxonalar va teatrlar rahbarlari ishtirokida har chorakda uchrashuvlar o‘tkazish orqali qo‘shma tashabbuslarni muvofiqlashtirish va ularning amaliy natijalarini belgilab borish taklif qilindi.
Firdavs Abduxoliqov ma’ruzasini yakunlar ekan, media vositalarining xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlash va tarixiy xotirani kelgusi avlodlarga yetkazishdagi mas’uliyatiga yana bir bor urg‘u berdi.
«Media qiziqishni anglashga, anglashni ishonchga, ishonchni esa insonlar o‘rtasidagi yaqinlikka aylantira oladi. Bizning mas’uliyatimiz — bugun ham birgalikda bunyod etayotgan, ta’lim berayotgan, tadqiqot olib borayotgan va madaniy merosni asrayotgan insonlar haqida hikoya qilishdir», — deya ta’kidladi Markaz direktori.
III O‘zbekiston–Rossiya mediaforumida ilgari surilgan tashabbuslar ikki mamlakat o‘rtasidagi axborot va madaniy-ma’rifiy hamkorlikni kengaytirish, tarixiy merosni zamonaviy formatlarda targ‘ib etish va professional aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan taklif etilgan uch yillik dastur esa ushbu hamkorlikni aniq qo‘shma loyihalar asosida rivojlantirish uchun muhim imkoniyat sifatida ahamiyat kasb etadi.





