Firdavs Abduxoliqov ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlik bo‘yicha yangi tashabbusni e’lon qildi
O‘zbekiston — Rossiya mediaforumida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov ishtirok etib, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik, tarixiy xotirani asrab-avaylash va zamonaviy medianing ma’rifiy vazifalariga bag‘ishlangan nutq so‘zladi.
Markaz rahbari o‘z chiqishida o‘zbek va rus xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikning chuqur tarixiy ildizlariga to‘xtaldi. Xususan, 1941-yilda qamal holatidagi Leningradda Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligi nishonlangani, ayni o‘sha davrda Toshkentda Shomahmudovlar oilasi turli millatga mansub yetim bolalarni o‘z bag‘riga olganini xalqlarimiz o‘rtasidagi mehr-oqibat va hamjihatlikning yorqin namunasi sifatida e’tirof etdi.
«Leningradda Navoiyning so‘zini asrab qolishdi. O‘zbekistonda esa insonlar hayotini asrab-avaylashdi. Bu ikki tarixiy voqea xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikning nechog‘li teran ildizlarga ega ekanini ko‘rsatadi», — dedi Firdavs Abduxoliqov.
Markaz rahbari bugun axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bir paytda ommaviy axborot vositalarining mas’uliyati yanada ortayotganini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, media faqat voqealarni yoritish bilan cheklanmasdan, ularning mohiyatini ochib berishi, xalqlarning madaniyati, tarixi va qadriyatlarini o‘zaro yaqinlashtirishga xizmat qilishi zarur.
«Bugun media faqat xabar yetkazuvchi emas, balki jamiyatni ma’rifat sari yetaklovchi kuch bo‘lishi kerak. Axborot bilimga, bilim esa o‘zaro tushunish va ishonchga aylanishi lozim», — deya ta’kidladi u.
Nutqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning mualliflik loyihasi asosida barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-madaniy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, rossiyalik hamkorlar bilan birgalikda «O‘zbekiston. Qumlar marvaridi», «Nukus. Noma’lum kolleksiya», «Movarounnahr sivilizatsiyasi», «O‘zbekiston. G‘alaba sari yo‘l» kabi hujjatli filьmlar yaratilgani, Moskva va Sankt-Peterburg to‘plamlarida saqlanayotgan O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan yigirmadan ortiq kitob-alьbom tayyorlangani qayd etildi. Shuningdek, Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari instituti bilan hamkorlikda Kattalangar Qur’onining Sankt-Peterburgda saqlanayotgan qismi faksimile nashri tayyorlangani ta’kidlandi.
Forumda Firdavs Abduxoliqov O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va «Rossiya» milliy markazi hamkorligida uch yillik qo‘shma harakatlar dasturini amalga oshirish tashabbusini ilgari surdi. Mazkur dastur uchta ustuvor yo‘nalishni o‘z ichiga oladi:
«Bizni birlashtiruvchi tarixlar» — xalqlarimizning mushtarak tarixi va madaniy aloqalariga bag‘ishlangan qo‘shma filьmlar, kitoblar, ko‘rgazmalar hamda ijodiy loyihalarni amalga oshirish.
«Chegarasiz meros» — noyob qo‘lyozmalar va muzey kolleksiyalarini raqamlashtirish, virtual muzeylar, podkastlar va o‘zbek hamda rus tillaridagi ma’rifiy platformalarni yaratish.
«Media va ma’rifat» — yosh jurnalistlar, blogerlar va mualliflarni qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro press-turlar va ijodiy stajirovkalar tashkil etish, sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish hamda axborot manbalarini tekshirish madaniyatini rivojlantirish.
Shuningdek, Firdavs Abduxoliqov Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan «Raqamli davrda jaholatga qarshi ma’rifat» xalqaro dasturi tashabbusining ahamiyatiga to‘xtalib, ishonchli bilimlarni zamonaviy media vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkazish zarurligini ta’kidladi.
Nutq yakunida Markaz rahbari ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda media vakillarining o‘rni beqiyos ekaniga urg‘u berdi.
«Media qiziqishni — anglashga, anglashni — ishonchga, ishonchni esa xalqlar o‘rtasidagi samimiy yaqinlikka aylantira oladi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik har bir yangi avlodning shaxsiy qadriyatiga aylanishi kerak», — dedi Firdavs Abduxoliqov.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, mushtarak tarixiy merosni keng targ‘ib etish va yosh avlodni ma’rifat ruhida tarbiyalashda zamonaviy media muhim ahamiyat kasb etadi.





