O‘zbekiston konchiligi va ma’danchilik tarixiga oid yangi tadqiqot taqdim etildi
Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “O‘zbekiston konchiligi va ma’danchiligi tarixi” nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda olimlar, tadqiqotchilar va ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun tarixiy-madaniy merosni o‘rganish va targ‘ib etish bilan bir qatorda, ilmiy muloqotlar, kitob taqdimotlari va ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan muhim maskanga aylanmoqda. Navbatdagi tadbir ham yurtimizning qadimiy ishlab chiqarish madaniyati, konchilik va ma’danchilik an’analarini ilmiy jihatdan yoritishga bag‘ishlandi.
Tadbirni Markaz direktori o‘rinbosari Gulnora G‘aniyeva kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Taqdimotda Markaz bosh ilmiy xodimi Zohidulla Munavvarov kitobning ilmiy ahamiyati, uning muzey ekspozitsiyasi bilan bog‘liq jihatlari haqida so‘z yuritdi. Uning ta’kidlashicha, asarda, ayniqsa, qadimgi Choch vohasi — bugungi Toshkent, Ohangaron va Angren hududlaridagi tabiiy boyliklar, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash jarayonlari haqida muhim ma’lumotlar jamlangan.
Markazimiz ko‘p funksiyali muassasa hisoblanadi. Qisqa vaqt ichida bu yerda turli yo‘nalishlarga oid ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bugungi taqdimot ham ana shunday uchrashuvlardan biri bo‘lib, konchilik va ma’danchilik tarixiga bag‘ishlangan muhim ilmiy asarni jamoatchilikka tanishtirishga qaratilgan. Kitobda Choch vohasi, ya’ni bugungi Toshkent va uning atrofidagi hududlarda qadimdan mavjud bo‘lgan foydali qazilmalar, ularni qazib olish va qayta ishlash jarayonlari haqida ma’lumotlar o‘z ifodasini topgan, — dedi Zohidulla Munavvarov.
Shuningdek, u Markaz muzey ekspozitsiyasidagi Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari bo‘limida Choch sivilizatsiyasiga alohida o‘rin ajratilganini qayd etdi. Mazkur bo‘limda hududning oltin, kumush va boshqa noyob metallarga boy bo‘lgani, ulardan turli buyumlar, zargarlik mahsulotlari, mehnat va jang qurollari tayyorlash an’analari namoyish etilgan.
Zohidulla Munavvarovning fikricha, muzey ekspozitsiyasiga joylashtirilgan har bir tarixiy ashyo muayyan ilmiy tadqiqot va dalillarga tayanishi zarur. Shu bois konchilik va ma’danchilik tarixiga oid mazkur kabi kitoblar ekspozitsiyaning ilmiy asoslarini mustahkamlash, ajdodlarimizning amaliy bilim va tajribasini kengroq ochib berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
U, shuningdek, 2024-yil avgust oyida o‘tkazilgan O‘zbekiston olimlarining birinchi milliy forumi natijalariga to‘xtalib, unda muzey ekspozitsiyasini ilmiy jihatdan boyitishga qaratilgan 800 dan ortiq loyiha shakllantirilganini ma’lum qildi. Ularning salmoqli qismi amaliyotga tatbiq etilgan. Ayni paytda olimlarning ikkinchi milliy forumiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Unda 150 ga yaqin yangi ilmiy g‘oya va loyihalarni shakllantirish, xususan, aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishidagi tadqiqotlarga e’tibor qaratish rejalashtirilgan.
Taqdimotda kitob mualliflaridan biri, texnika fanlari doktori, Butunjahon konchilik akademiyasi akademigi, professor Abdurashid Hasanov asar yaratilishi bilan bog‘liq izlanishlari haqida ma’lumotlari berdi.
Olimning aytishicha, tadqiqot 2022-yilda boshlangan va to‘rt yil davomida olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida yakunlangan. Asar professor Isomiddin Yormatov va Shahnoza Ashurova bilan hamkorlikda tayyorlangan. Unda eramizdan avvalgi davrlardan boshlab Markaziy Osiyoda konchilikning shakllanishi, ma’danlarni qazib olish usullari, ularni qayta ishlash va tayyor metall mahsulotlariga aylantirish jarayonlari tarixiy izchillikda yoritilgan. Shuningdek, mintaqadagi konchilik tajribasi dunyoning boshqa hududlaridagi jarayonlar bilan qiyosiy tahlil qilingan.
Biz bu kitobda qadimgi davrlarda Markaziy Osiyoda konchilikning boshlanishi, ma’danlarning qazib olinish usullar va ularni tayyor mahsulot holatiga keltirish jarayonlarini to‘liqroq bayon etishga harakat qildik. Keyingi tarixiy bosqichlarni ham qamrab olib, islom sivilizatsiyasigacha bo‘lgan davrdagi konchilik va ma’danchilik taraqqiyotini o‘rgandik. Kitobni tayyorlashda har bir ma’lumotni ilmiy asoslashga alohida e’tibor qaratdik, — dedi Abdurashid Hasanov.
Muallif tadqiqotning ishonchliligi va mazmunan boy bo‘lishini ta’minlash maqsadida xorijiy mamlakatlardagi muzeylar va tarixiy kolleksiyalarni ham o‘rgangan. Xususan, u o‘z tashabbusi va mablag‘i hisobidan 12 ta davlatdagi 18 ta muzeyga tashrif buyurib, ularda saqlanayotgan eksponatlar bilan tanishgan, foto va videomateriallar to‘plagan. Ushbu ma’lumotlar arxeologik tadqiqotlar hamda avvalgi ilmiy asarlar bilan solishtirilib, kitobda o‘z aksini topgan.
Xorijiy muzeylardagi izlanishlar davomida olim O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan ko‘plab ashyolarga ham duch kelgan. Ayniqsa, Vena muzeylarida Amir Temur davriga oid tangalar, Iloq va Shosh tarixiga daxldor numizmatik namunalar uning e’tiborini tortgan.
Venadagi muzeylardan birida Amir Temur davriga oid tangalarni ko‘rdim. Shuningdek, Iloq davlatida zarb etilgan qadimiy tangalarga ham ko‘zim tushdi. Ayrim buyumlar va bezaklarda arab yozuvlarini ko‘rib, hayratlandim. U yerlarda Iloq, Shosh, Samarqand va Buxoro tarixiga taalluqli bo‘lishi mumkin bo‘lgan ko‘plab ashyolar saqlanmoqda. Bunday eksponatlarni ko‘rish, albatta, katta qiziqish uyg‘otadi, — dedi olim.
Professor Abdurashid Hasanov kitob taqdimotining aynan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgani o‘zi uchun katta sharaf va mas’uliyat ekanini ham alohida ta’kidladi. Uning fikricha, Markazda yaratilgan ilmiy va ma’rifiy muhit ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish, yangi tadqiqotlarni amalga oshirish uchun muhim imkoniyat yaratmoqda.
Umuman, “O‘zbekiston konchiligi va ma’danchiligi tarixi” kitobida aks etgan ma’lumotlar xalqimizning qadimiy ishlab chiqarish madaniyati, ilmiy-amaliy tajribasi va texnologik salohiyatini anglashda muhim ahamiyatga ega. Mazkur nashr konchilik va metallurgiya tarixi bilan qiziquvchi mutaxassislar, tadqiqotchilar, talabalar hamda keng kitobxonlar ommasi uchun qimmatli ilmiy manba bo‘lib xizmat qiladi.





