Butunrossiya davlat teleradiokompaniyasi bosh direktori Islom sivilizatsiyasi markazini «haqiqiy yodgorlik» deb atadi
Bugun Toshkentda O‘zA va TASS axborot agentliklari tomonidan tashkil etilgan III O‘zbekiston–Rossiya mediaforumi doirasida Butunrossiya davlat teleradiokompaniyasi (VGTRK) bosh direktori Oleg Dobrodeyev boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Bu hayratlanarli, ajoyib markaz. Bu O‘zbekistonni barpo etgan, o‘zbek sivilizatsiyasi va ma’naviyatining shakllanishiga tamal toshini qo‘ygan barcha insonlar, buyuk bunyodkorlar xotirasiga bag‘ishlangan haqiqiy yodgorlikdir. Unda buyuk sivilizatsiya va buyuk mamlakat taraqqiyotining barcha bosqichlari aks etgan. Bu yerda meni mutlaqo hamma narsa hayratga soldi. Bu maskanda har bir jihatga mehr va nozik did bilan yondashilgan. Unda sivilizatsiya taraqqiyotining turli, ba’zan murakkab kechgan davrlari haqida hikoya qilinadi. Chunki bu tarixni boshqacha ifodalash qiyin. So‘g‘d va Baqtriya davrlari, turli murakkab tarixiy bosqichlar, Aleksandr Makedonskiy davridan tortib, Amir Temur va uning izdoshlari bilan bog‘liq bunyodkorlik davrigacha bo‘lgan jarayonlar qamrab olingan. Ayniqsa, tarixning bugungi mamlakat, zamonaviy O‘zbekiston hayoti bilan shunchalik nozik va ehtiyotkorlik bilan uyg‘unlashtirilgani tahsinga sazovor. Bu yerda mehnat qilgan barcha insonlar — homiylar, rassomlar, mozaika ustalari, muzey xodimlari va ushbu noyob kolleksiyani yaratishda ishtirok etgan mutaxassislarning mehnatiga bo‘lgan ulkan hurmat ifodasidir. Bu haqiqatan ham kishini hayratga soladi.
Bizni juda ko‘p mushtarak jihatlar bog‘lab turadi. Tarixlarimiz, madaniyatlarimiz bir-biriga qanchalik chambarchas bog‘langanini aynan ushbu markaz yana bir bor tasdiqlaydi. Garchi bu yerda asosan ancha qadimiy tarix haqida so‘z yuritilsa-da, o‘sha tarixning o‘zida ham bizni birlashtirib turgan rishtalar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Vaqt o‘tishi bilan bu rishtalar mustahkam va qudratli bog‘larga aylandi. Qadimiy tariximizda shakllangan asoslar keyinchalik, xususan, XX asrdagi umumiy tariximizga ham zamin yaratdi. Aynan shu tarixdan birodarlik va mehr-oqibat tuyg‘ularimiz ildiz oladi. Chunki rus va o‘zbek xalqlari, ehtimol, butun sobiq sovet makonida bir-biriga alohida mehr va hurmat bilan munosabatda bo‘ladigan xalqlardir. Rossiyada Ikkinchi jahon urushi yillarida evakuatsiya qilinib, bu yerdan boshpana va panoh topgan bir yarim million inson hech qachon unutilmaydi. Xuddi shuningdek, o‘zbek oilalarining yetim qolgan bolalarni o‘z bag‘riga olib, ularni o‘z farzandidek tarbiyalagan buyuk jasorati ham hech qachon unutilmaydi.
Shuningdek, Rossiya frontlarda jang qilgan va ularning ko‘pchiligi urushda halok bo‘lgan bir yarim million o‘zbek askarini ham hech qachon unutmaydi. Bizni birlashtirib turgan ana shu tarixiy rishtalarni bilish va anglash juda muhim. Bu borada turli davrlarda Buxoro, Xiva va Samarqandda faoliyat olib borgan arxeologlarimiz hamda tarixchilarimizning ilmiy izlanishlari, o‘zaro hamkorligi alohida ahamiyatga ega. Ular Ulug‘bekning noyob merosini o‘rganish va asrab-avaylash ustida ham ish olib borishgan. Bu jarayonlarda ko‘plab qo‘lyozmalar saqlab qolindi. Bugun biz bu yerda namoyish etilayotgan ana shu tarixiy merosning bir qismini ham ko‘rib turibmiz. Albatta, bularning barchasi bizni birlashtirib turadi.





