III O‘zbekiston – Rossiya mediaforumi ishtirokchilari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan III O‘zbekiston–Rossiya mediaforumi doirasida ikki mamlakatning yetakchi ommaviy axborot vositalari rahbarlari, davlat idoralari va media sohasi vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov kutib olib, muzey ekspozitsiyalari bilan tanishtirdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari, Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov boshchiligida Markazga tashrif buyurgan forum qatnashchilariga Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan majmuaning yaratilish g‘oyasi, ilmiy-ma’rifiy ahamiyati hamda O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini namoyon etishga qaratilgan konsepsiyasi haqida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov xalqaro media hamjamiyatining Markazga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganini ta’kidladi.
«Bugun Islom sivilizatsiyasi markaziga nafaqat davlat rahbarlari, siyosatchilar va tadbirkorlar, balki dunyoning taniqli jurnalistlari, xalqaro axborot agentliklari vakillari ham tashrif buyurmoqda. Rossiyalik hamkasblarimiz hali O‘zbekistonga kelmasidan avval ham Markazni ko‘rish istagini bildirgan edilar. Bugun ularning ekspozitsiyalar bilan tanishish jarayonidagi hayratini, olgan taassurotlarini ko‘rib turibmiz. Dunyo e’tiborini tortayotgan bunday majmuaning yurtimizda bunyod etilgani menda katta faxr tuyg‘usini uyg‘otadi», — dedi Abdusaid Ko‘chimov.
Rossiyaning TASS axborot agentligi bosh direktori Andrey Olegovich Kondrashov esa Markazning nafaqat me’moriy va badiiy jihatlariga, balki uning chuqur ma’rifiy mazmuniga alohida e’tibor qaratdi.
«Bu yerdan nihoyatda kuchli taassurot oldim. Bu shunchaki estetik zavq emas, balki inson ega bo‘ladigan chuqur ma’rifat hamdir. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu tashabbusini yuksak davlat donishmandligi namunasi, deb bilaman. Zero, bu ajdodlarimiz va kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyatni anglash bilan bog‘liq. O‘zbekiston zaminida azaldan yuksak sivilizatsiya, boy madaniyat va ulkan tarixiy meros mavjud bo‘lgan. Kelajak sari intilishda aynan shu merosga tayanish zarur. Shu bois bu majmua shunchaki muzey emas, balki buyuk sivilizatsiyaning davomiyligini namoyon etadigan muhim ma’rifat maskanidir», — deya ta’kidladi TASS rahbari.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasining strategik sheriklik va hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Vadim Titov ham Markazning xalqaro ahamiyati va uning jahon ilm-fani hamda madaniyatini targ‘ib etishdagi o‘rniga yuksak baho berdi.
«Bu haqiqatan ham noyob muzey, fan va madaniyatning betakror maskanidir. Bu yerda tarix, madaniyat, ilm-fan va insoniyat taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatgan buyuk kashfiyotlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bugun o‘zining amaliy ifodasini topganini ko‘rib turibmiz. Markaz dunyoning turli nuqtalaridan kelayotgan insonlarni o‘ziga jalb etadigan maskanga aylanmoqda. O‘zbekistonning ilm-fan, san’at va madaniyat sohalaridagi boy merosi jahon sivilizatsiyasi xazinasini yanada boyitadi», — dedi Vadim Titov.
Rossiya Internetni rivojlantirish instituti bosh direktori Aleksey Goreslavskiy muzey konsepsiyasi va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish darajasi unda katta taassurot qoldirganini bildirdi.
«Bu yerda amalga oshirilgan ishlarning ko‘lami va sifati hayratlanarli. Ayniqsa, asosiy e’tibor hukmdorlar emas, balki madaniyat, ilm-fan, ma’naviyat va sivilizatsiya yutuqlariga qaratilgani quvonarli. Interaktiv texnologiyalarning yuksak darajasi va asl tarixiy eksponatlarning mavjudligi alohida hurmat uyg‘otadi. Tarixchi sifatida men uchun bu ekspozitsiyalar nihoyatda qiziqarli bo‘ldi. Menimcha, bu shunday maskanki, inson bu yerda nafaqat bilim oladi, balki bir umr yodda qoladigan hissiyot va taassurotlarga ham ega bo‘ladi», — deya ta’kidladi Aleksey Goreslavskiy.
Rossiyalik taniqli kinorejissyor Aleksey German esa Markazning muzey san’ati nuqtai nazaridan o‘ziga xosligi va yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyatini e’tirof etdi.
«Bu muzey san’atining haqiqatan ham ulkan namunasidir. Men dunyoda ko‘rgan eng yaxshi muzey makonlaridan biri, deb hisoblayman. Barcha jihatlari nihoyatda puxta o‘ylangan va yuksak saviyada amalga oshirilgan. Eng muhimi, bu yerda O‘zbekiston va islom sivilizatsiyasining jahon tarixidagi o‘rni, uning butun boyligi va murakkabligi juda ta’sirchan va tushunarli tarzda namoyish etilgan. Bunday Markaz yosh avlodning tarixiy bilimlarini boyitish va madaniy dunyoqarashini shakllantirishda alohida ahamiyatga ega», — dedi rejissyor.
Tashrif doirasida mehmonlar Markazning anjumanlar zali bilan ham tanishdilar. Ularga bu yerda xalqaro ilmiy anjumanlar, madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar va nufuzli tadbirlarni o‘tkazish uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, mehmonlarga Markaz nomidan esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Mazkur tashrif III O‘zbekiston–Rossiya mediaforumi doirasidagi madaniy-ma’rifiy muloqotning muhim davomi bo‘lib, O‘zbekistonning boy ilmiy va intellektual merosini xalqaro jamoatchilikka tanitish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy va axborot sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi.





