Islom sivilizatsiyasi markazida ko‘rish imkoniyati cheklangan tashrif buyuruvchilar uchun inklyuziv sharoitlar tanishtirildi
13 noyabr — Xalqaro ko‘zi ojizlar kuni munosabati bilan Respublika markaziy ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasi jamoasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Markazda mehmonlar tarixiy ekspozitsiyalar, zamonaviy texnologiyalar hamda ko‘rish imkoniyati cheklangan shaxslar uchun yaratilgan inklyuziv sharoitlar bilan tanishdi.
Tashrif davomida mehmonlarga islomgacha bo‘lgan davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda Yangi O‘zbekiston — Uchinchi Renessans poydevoriga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar taqdim etildi. Noyob tarixiy manbalar, buyuk allomalar merosi va sun’iy intellekt asosidagi interaktiv namoyishlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Miralisher Fayziyev, Respublika markaziy ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasi direktori o‘rinbosari:
«Markazda har bir eksponatning o‘ziga xos boy tarixi borligi haqida ma’lumot oldik. Ayniqsa, sun’iy intellekt yordamida tariximizning namoyish etilishi katta taassurot qoldirdi. Kutubxonadagi zamonaviy sharoitlar, onlayn mashg‘ulotlar uchun maxsus kapsulalar va ko‘zi ojiz kitobxonlarga ajratilgan xonalar e’tiborga molik».
Tashrifning muhim qismi Markaz kutubxonasi bilan tanishuv bo‘ldi. Mehmonlar bu yerda ko‘rish imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan maxsus xona, ekranni kattalashtiruvchi qurilmalar, matnlarni ovozli o‘qib beruvchi dasturlar hamda Braylь yozuvidagi adabiyotlar bilan tanishdi.
Umidjon Xudoyorbekov, Respublika markaziy ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasi bo‘lim mudiri:
«Menda ko‘rish bo‘yicha nogironlik bo‘lsa-da, ekspozitsiyalardagi ma’lumotlar menga tushunarli tarzda yetkazib berildi. Kutubxonadagi tinch, zamonaviy muhit va biz uchun yaratilgan sharoitlar juda ma’qul bo‘ldi. Bu yerga yana faol kitobxon sifatida kelish niyatidaman. Yoshlarga ham Markazga tashrif buyurishni tavsiya qilaman. Chunki tarixiy eksponatlarni bevosita o‘rganish insonda o‘zgacha taassurot qoldiradi».
Mehmonlar Markaz ekspozitsiyalarining tarixiy merosni chuqur anglash, yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishdagi ahamiyatiga ham to‘xtaldi.
Ma’mura Sattarova, Respublika markaziy ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasi bo‘lim mudiri:
«Tashrif davomida bu maskan faqat muzey emas, balki zamonaviy ilmiy platforma ekaniga amin bo‘ldik. Ko‘zi ojizlar uchun maxsus inklyuziv xona, ovozli dasturlar va Braylь yozuvidagi ilmiy-ommabop, badiiy, diniy hamda tarixiy kitoblar fondi tashkil etilgani biz uchun muhim ahamiyatga ega».
Tashrif ishtirokchilari Markazda tarixiy merosning zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirilgani, ilm-fan va ma’rifatdan bahramand bo‘lish uchun turli ehtiyojlarga mos sharoitlar yaratilganini yuqori baholadi.
Mazkur ma’rifiy tashrif O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining inklyuziv ta’lim, madaniy merosdan teng foydalanish va barcha toifadagi kitobxonlar uchun ochiq ilmiy-ma’rifiy muhitni shakllantirish borasidagi imkoniyatlarini yana bir bor namoyon etdi.





