THE TIMES nashri Toshkentni Buyuk Ipak yo‘lidagi oddiy manzil emas, balki boy tarix va zamonaviy madaniyat uyg‘unlashgan maftunkor shahar sifatida e’tirof etdi
Buyuk Britaniyaning eng nufuzli va tarixiy nashrlaridan biri — THE TIMES gazetasida O‘zbekiston poytaxti Toshkentning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan maxsus maqola e’lon qilindi. «Bu maftunkor shahar Buyuk Ipak yo‘lidagi oddiy to‘xtash manzilidan ancha ko‘proq ma’noga ega» sarlavhasi ostida chop etilgan maqolada poytaxtning boy tarixiy merosi, o‘ziga xos me’morchiligi, madaniy hayoti va zamonaviy sayyohlik imkoniyatlari yoritilgan.
Muallif Kler Bubbiyer Toshkentni faqat Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat qiluvchilar qisqa muddatga to‘xtab o‘tadigan shahar emas, balki alohida e’tibor va vaqt ajratishga arziydigan jozibador manzil sifatida ta’riflaydi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston poytaxti qadimiy sivilizatsiya merosi, sovet davri modernistik me’morchiligi va bugungi madaniy yangilanish jarayonlarini o‘zida mujassam etgan.
Maqolada Toshkentning eng muhim yangi madaniy-ma’rifiy maskanlaridan biri sifatida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga alohida o‘rin ajratilgan. Nashr muallifi Markazni O‘zbekistonning qadimiy tarixidan tortib, zamonaviy davr siyosiy jarayonlarigacha bo‘lgan keng tarixiy manzarani namoyon etuvchi ta’sirchan majmua sifatida baholaydi.
«Hayratlanarli yangi Islom sivilizatsiyasi markazining eng yaxshi ekspozitsiya zallarini tomosha qiling. Bu yerda O‘zbekistonning qadimiy tarixidan tortib, zamonaviy davr siyosiy jarayonlarigacha bo‘lgan davr haqida atroflicha ma’lumot olish mumkin», deb yozadi muallif.
Kler Bubbiyer Markaz ekspozitsiyasining o‘ziga xos jihatlariga ham to‘xtalib, bu yerdagi taqdimot an’anaviy muzey namoyishidan tubdan farq qilishini ta’kidlaydi. Xususan, san’at asarlari, nodir matolar va tarixiy artefaktlar zamonaviy audiovizual vositalar, immersiv ekspozitsiyalar hamda ilg‘or texnologiyalar yordamida namoyish etilayotgani alohida e’tirof etilgan.
Muallif Markazda sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan fotobudka mavjudligini ham qiziqarli yangilik sifatida keltiradi. Ushbu interaktiv imkoniyat orqali tashrif buyuruvchilar o‘zlarini o‘zbek xonandasi, musiqachisi yoki kosmonavt qiyofasida tasvirga tushirishlari mumkinligi qayd etilgan.
THE TIMES nashrining ushbu maqolasida Islom sivilizatsiyasi markazining Toshkent madaniy hayotidagi o‘rni va O‘zbekistonning tarixiy-ma’naviy merosini zamonaviy texnologiyalar asosida keng namoyish etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratilgani diqqatga sazovor.
Shuningdek, maqolada 1966-yilgi zilziladan keyin qayta barpo etilgan Toshkentning o‘ziga xos me’moriy qiyofasi, Chorsu bozori, «Kosmonavtlar» metro bekati, Amaliy san’at muzeyi va milliy hunarmandchilik an’analari ham tilga olinadi. Muallif poytaxtdagi madaniy o‘zgarishlar, yangi san’at maskanlari, dizaynerlik va hunarmandchilik yo‘nalishlarining rivojlanishi shaharning zamonaviy qiyofasini boyitayotganini ta’kidlaydi.
Maqolaning e’tiborli jihatlaridan yana biri shundaki, muallif Toshkentga sayohatni Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab tashkil etilgan oddiy sayohat dasturining bir qismi sifatida emas, balki mustaqil va mazmunli sayohat yo‘nalishi sifatida ko‘rishga chaqiradi.
Bu kabi e’tiroflar O‘zbekistonning xalqaro turizm makonidagi nufuzi ortib borayotgani, ayniqsa, mamlakatning boy islom sivilizatsiyasi, ilmiy-ma’rifiy merosi va zamonaviy madaniy infratuzilmasi xorijiy auditoriyada tobora katta qiziqish uyg‘otayotganini ko‘rsatadi.





