Usmon mus'hafidan uch ming yillik tarixgacha: malayziyalik olimlarni O‘zbekiston merosi hayratlantirdi
«Ushbu Markazning ta’siri faqat O‘zbekiston bilan cheklanib qolmaydi. U Islomning haqiqiy mohiyatini, uning bag‘rikenglik, ezgulik va ma’rifatga asoslangan ta’limotini butun dunyoga yetkazishga xizmat qiladi», — dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga yettinchi bor tashrif buyurgan malayziyalik shayx Abdulloh Sobhi Marei. Malayziyaning «Restu» jamg‘armasi va Islom taraqqiyoti departamenti (JAKIM) vakillari Markaz ekspozitsiyalarida O‘zbekiston hududining uch ming yillik tarixi, Usmon mushafi, buyuk allomalar merosi hamda zamonaviy muzey texnologiyalari uyg‘unlashtirilganini yuqori baholadi. Mehmonlarning fikricha, majmua islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani va madaniyati taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini xalqaro auditoriyaga yetkazishda muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Malayziyaning «Restu» jamg‘armasi vakillari hamda mamlakat Islom taraqqiyoti departamenti (JAKIM) bilan bog‘liq ilmiy mutaxassislar tashrif buyurdi.
Mehmonlar Markazning tarixiy ekspozitsiyalari, Qur’on merosiga bag‘ishlangan bo‘limlari, buyuk allomalar hayoti va ilmiy kashfiyotlarini yorituvchi ko‘rgazmalari hamda zamonaviy O‘zbekiston taraqqiyoti aks ettirilgan ekspozitsiyalar bilan tanishdi.
Tashrif davomida ular O‘zbekiston hududida shakllangan ko‘p asrlik sivilizatsiyalar, islom ilm-fani va ma’rifiy an’analarining jahon taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida fikr bildirdi.
Yettinchi tashrif va har safar yangi taassurot
«Nasirul Qur’on» akademiyasi ijrochi direktori shayx Abdulloh Sobhi Marei uchun mazkur tashrif alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. U O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga yettinchi bor kelayotganini aytib, har safar ekspozitsiyalardan yangi taassurot olishini ta’kidladi.
«Bu yerga har safar kelganimda, ko‘rganlarimdan yanada hayratga tushaman. Islom sivilizatsiyasining tarixiy mavqeini tiklash va uning boy merosini qayta kashf etish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovor. Bu — davlat rahbari va hukumatning ulkan sa’y-harakatlari samarasidir. Menimcha, ushbu Markazning ta’siri faqat O‘zbekiston bilan cheklanib qolmaydi. U Islomning haqiqiy mohiyatini, uning bag‘rikenglik, ezgulik va ma’rifatga asoslangan ta’limotini butun dunyoga yetkazishga xizmat qiladi. Zero, Islom — ilm-fan, tamaddun, yuksalish va taraqqiyot dinidir. Markazdagi har bir bo‘lim, har bir ekspozitsiya alohida ma’no va tarixiy saboqqa ega. Ammo Usmon mushafi mening qalbimga ayniqsa yaqin. Ushbu muqaddas meros bilan ruhiy bog‘liqlikni his qilaman. Uning ulug‘vorligi, nafis xat uslubi va tarixiy ahamiyati insonda chuqur hayajon uyg‘otadi», — dedi Abdulloh Sobhi Marei.
Mehmon, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad Xorazmiy va Abu Ali ibn Sino kabi buyuk allomalarga bag‘ishlangan ekspozitsiyalarni ham yuqori baholadi.
Uning fikricha, bu allomalar merosi O‘zbekistonning jahon ilm-fani, islom tafakkuri va madaniyati tarixidagi o‘rnini namoyon etadi.
Zamonaviy O‘zbekiston taraqqiyotini aks ettiruvchi bo‘limlar esa mehmonda mamlakatning tarixiy meros bilan bir qatorda bugungi imkoniyatlari haqida ham yaxlit tasavvur uyg‘otdi.
Uch ming yillik tarix zamonaviy texnologiyalar bilan qanday uyg‘unlashgan?
Malayziya Islom taraqqiyoti departamenti (JAKIM) vakili, ayni paytda Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida tadqiqot olib borayotgan Muhammad Uzayr bin Izham ham tashrif davomida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Bu yerda ko‘rganlarim meni chindan ham hayratga soldi. Uch ming yillik tarix, san’at va zamonaviy texnologiyalarning yagona makonda birlashtirilgani Markazning o‘ziga xosligini belgilaydi. Bunday muzeylar orqali xalqning tarixini jahonga tanitish, shu bilan birga, Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun keng imkoniyatlar yaratish mumkin», — dedi malayziyalik tadqiqotchi.
Muhammad Uzayr bin Izham Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazidagi faoliyati, Samarqandning tarixiy obidalari va ilmiy an’analari O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasidagi o‘rnini chuqurroq anglash imkonini berganini ta’kidladi.
Xususan, Shohi Zinda majmuasi, Registon ansambli, tarixiy madrasalar va me’moriy yodgorliklar uning e’tiborini tortgan.
«Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida tadqiqot olib borar ekanman, O‘zbekistonning tarixiy merosi nechog‘liq boy ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim. Shohi Zinda, Registon va boshqa tarixiy obidalardagi madrasalar, me’moriy yechimlar va asrlar davomida saqlanib kelayotgan ilm muhitida bu yurtning buyuk tarixi namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston faqat Imom Buxoriy vatani emas. Bu zamin Beruniy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy va ko‘plab boshqa buyuk allomalarni ham dunyoga bergan. Ana shu ilmiy meros va ulug‘ mutafakkirlar O‘zbekistonning haqiqiy boyligidir. Islom sivilizatsiyasi markazi esa bu boylikni dunyoga tanitishda muhim o‘rin tutadi», — dedi u.





