Ibn Sinoning Hindistonda saqlanayotgan noyob qo‘lyozma merosi o‘rganilmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan buyuk mutafakkir Abu Ali ibn Sino tavalludining 1050 yilligini keng nishonlashga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda, allomaning xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan ilmiy merosini o‘rganish borasida muhim ishlar amalga oshirilmoqda.
2026-yilning 9–15 noyabr kunlari O‘zbekiston delegatsiyasining Abu Ali ibn Sino qo‘lyozma merosini tadqiq etishga bag‘ishlangan ilk ilmiy ekspeditsiyasi Hindistonda bo‘lib o‘tmoqda. Ibn Sino jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan ekspeditsiya buyuk allomaning xorijiy fondlarda saqlanayotgan asarlarini aniqlash, o‘rganish va ilmiy muomalaga kiritishga qaratilgan. Mazkur ilmiy ekspeditsiyada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xodimi Xusrav Hamidov ham ishtirok etmoqda.
Ilmiy safar Nyu-Dehli, G‘oziobod va Aligarx shaharlarini qamrab olgan. Delegatsiya a’zolari Hindistonning ilmiy muassasalari va qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan noyob manbalar bilan tanishib, ularni tadqiq etish yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasida Ibn Sino ilmiy merosi, uning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan konferensiya tashkil etildi.
Abu Ali ibn Sino — jahon ilm-fani tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk qomusiy olim. Uning tibbiyot, falsafa, mantiq va tabiiy fanlarga oid asarlari asrlar davomida Sharq va G‘arb ilm-fani rivojiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan alloma tavalludining 1050 yilligini nishonlash doirasida uning boy ilmiy merosini chuqur tadqiq etish, xorijiy kutubxonalar va qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan asarlarini o‘rganish hamda keng jamoatchilikka yetkazish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning mualliflik loyihasi asosida barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham buyuk ajdodlarimiz ilmiy-ma’rifiy merosini o‘rganish, asrab-avaylash va xalqaro miqyosda targ‘ib etishga xizmat qilmoqda. Hindistondagi mazkur ilmiy ekspeditsiya Ibn Sino merosiga oid yangi manbalarni aniqlash, ularni ilmiy tadqiqotlarga jalb etish va O‘zbekiston — Hindiston ilmiy-madaniy hamkorligini yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.





