Samarqandda Imom Moturidiy merosiga bag‘ishlangan innovatsion muzey tashkil etilmoqda
So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan buyuk ajdodlarimiz ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, asrab-avaylash va xalqaro miqyosda targ‘ib etishga qaratilgan yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi va innovatsion muzeyi ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasidir.
Ayniqsa, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining jahondagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi sifatida Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilishi mamlakatimizning boy tarixiy va madaniy merosini xalqaro miqyosda namoyon etish borasidagi ishlarining e’tirofi.
Bu yo‘nalishdagi tashabbuslarning mantiqiy davomi sifatida Samarqand shahrida Imom Moturidiy innovatsion muzeyi tashkil etilmoqda.
Muzey konsepsiyasi, ekspozitsiyalarning mazmun-mohiyati va tashrif buyuruvchilar uchun yaratiladigan imkoniyatlar haqida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i Ixtiyor Abdurahmonov bilan suhbatlashdik.
Avvalo, Imom Moturidiy innovatsion muzeyini tashkil etish tashabbusining ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tsangiz. Nima uchun bugun ushbu allomaga bag‘ishlangan alohida muzeyga ehtiyoj bor?
Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganish, uni zamonaviy usullarda targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy innovatsion muzeyi kabi yirik loyihalar bu boradagi ishlar ko‘lamini yaqqol namoyon etadi.
Ana shu ezgu tashabbuslarning mantiqiy davomi sifatida Samarqandda Imom Moturidiy innovatsion muzeyi tashkil etilmoqda.
Imom Moturidiy nafaqat Movarounnahr, balki butun Islom olamida katta e’tibor va e’tirofga sazovor bo‘lgan mutafakkirdir. U zotning “Hidoyat imomi” degan yuksak unvon bilan ulug‘lanishi ham buning yorqin dalilidir.
Shu bois allomaning hayoti va ilmiy merosini alohida muzey orqali namoyon etish muhim ahamiyatga ega. Bu yerda tashrif buyuruvchilar nafaqat Imom Moturidiy shaxsiyati, balki u asos solgan ilmiy maktab, uning davomchilari va moturidiylik ta’limotining tarixiy taraqqiyoti bilan ham yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar.
Muzey ekspozitsiyasi qanday konsepsiya asosida shakllantirilmoqda? Unda nechta bo‘lim bo‘ladi?
Muzey olti asosiy bo‘limdan iborat bo‘lishi rejalashtirilgan. Har bir bo‘lim muayyan tarixiy davr yoki ilmiy yo‘nalishni qamrab oladi. Asosiy maqsad — tashrif buyuruvchini moturidiylik ta’limotining ilk ildizlaridan boshlab, bugungi kungacha bo‘lgan tarixiy va ilmiy jarayonlar bilan izchil tanishtirish.
Birinchi bo‘lim “Aqida ilmining shakllanishi” deb nomlanadi. Unda Imom Moturidiy yashagan davrgacha bo‘lgan diniy-ilmiy muhit, Samarqanddagi ma’rifiy hayot va moturidiylik ta’limotining tarixiy asoslari yoritiladi.
Bu orqali tashrif buyuruvchilar mazkur ta’limotning tasodifan paydo bo‘lmagani, balki Payg‘ambarimiz (s.a.v) davridan boshlangan ilmiy-e’tiqodiy silsila bilan bog‘liqligini anglaydilar.
Ikkinchi bo‘lim bevosita Imom Moturidiy hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlanadi. Bu yerda allomaning ustozlari, shogirdlari, asarlari, yashagan davridagi ilmiy muhit, hikmatli fikrlari va turli adashgan oqimlarga qarshi bildirgan raddiyalari haqida ma’lumotlar joylashtiriladi.
Moturidiylik ta’limotining davomchilari va jahon bo‘ylab tarqalishiga ham e’tibor qaratilganmi? Sababi moturidiylik ta’limoti Imom Moturidiy vafotidan keyin ham to‘xtab qolmagan, shundaymi? Uning shogirdlari, keyingi avlod allomalari tomonidan rivojlantirilib, asrlar davomida Islom olamida keng tarqalgan...
Uchinchi bo‘lim aynan shu jarayonni qamrab oladi. Unda Abu-l-Muin an-Nasafiy, Abu Hafs Umar an-Nasafiy, Nuriddin as-Sobuniy, Saffor Buxoriy, Alouddin Usmandiy, Usmon O‘shiy, Ubaydulloh ibn Mas’ud va Burhoniddin Marg‘inoniy kabi allomalarning hayoti va ilmiy faoliyati haqida ma’lumotlar taqdim etiladi.
Shuningdek, Movarounnahr ilmiy maktablari, moturidiylik ta’limotining asoslari, o‘ziga xos xususiyatlari va uning dunyoga tarqalish geografiyasi aks ettiriladi.
Bu bo‘limda yana bir qiziqarli innovatsion yechim — elektron ramziy kutubxona tashkil etiladi. Unda moturidiylik ta’limotiga oid asarlar zamonaviy raqamli texnologiyalar orqali namoyish etiladi. Bu tashrif buyuruvchilarga mazkur ilmiy meros bilan interaktiv shaklda tanishish imkonini beradi.
Imom Moturidiy dafn etilgan maskan Chokardiza majmuasi tarixi ham alohida e’tiborga molik. Bundan tashqari Movarounnahr ilm-fani va diniy tafakkuri tarixida ayni shu hudud ham muhim o‘rin egallagan. Bu maskan haqida ham ekspozitsiya yaratiladimi?
Chokardiza Samarqandning eng qadimiy va tarixiy ahamiyatga ega maskanlaridan biri hisoblanadi. Asrlar davomida bu yerda ko‘plab allomalar, muftiylar va ilm-ma’rifat ahli dafn etilgan.
944 yilda Imom Moturidiy shu yerga dafn etilganidan keyin Chokardizaning ma’naviy va tarixiy ahamiyati yanada ortgan. Mazkur maskan Movarounnahr ilm-fani va diniy tafakkuri tarixida muhim o‘rin egallaydi.
Afsuski, sobiq sovet davrida qabristonning katta qismi buzilib, uning o‘rnida turli binolar qurilgan. Keyinchalik mustaqillik yillarida Imom Moturidiy maqbarasi barpo etildi. Bugungi kunda esa majmuada keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, maqbara rekonstruksiya qilindi, Burhoniddin Marg‘inoniy maqbarasi qayta barpo etildi, masjid va muzey tashkil etilmoqda.
To‘rtinchi bo‘limda Chokardiza tarixiga oid ma’lumotlar, bu yerda dafn etilgan mashhur allomalar, shuningdek, arxeologik tadqiqotlar davomida aniqlangan tarixiy artefaktlar namoyish etiladi. Ayniqsa, ming yillik tarixga ega qabrtoshlar alohida ahamiyatga ega. Tashrif buyuruvchilar ulardagi yozuvlar, xattotlik uslublari va tarixiy ma’lumotlar bilan tanishishlari mumkin bo‘ladi.
Muzeyda multimedia imkoniyatlari qanday qo‘llanilgan?
Beshinchi bo‘lim Imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan videofilьm namoyishi uchun mo‘ljallangan. Unda taxminan 10–15 daqiqalik maxsus film orqali allomaning hayot yo‘li, ilmiy faoliyati va islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi yoritiladi.
Oltinchi bo‘lim esa «Yangi O‘zbekistonda Imom Moturidiy merosiga e’tibor» deb nomlanadi. Unda mamlakatimizda alloma merosini o‘rganish va targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z aksini topadi.
Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi, alloma tavalludining 1150 yilligi munosabati bilan amalga oshirilgan ishlar, xalqaro konferensiyalar, xorijiy olimlar bilan hamkorlik va markaz tomonidan nashr etilgan ilmiy adabiyotlar haqida ma’lumotlar taqdim etiladi.
Shuningdek, yoshlar uchun mo‘ljallangan interaktiv o‘yinlar ham tashkil etiladi. Ular orqali bolalar ilm-fan, ma’naviyat va tarbiyaga oid savollarga javob topishlari, o‘z bilimlarini sinab ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.
Demak, muzey faqat tarixiy ekspozitsiyalar bilan cheklanmaydi?
Albatta, muzeyning asosiy xususiyatlaridan biri — tarixiy ma’lumotlarni zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirgan holda taqdim etishdir. Bu esa turli yoshdagi tashrif buyuruvchilar uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Masalan, ilmiy adabiyotlarni o‘rganishga qiziqqan tadqiqotchi elektron kutubxona orqali kerakli ma’lumotlar bilan tanishishi, yoshlar interaktiv o‘yinlar va savol-javoblar orqali bilimlarini boyitishi, xorijiy mehmonlar esa mulьtimedia materiallari vositasida Imom Moturidiy merosi haqida keng tasavvurga ega bo‘lishi mumkin.
Eng muhimi, bu yerga kelgan inson nafaqat buyuk allomaning qadamjosini ziyorat qiladi, balki u zotning ilmiy qarashlari, moturidiylik ta’limotining asoslari va Movarounnahr allomalarining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida ham muhim ma’lumotlarni oladi.
Ishonamizki, Imom Moturidiy innovatsion muzeyi kelgusida nafaqat yurtimiz aholisi, balki butun dunyo musulmonlari, olimlar va tadqiqotchilar e’tiborini tortadigan muhim ilmiy-ma’rifiy maskanga aylanadi.
Durdona Rasulova suhbatlashdi





