MDH davlatlari vakillari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining inklyuziv imkoniyatlaridan hayratda qoldi
Tarixiy meros bilan tanishish uchun uni faqat ko‘rish shart emas — uni anglash, his etish va mustaqil o‘rganish imkoniyati ham muhim. O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati tashabbusi bilan MDH davlatlari vakillari ishtirokida boshlangan xalqaro sammit dasturi doirasida mehmonlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining inklyuziv muhiti, to‘siqsiz harakatlanish sharoitlari va eksponatlar bilan taktil tanishish imkoniyatlari bilan tanishdi.
O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro sammit doirasida inklyuziv ta’lim, bandlik, ijtimoiy integratsiya hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun teng imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilinmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif esa mazkur mavzularning amaliy jihatlaridan biri — madaniy va tarixiy merosdan foydalanish imkoniyatlari bilan bevosita tanishishga xizmat qildi.
O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati Markaziy boshqaruvi rahbari Turdali Normatov Markazdagi inklyuziv sharoitlar haqida fikr bildirib, harakatlanish va ekskursiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlariga e’tibor qaratdi.
«Markazga kirgan ishtirokchilarimiz o‘zlarining nogironligini ham unutib qo‘yishdi. Chunki harakatlanish, yuqoriga ko‘tarilish va pastga tushish, gidlar xizmatidan foydalanish uchun barcha sharoitlar qulay tashkil etilgan. Buning uchun Prezidentimizga ko‘zi ojizlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar nomidan alohida minnatdorchilik bildiraman», — dedi Turdali Normatov.
Irina Yurenya, Belarusь ko‘zi ojizlar jamoat birlashmasi Markaziy boshqaruvi raisi:
Bu yerda tarix va zamonaviy innovatsiyalar o‘ziga xos tarzda uyg‘unlashgan. Ko‘rish imkoniyati cheklangan insonlar uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan. Biz Markaz bo‘ylab hech qanday to‘siqlarsiz harakatlanyapmiz, eksponatlarni taktil his qilish, ushlab ko‘rish imkoniyatiga egamiz. Bu esa tarixiy bilimlarni qabul qilishni yanada qulaylashtiradi.
Anastasiya Belova, qirg‘izistonlik tarixchi va pedagog:
Tarixchi va tarix fani o‘qituvchisi sifatida bugungi kun men uchun o‘tmishga sehrli sayohat bo‘ldi. Bu yerdagi ekspozitsiyalar — jonli darsliklar, tarixning tirik nafasidir. Zaif ko‘ruvchi inson sifatida dastlab harakatlanishda qiyinchilik bo‘larmikan, deb xavotirlangan edim. Ammo bu yerda o‘zimni juda erkin his qilyapman. Qirg‘izistonga qaytgach, ko‘rganlarimni o‘quvchilarim bilan baham ko‘raman.
Xalqaro sammit ishtirokchilarining O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi inklyuziv muhit faqat to‘siqsiz harakatlanish emas, balki madaniy merosni anglash, tarixiy bilimlarni o‘zlashtirish va ma’rifiy jarayonlarda teng ishtirok etish imkoniyati bilan ham belgilanishini namoyon etdi.





