Moskva shahar Dumasi raisi: «Bu shunchaki bino emas — islom madaniyatining qalbi»
«Bu birinchi navbatda bino emas, balki islom madaniyatining qalbi, islom tarixining qalbi», — dedi Moskva shahar Dumasi raisi Aleksey Shaposhnikov O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi davomida.
Rossiya Federatsiyasi Moskva shahar Dumasi raisi A. Shaposhnikov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Aleksey Shaposhnikov, Rossiya Federatsiyasi Moskva shahar Dumasi raisi:
Menimcha, bu birinchi navbatda bino emas, balki islom madaniyatining qalbi, islom tarixining qalbi bo‘lib, u juda zamonaviy, interaktiv va tushunarli shaklda islom madaniyati naqadar ulug‘ ekanligini hammaga ko‘rsatib beradi. Biz yosh bo‘lgan vaqtimizda, afsuski, bunday texnologiyalar yo‘q edi. Hozir esa xuddi bolalardek, og‘zimizni ochib ushbu go‘zal ekspozitsiyaga va ko‘rsatilgan narsalarga qarab yuribmiz. Menimcha, O‘zbekistonga, Toshkentga kelgan har bir kishi bu yerga kelishi va ushbu go‘zal ekspozitsiya bilan tanishishi shart.
A. Shaposhnikov o‘z bahosida uchta asosiy jihatni ajratib ko‘rsatdi: islom sivilizatsiyasi tarixining yaxlit namoyish etilishi, muzey ekspozitsiyalarida zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanilishi va tarixiy merosning yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyati.
Uning ta’kidlashicha, Markaz turli xalqlarning tarix va madaniyat bilan tanishishi, buyuk sivilizatsiyalar ilmiy yutuqlarini anglashi hamda o‘zaro madaniy aloqalarni mustahkamlashi uchun muhim imkoniyatlar yaratadi.





