Eron vaziri: «Mushtarak tarixiy ildizlar bugungi munosabatlarimizga ham katta ta’sir ko‘rsatadi»
Eron va O‘zbekiston xalqlarini ming yillik tarix, umumiy madaniy qadriyatlar, ilmiy-ma’rifiy an’analar va sivilizatsiyaviy aloqalar birlashtirib turadi. Bu mushtaraklikni o‘zida mujassam etgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Eron Islom Respublikasi Yo‘l va shaharsozlik vaziri Farzona Sodiq boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mehmonlar Markazning Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalaridan tortib, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans davrigacha bo‘lgan tarixiy jarayonlarni qamrab olgan ekspozitsiyalari bilan tanishdilar.
Markazning tarixiy xaritasida Buyuk ipak yo‘li orqali o‘zaro bog‘langan shaharlar qatorida Eronning Ktesifan, Sheroz, Tabriz, Ray va Isfahon shaharlari ham aks ettirilgan. Mazkur yo‘nalish orqali Sharq va G‘arbni bog‘lagan savdo yo‘llari nafaqat iqtisodiy munosabatlar, balki ilm-fan, san’at, hunarmandchilik va madaniyat almashinuviga ham xizmat qilgani ko‘rsatiladi.
Ikki xalqning mushtarak merosi temuriylar davri ekspozitsiyasida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Amir Temur va uning avlodlari hukmronligi davrida bugungi Eron hududida me’morchilik, kitobat, san’at va ilm-fan rivojlangan. Ray, Mashhad, Isfahon, Tabriz kabi shaharlarda bunyod etilgan tarixiy obidalar, jumladan, Gavharshodbegim masjidi temuriylar davri madaniy taraqqiyotining muhim namunalaridan hisoblanadi. Ekspozitsiyada ushbu davrga oid miniatyuralar va tarixiy manbalar ham taqdim etilgan.
Tashrifning eng muhim qismlaridan biri Qur’oni karim zali bilan tanishuv bo‘ldi. Bu yerda O‘zbekistonga daxldor 114 ta Qur’on qo‘lyozmasini qamrab olgan loyiha doirasida jamlangan noyob manbalarning bir qismi namoyish etilmoqda. E’tiborli jihati, ushbu qo‘lyozmalarning salmoqli qismi Eron fondlarida, jumladan, Mashhad shahridagi Imom Rizo majmuasi va Ostoni Quds kutubxonasida saqlanadi.
Ular orasida Somoniylar davriga mansub, X asrda ko‘chirilgan, eski o‘zbek va fors tillaridagi tarjimalarga ega Qur’on nusxasi, XIV asrda xattot Muhammad ibn Shayx Yusuf al-Ibariy tomonidan ko‘chirilgan mushaf hamda XIII asrga oid qo‘lyozma alohida o‘rin tutadi. Bu manbalarda Qur’on oyatlarining turkiy va forsiy tillardagi tarjimalari keltirilgani ikki xalqning nafaqat diniy, balki til va kitobat madaniyatidagi mushtarak an’analarini ham ko‘rsatadi.
Eron delegatsiyasi rahbari Farzona Sodiq Markazdagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, ikki mamlakat o‘rtasidagi mushtarak tarixiy, madaniy va diniy-ma’rifiy ildizlar ekspozitsiyalarda yuksak mahorat bilan aks ettirilganini ta’kidladi.
Avvalo, go‘zal Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurganimdan faxrlanaman. Meni va hamkasblarimni mamnun etgan jihat — Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi mushtarak tarixiy, sivilizatsiyaviy, madaniy hamda diniy-ma’rifiy ildizlarning bu yerda juda ta’sirchan tarzda namoyon etilganidir. Markaz juda yaxshi loyihalashtirilgan, xalqlarimiz sivilizatsiyasi va uning boy merosi yuksak mahorat bilan aks ettirilgan. Albatta, O‘zbekistonga tashrifimning muhim yo‘nalishlaridan biri Buyuk ipak yo‘lini qayta tiklash va uni zamonaviy transport koridori sifatida rivojlantirish masalasidir. Markazga tashrif men uchun juda mazmunli va foydali bo‘ldi. Yana bir bor ta’kidlaymanki, xalqlarimiz o‘rtasidagi mushtarak tarixiy ildizlar bugungi munosabatlarimizga ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Menga tashrif davomida tushuntirilgan barcha Renessans davrlari yoqdi. Tashrifimning Qur’on tilovati bilan yakunlangan qismi barcha bosqichlar ichida men uchun eng ta’sirlisi bo‘ldi, — dedi vazir.
Shuningdek, tashrif yakunida Eron Islom Respublikasi Yo‘l va shaharsozlik vaziri Farzona Sodiq faxriy mehmonlar kitobiga o‘z qaydlarini yozib qoldirdi.
Ma’lumot uchun, markaz kutubxonasida ham Eron bilan ilmiy-ma’rifiy hamkorlikning muhim natijalari jamlangan. 2019-yilda Eronga amalga oshirilgan xizmat safari davomida 300 ming qo‘lyozma haqida ma’lumotni o‘z ichiga olgan “Eron qo‘lyozmalarining ittifoq katalogi” nomli 45 jildli noyob to‘plamning ikki nusxasi Markazga hadya qilingan. Shuningdek, Eron Milliy kutubxonasi tomonidan Amir Temur avlodi vakili tomonidan ko‘chirilgan Qur’oni karimning faksimile nusxasi taqdim etilgan. Kutubxona fondida Sa’diy Sheroziyning devoni, Nizomiy va Abdurahmon Jomiy asarlari ham mavjud. Bugunga qadar Eron tomonidan Markaz kutubxonasiga 300 dan ortiq kitob hadya qilingan.





