Euronews: "O‘zbekiston — Toshkent metrosidan Samarqand durdonalarigacha bo‘lgan sayohat"
O‘zbekistonning boy tarixi, betakror me’moriy obidalari va madaniy merosi xalqaro media e’tiborida. Yevropaning nufuzli Euronews telekanali o‘zining «Grand Voyager» sayohat dasturida Lilli Dous ishtirokidagi maxsus lavhani namoyish etdi. 2026-yil 11-noyabr kuni rasmiy saytida e’lon qilingan «O‘zbekiston — Toshkent metrosidan Samarqand durdonalarigacha bo‘lgan sayohat» nomli maqolada mamlakatimizning diqqatga sazovor maskanlari, milliy an’analari va tarixiy merosi yoritilgan. Sayohatning Toshkentdagi muhim manzillaridan biri sifatida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga alohida e’tibor qaratilgan. Muallif Markazning muhtasham me’moriy qiyofasi va boy ekspozitsiyalari orqali mamlakatimizning diniy, madaniy va tarixiy merosi, shuningdek, O‘zbekistonning jahon Islom sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi muhim o‘rni bilan tanishtiradi.
Qadimiy Ipak yo‘li shaharlari va muhtasham me’moriy obidalardan tortib, gavjum bozorlar va boy an’analargacha — Lilli Dous bilan O‘zbekiston tarixi, madaniyati va milliy taomlari olamiga sayohat qiling.
O‘zbekiston — asrlar davomida shakllangan, qadimiy Buyuk Ipak yo‘li shaharlari, muhtasham me’moriy obidalari va boy madaniy an’analari o‘zaro uyg‘unlashgan mamlakatdir. Toshkentning gavjum ko‘chalaridan tortib, Samarqandning tarixiy durdonalarigacha bo‘lgan sayohat Markaziy Osiyoning betakror olami bilan tanishish imkonini beradi.
«Grand Voyager» dasturining ushbu sonida Lilli o‘z sayohatini mamlakat poytaxti Toshkentdan boshlaydi. U O‘zbekistonning diniy, madaniy va tarixiy merosi haqida ko‘proq ma’lumot olish maqsadida Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyuradi. Markazning hayratlanarli me’moriy qiyofasi va ekspozitsiyalari orqali O‘zbekistonning keng Islom olamida tutgan muhim o‘rni bilan tanishadi.
Shahar tarixi uning ko‘chalari ostida ham o‘z aksini topgan. Toshkent metrosi bo‘ylab sayohat davomida Lilli o‘ziga xos dizayni, mozaikalari va badiiy bezaklari bilan ajralib turadigan eng go‘zal bekatlarni kashf etadi.
O‘zbek madaniyatining yana bir muhim jihati — milliy taomlardir. Palov muzeyida Lilli mamlakatning eng mashhur an’anaviy taomlaridan biri bo‘lgan palov tarixi, uni tayyorlashning o‘ziga xos usullari va o‘zbek mehmondo‘stligidagi ahamiyati haqida ma’lumot oladi.
Toshkentdan so‘ng Lilli qadimiy Ipak yo‘lining eng muhim shaharlaridan biri bo‘lgan Samarqandga yo‘l oladi. Registon maydonida u «Akasha Travel» vakili Xurshid Narimov bilan uchrashib, murakkab koshinkorlik naqshlari va mahobatli me’moriy yechimlari bilan mashhur muhtasham madrasalarni tomosha qiladi. Shundan so‘ng islomiy bezak san’atining eng go‘zal namunalari bilan bezatilgan tarixiy maqbaralarni o‘zida mujassam etgan betakror Shohi Zinda majmuasiga tashrif buyuradi.
Samarqand asrlar davomida shakllangan hunarmandchilik an’analarini hamon asrab kelmoqda. Lilli an’anaviy qog‘oz tayyorlashning qadimiy san’ati bilan tanishadi, so‘ng mahalliy hayotning rang-barangligi, ovozlari va ta’mlari mujassam bo‘lgan Siyob bozoriga yo‘l oladi. Sayohat yakunida esa o‘zbek xalqining yana bir an’anasiga qo‘shilib, mashhur milliy nonni yopishni o‘rganadi.
Betakror me’moriy obidalari, boy tarixi, gavjum bozorlari va asrlar davomida sayqal topgan an’analari bilan O‘zbekiston Ipak yo‘lining qalbiga sayohat qilish, bugungi kunda ham rivojlanib borayotgan milliy madaniyat bilan yaqindan tanishish imkonini taqdim etadi.





