Qo‘yqirilgan qal’ada yulduzlar va Oy harakati kuzatilganmi?
Qadimgi Xorazm sivilizatsiyasi o‘zining mahobatli qal’alari, noyob me’morchiligi va astronomik bilimlari bilan jahon tarixi va madaniyatida alohida o‘rin tutadi. Ana shunday sirli yodgorliklardan biri Qo‘yqirilgan qal’adir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumanida, To‘rtko‘l shahridan 30 kilometr shimoli-sharqda joylashgan ushbu yodgorlik miloddan avvalgi IV–III asrlarga oid bo‘lib, 1938-yilda mashhur arxeolog Sergey Tolstov rahbarligidagi tadqiqotlar davomida o‘rganilgan.
Qo‘yqirilgan qal’a o‘zining g‘ayrioddiy me’moriy tuzilishi bilan ajralib turadi. Aylana shaklidagi ikki qavatli markaziy inshootning diametri 42 metr, butun majmuaning diametri esa 90 metrni tashkil etadi. Qal’a minoralar va shinaklarga ega halqasimon mudofaa devorlari bilan o‘ralgan.
Ayrim tadqiqotchilar Qo‘yqirilgan qal’a nafaqat mudofaa inshooti, balki qadimgi astronomik kuzatuvlar va diniy marosimlar o‘tkazilgan maskan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydilar. Yodgorlik nomi bilan bog‘liq qiziqarli faraz ham mavjud. Unga ko‘ra, «Qo‘yqirilgan qal’a» atamasi dastlab «Oy ko‘rilgan qal’a» shaklida bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu talqin qadimgi Xorazm kohinlari ushbu maskandan yangi oyning paydo bo‘lishi, hilol va yulduzlar harakatini kuzatgan bo‘lishi ehtimoli bilan bog‘lanadi. Biroq mazkur qarash hozircha ilmiy faraz bo‘lib, qal’a nomining kelib chiqishi haqida qat’iy xulosa sifatida qabul qilinmaydi.
Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, qal’a o‘z tarixida bir necha taraqqiyot bosqichini boshdan kechirgan. Uning markaziy qismi qadimda yong‘in oqibatida vayron bo‘lgan. Ushbu yong‘inning sabablari esa hanuzgacha aniq emas.
Qal’a qadimgi Xorazm aholisining me’morchilik, muhandislik va osmon jismlari haqidagi tasavvurlarini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega noyob arxeologik yodgorlikdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mualliflik loyihasi asosida barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida xalqimizning boy tarixiy-madaniy merosini o‘rganish, asrab-avaylash va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Markaz ekspozitsiyasidan o‘rin olgan Qo‘yqirilgan qal’a maketi tashrif buyuruvchilarga qadimgi Xorazm sivilizatsiyasining noyob me’morchilik an’analari, ajdodlarimizning ilmiy tafakkuri va boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Markazga tashrif buyurib, Qo‘yqirilgan qal’a maketini o‘z ko‘zingiz bilan tomosha qilishingiz, ushbu qadimiy yodgorlikning tarixi, me’moriy tuzilishi va o‘ziga xos jihatlari haqida batafsil ma’lumot olishingiz mumkin. Bunday noyob ekspozitsiyalar tariximizni chuqurroq anglash, ajdodlarimiz merosidan faxrlanish va uni kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qiladi.





