ICESCO bosh direktori: «Islom sivilizatsiyasi markazi — islom olamining ramzi»
Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) bosh direktori Salim al-Malik O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ahamiyatiga yuqori baho berdi.
Salim al-Malik «Dunyo» axborot agentligiga bergan intervyusida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakatimizning islom dunyosidagi o‘rni hamda boy tarixiy-madaniy merosi haqida fikr bildirdi. Xususan, u O‘zbekiston va ICESCO o‘rtasidagi hamkorlik 2025-yilda Samarqand Islom dunyosining madaniy poytaxti bo‘lganidan so‘ng yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.
«Bu yil islom olamining ramzi bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Buxoriy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etdik. Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bunday islohotlar O‘zbekistonning islom dunyosi uchun tarixiy merosi naqadar boy ekanini ko‘rsatadi», — dedi ICESCO bosh direktori.
Shuningdek, Salim al-Malik O‘zbekiston Prezidentining xalqaro maydonda ilgari surayotgan tashabbuslarini yuqori baholab, tashkilot mamlakatimiz bilan yaqin ikki yilga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning tashabbuslari nafaqat milliy manfaatlarga, balki global muammolarni hal etish, ilm-fan, ta’lim va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga ham qaratilgan.
ICESCO rahbarining mazkur e’tirofi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-ma’rifiy muloqot maydoni sifatidagi ahamiyatini yana bir bor namoyon etadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning mualliflik loyihasi asosida barpo etilgan Markaz xalqimizning boy ilmiy va ma’naviy merosini jahon hamjamiyatiga tanitish, buyuk allomalarimiz ilmiy merosini tadqiq etish hamda xalqaro madaniy-ma’rifiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.





