Yangiliklar

Maqolaning to‘liq matni, illyustratsiyalar va Markazning boshqa yangiliklari to‘plami.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Davlat Ermitaji hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Rossiyaning yetakchi ilmiy va madaniy muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu borada Rossiyaning mashhur muzeylaridan biri — Davlat Ermitaji bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolash rejalashtirilgan. Mazkur kelishuv ilmiy tadqiqotlar, qo‘shma ko‘rgazmalar, restavratsiya va muzeyshunoslik yo‘nalishlarida yangi imkoniyatlar ochishi kutilmoqda.

Bu haqda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori ilmiy maslahatchisi Tursunali Qo‘ziyev Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan III “Kelajakni yaratish” xalqaro simpoziumi doirasida ma’lum qildi. 100 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirok etgan xalqaro anjuman doirasida Markazning Rossiya ilmiy va madaniy muassasalari bilan hamkorligi, istiqboldagi qo‘shma loyihalar haqida so‘z bordi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda Markaz Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari instituti, Rossiya Milliy kutubxonasi, Qozon federal universiteti, Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi hamda “Rossiya” milliy markazi bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Davlat Ermitaji bilan rejalashtirilayotgan memorandum esa mazkur aloqalarni yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qiladi.

Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri qo‘lyozmalar, arxiv hujjatlari va tarixiy manbalarni birgalikda o‘rganish, ular asosida ilmiy tadqiqotlar olib borishdan iborat. Shuningdek, arxeologik izlanishlar, muzey ekspozitsiyalarini takomillashtirish, raqamli kolleksiyalar yaratish va zamonaviy mulьtimedia dasturlarini ishlab chiqish masalalari ham istiqboldagi hamkorlik rejalaridan o‘rin olgan.

Ayniqsa, Rossiyalik olim va mutaxassislarning Markaziy Osiyo tarixi, Sharq qo‘lyozmalari, arxeologiya, islomshunoslik va san’at tarixi sohalaridagi ilmiy tajribasi muhim ahamiyatga ega. Ushbu salohiyatdan samarali foydalanish tarixiy manbalarni chuqur tadqiq etish, noyob artefaktlarni ilmiy jihatdan o‘rganish va ularni zamonaviy muzey texnologiyalari orqali keng targ‘ib qilish imkonini beradi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Davlat Ermitaji bilan hamkorlik faqat ko‘rgazma va ilmiy tadbirlar tashkil etish bilan cheklanmaydi. Avvalroq Ermitaj mutaxassislari ko‘magida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida restavratsiya bo‘limi hamda tarixiy artefaktlarni o‘rganish va qayta tiklashga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini tashkil etish masalasi ham ko‘tarilgan edi.

Bunday hamkorlik tashabbuslari O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini chuqur o‘rganish, uni asrab-avaylash va xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, shuningdek, Markazning jahonning nufuzli ilmiy va muzey muassasalari bilan aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.